Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:49

AQSh Namoyandalar palatasi Razvedka qo‘mitasi impichment uchun hisobot tayyorladi


Oq uy matbuot kotibi Stefani Grishamning bayonotida Razvedka masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Adam Shiff (suratda) boshchiligida tuzilgan hisobot va o‘tkazilgan tergov natijalari rad etiladi. 
Oq uy matbuot kotibi Stefani Grishamning bayonotida Razvedka masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Adam Shiff (suratda) boshchiligida tuzilgan hisobot va o‘tkazilgan tergov natijalari rad etiladi. 

AQSh Kongressining Demokratlar ko‘pchilik bo‘lgan Namoyandalar palatasining Razvedka masalalari bo‘yicha qo‘mitasi 300 betlik hisobotni tasdiqladi. Unda prezident Donald Tramp chet mamlakat hukumatiga o‘zining siyosiy muxolifi ishini tergov qilishga bosim o‘tkazish bilan xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilgan, degan xulosaga kelindi.

Yopiq tarzda o‘tgan ovoz berish bilan impichment e’lon qilish uchun faktlarni aniqlashtirish bosqichi yakunlandi va hisobot ko‘rib chiqish uchun Namoyandalar palatasining Huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasiga yuborilmoqda.

4 dekabrdan boshlab, Huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘mita hisobotdagi dalillarni o‘rganishga kirishadi hamda impichmentga oid moddalarni tayyorlash yoki prezidentga rasmiy ayblovlar e’lon qilish-qilmaslik to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

“Prezident Donald Tramp siyosiy raqibi, sobiq vitse-prezident Jo Bayden ishi bo‘yicha tergov o‘tkazish uchun Ukrainaga bosim o‘tkazishda xizmat vakolatlaridan foydalangani, 2016 yildagi prezident saylovi kampaniyasiga Rossiya emas, Ukraina aralashgani xususidagi fitna nazariyasi fosh bo‘lgani bilan bog‘liq dalillar aniq, ‒ deyiladi qo‘mita bayonotida. ‒ Ushbu tergovlar 2020 yilda prezidentni qayta saylash maqsadida saylov kampaniyasi vaqtida foydalanish uchun o‘ylab topilgan”.

Namoyandalar palatasi qonun chiqaruvchilari Trampning 25 iyulda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali gaplashganidan oldingi, so‘zlashuv vaqtidagi va undan keyingi voqealarga e’tibor qaratdi.

Tramp Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilishdan oldin Ukrainaga beriladigan 391 millioni AQSh dollarilik harbiy yordamni to‘xtatib turgan, so‘zlashuv vaqtida esa Zelenskiydan boshqa yon berishlar qatori Bayden va o‘g‘li Hanter ishini tergov qilishni ham talab etgan.

Tramp impichment e’lon qilish bo‘yicha tergovni “xomxayol”, Kongress eshituvlarini esa “adolatsiz sud” deb atadi.

Demokratlarning hisoboti ikki qismga bo‘linadi: bittasi Ukraina ishi bo‘yicha “sxema”, ikkinchisi esa “qarshilik ko‘rsatish” deb ataladi.

Hisobotda aytilishicha, “sxema” ma’muriyatning yuqori lavozimli amaldorlari, jumladan, davlat kotibi Mayk Pompeo, lavozimidan ketayotgan energetika vaziri Rik Perri va Oq uy apparati boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Mik Malvanining “ruxsati va ma’qullashi” bilan amalga oshirilgan.

Ikkinchi qismda Tramp ma’muriyati Kongress tergovchilariga talab qilingan minglab sahifalik hujjatlarni bermaganlikda ayblanmoqda. Oq uy ham guvohlar, xususan, Trampning xatti-harakatlaridan bevosita xabardor bo‘lgan kishilar guvohlik berishiga ruxsat etmagan, ularning guvohlik berishiga to‘sqinlik qilgan.

Hisobotda impichment bo‘yicha aniq moddalar keltirilmagan.

Oq uy matbuot kotibi Stefani Grishamning bayonotida Razvedka masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Adam Shiff (Kaliforniyalik demokrat) boshchiligida tuzilgan hisobot va o‘tkazilgan tergov natijalari rad etiladi.

‒ Biryoqlama soxta jarayon so‘nggida na rais Shiff va na demokratlar prezident Donald Tramp biror qonunubuzarlik qilgani haqida hech qanday isbot keltira olmadi, ‒ dedi u.

Tramp bevosita yoki advokati orqali impichment tadbirlarining ikkinchi bosqichida qatnashishni rad etdi.

Namoyandalar palatasi to‘liq tartibda impichmentga oid rasmiy ayblovlar uchun ovoz bergan taqdirda ham, ushbu masala yuzasidan sud majlisi Respublikachilar ko‘pchilikni tashkil etuvchi Senatda o‘tkaziladi. Trampni sudlash va lavozimidan chetlashtirish uchun tadbirda ishtirok etuvchilarining 2/3 ovozi zarur bo‘ladi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG