Линклар

Шошилинч хабар
28 феврал 2020, Тошкент вақти: 23:08

Olimlar: 120 000 yil oldin iqlim isiganda dengiz sathi hozirgidan 10 metr baland bo‘lgan


Grenlyandiyadagi muz tog‘lari.

O‘tkazilgan so‘nggi ilmiy tadqiqotlar bundan 120 ming yil oldin iqlim isigan davrda dengiz sathi hozirgi ko‘rsatkichlardan 10 metr balandga ko‘tarilganini ko‘rsatdi.

Nature Communications jurnalida chop etilgan ilmiy maqolada yozilishicha, so‘nggi ikki muz davri orasida dengiz sathi ko‘tarilishining asosiy sababchisi Antarktida muzlarining erishi bo‘lgan.

Dengiz sathi ko‘tarilishi iqlim o‘zgarishi tufayli insonlar duchor bo‘ladigan eng muhim muammolarning biri bo‘lib, kerakli choralarni ko‘rish uchun kelajakda dengiz sathi o‘zgarishini to‘g‘ri bashorat qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayni damda Yerda bundan 10 ming yil oldin boshlangan ikki muz davri orasidagi davr davom etmoqda. Ammo so‘nggi 200 yil ichida atmosferaga chiqarilgan issiqlik gazlari iqlim so‘nggi ikki muz davri orasidagi davrga solishtirganda ancha tez va keskin o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Shu sabab olimlar bu safar dengiz sathi so‘nggi iqlim isigan davrdagiga qiyoslaganda ancha ko‘p ko‘tarilishini aytmoqda.

Bundan 125-118 ming yil oldin sodir bo‘lgan ikki muz davri orasida o‘rtacha harorat bugungidan 1℃ yuqoriroq bo‘lgan. Yaqin kelajakda sayyoramizda o‘rtacha harorat yana 1℃ ga ko‘tarilishi kutilmoqda.

Ilmiy maqolada yozilishicha, so‘nggi ikki muz davri orasida dengiz sathi 10 metrga ko‘tarilgani aniqlangan. Avvaliga Antarktidadagi muzliklar, bir necha ming yildan keyin esa Grenlandiya muzliklari eriy boshlagan. Bu davrda dengiz sathi asriga 3 metrga ko‘tarilgan. Solishtirish uchun, so‘nggi 150 yil davomida bu ko‘rsatkich 0,3 metrni tashkil qildi.

Olimlar hisoblariga ko‘ra, 2000 yilga solishtirganda 2100 yilgacha dengiz sathi 70-100 smga ko‘tariladi. Bu hisoblar suvning ko‘tarilishi va pasayishi hamda sun’iy yo‘ldoshlardan olingan ma’lumotlarga tayanadi. Ammo aksar modellarda muz qoyalarining beqarorligi e’tiborga olinmagan. Okeanda qalqib turadigan muz qatlamlari hajmi o‘ta katta bo‘lib ketsa, ular qulab tushadi va natijada yerdagi muzlikning okeanga tushish sur’ati tezlashadi.

Shu sabab so‘nggi tadqiqotda umumiy dengiz sathidagi o‘zgarishlar ko‘rib chiqilgan. Xususan, tadqiqot mualliflari Qizil dengizdagi plankton va dengiz cho‘kindilari asosida dengiz sathidagi o‘zgarishlarni aniqlashgan. So‘ngra Antarktida va Grenlandiyada qayd etilgan suv erish ko‘rsatkichlari bilan birgalikda dengiz sathi qanchalik tez sur’atda ko‘tarilganini hisoblab chiqishgan.

So‘nggi ikki muz davri o‘rtasida o‘rtacha harorat bizda yaqin kelajakda kuzatilishi kutilayotgan haroratga o‘xshash bo‘lgan. Shunday ekan, qutblardagi muzlik qatlamlarining erishi dengiz sathi ko‘tarilishiga biz o‘ylagandan kattaroq ta’sir ko‘rsatadi, deya xulosa qildi tadqiqot mualliflari.

XS
SM
MD
LG