Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:32

Sud aybdor deb topgan direktor Prezident akademiyasiga o‘qishga yuborildi, nomzodi deputatlikka ko‘rsatildi


O‘zbekiston Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab soxtakorligi kabi jinoyatlarni sodir etganlikda sud tomonidan aybdor, deb topilgan, lekin o‘zlashtirgan pulini to‘lagani uchun jazodan ozod qilingan Jizzax viloyat, Mirzacho‘l tumanidagi Agroiqtisodiyot kasb-hunar kolleji direktori Sherzod Mamatqulov O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasiga o‘qishga yuborildi.

Bundan tashqari kollej direktorining nomzodi Xalq deputatlari Mirzacho‘l tuman kengashi deputatligiga ko‘rsatilgan.

Kollej direktori Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi, uning o‘rinbosari esa boshlig‘i haqidagi savolni eshitishi bilan aloqani uzdi.

Ozodlik 19 noyabr kuni e’lon qilgan “200 000 000 so‘mdan ortiq davlat pulini o‘zlashtirgani uchun sudlangan kollej direktori o‘z vazifasida ishlamoqda” sarlavhali maqolasidan so‘ng Jizzax viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi bu maqolaga munosabat bildirib, jumladan bunday deb yozdi:

Jinoyat kodeksining 167-moddasi, 2-qismi «v,g» bandlari, 205- moddasining 1-qismi va 209-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.


“Sherzod Mamatqulov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab soxtakorligi kabi jinoyatlar nazarda tutilgan moddalari bilan ayblanib, 2019 yil 8 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudida ko‘rib chiqilgan va unga nisbatan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi, 2-qismi «v,g» bandlari, 205- moddasining 1-qismi va 209-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Sherzod Mamatqulov va bosh hisobchi Xudoyor Bolbekov tomonidan zararni qoplash uchun to‘langan 78 million 605 ming so‘m pul Mirzacho‘l tumani moliya bo‘limiga qaytarilgan.

Sud xulosasiga asosan Sh.Mamatqulov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 70-moddasiga asosan jazodan ozod qilingan.

Sherzod Mamatqulovga nisbatan Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudining 2019 yil 8 apreldagi hukmiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Kasb-hunar ta’limi markazining 2019 yil 17 maydagi № 294-k-sonli buyrug‘i bilan “XAYFSAN” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan”.

Boshqarma bayonotining davomida Sherzod Mamatqulov Prezident huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasiga to‘rt oylik o‘qishga yuborilganini ham yozgan.

Prezident huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi tinglovchilari ro‘yxati
Prezident huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi tinglovchilari ro‘yxati

Kollejning sobiq o‘qituvchisi Orif O‘rolovning aytishicha, garchi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Mirzacho‘l tuman departamenti va tuman moliya nazorat boshqarmasi 200 million so‘mdan ortiq kamomadni aniqlagan bo‘lsa-da, lekin sud faqat 78 million 605 ming so‘m pulni undirish haqida qaror chiqargan:

Nima, u prezident akademiyasida davlat pulini o‘zlashtirishning yangi usullarini o‘rganadimi?


“Bitta kambag‘al odam nochorlikdan bitta kalish o‘g‘irlasa sud 2-3 yil berib yuboradi. Sherzod Mamatqulov davlatning yuz millionlab pulini o‘zlashtirsa, bitta hayfsan bilan qutulib ketyapti. Yana bu odam Prezident huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasiga o‘qishga yuborilibdi. Nima, u prezident akademiyasida davlat pulini o‘zlashtirishning yangi usullarini o‘rganadimi? Endi buni qarang, halollikdan uzoq bu odam yana nomzodini tuman kengashiga deputatlikka qo‘yibdi. Bu qanaqa adolat bo‘ldi? Bu qanaqa sud bo‘ldi? Nega sud departament va KRU aniqlagan 200 milliondan ortiq mablag‘ni yo‘qqa chiqardi?”

Litsenziyasidan mahrum bo‘lishidan cho‘chib ismi sir qolishini so‘ragan toshkentlik advokatlardan birining aytishicha, sud bu mulozimga juda yengil jazo qo‘llagan:

Lekin bu yerda korrupsiya aralashganmi yoki tanish-bilishchilikmi, sud juda ham yengil jazo qo‘llagan.


“Sud O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 70-moddasini qo‘llab, ya’ni ijtimoiy xavfliligi yo‘q deb uni jazodan ozod qilgan. 77-moddaga ko‘ra esa, bu modda qo‘llanilgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi. Ko‘ryapsizmi, sudya qanday o‘yin qilyapti. Bu holatda bu odam rahbarlik lavozimida ham ishlashi mumkin, deputat ham bo‘lishga haqqi bor, akademiyada ham o‘qishi mumkin. Aslida esa bu holatda sudya uni aybdor deb topib jazo qo‘llashi, keyin Jinoyat kodeksining 45-moddasi (muayyan huquqdan mahrum qilish)ni qo‘llashi kerak edi. Bu moddaga ko‘ra uni sud uch yilgacha rahbarlik lavozimlarida ishlashdan mahrum qilishi lozim. Lekin bu yerda korrupsiya aralashganmi yoki tanish-bilishchilikmi, sud juda ham yengil jazo qo‘llagan. Prokuratura bu qarorga protest bildirishi kerak edi, lekin bu ishni qilmagan”.

"Mirzacho‘l ovozi" gazetasida berilgan xabarga ko‘ra, Xalq deputatlari Mirzacho‘l tuman kengashi deputatligiga Sherzod Mamatqulovning nomzodi O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasidan, "G‘alaba MFY"dan ko‘rsatilgan.

Deputatlikka nomzodlar ro‘yxati
Deputatlikka nomzodlar ro‘yxati

Kollej direktori Sherzod Mamatqulov Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi, uning o‘rinbosari Sobir Boymatov esa boshlig‘i haqidagi savolni eshitishi bilan aloqani uzdi.

Mirzacho‘l tumani prokuraturasidan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG