Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:06

O‘quvchi qiz bosimlarga chidolmay o‘z joniga qasd qildi (4-qism)


6-maktab, Koson tumani
6-maktab, Koson tumani

Qashqadaryo viloyat, Koson tumanidagi 6-maktabning 11-sinf o‘quvchisi 4 dekabr kuni o‘z joniga qasd qilgani to‘g‘risida Ozodlikka xabar qilgan o‘qituvchilarning aytishicha, qizning sumkasidan dori va vidolashuv maktubi topilgan.

Qizning onasi va o‘qituvchilarning iddao qilishicha, maktabga chaqirtirilgan “Tez yordam” vrachlarini direktor ichkariga kiritmagan. Onasi qizini Qarshi shahridagi kasalxonaga olib borib, oshqozonini yuvdirgan.

Sinf rahbari o‘quvchi qizning dori ichganini inkor qilmoqda.

Ozodlik noyabr oyida e’lon qilgan uchta maqolasida, Koson tumani 6-maktab o‘quvchisi N.B. 15 yoshida farzand ko‘rganligi, bu holatni maktab rahbariyati yashirib kelgani, bola boshqa shaxsga noqonuniy berib yuborilgani, tuman IIB balog‘at yoshiga yetmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlikda asosiy aybdorlar qolib, boshqa odamga aybni yuklagani haqida yozgan edi.

Koson tumanidagi 6-maktabning 11- sinf o‘quvchisi N.B. 4 dekabr kuni o‘z joniga qasd qilganini, shu maktabning ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchilaridan biri aytdi:

Direktor do‘xtirlarga bu yolg‘on chaqiruv bo‘lgan deb qaytarib yubordi.


“O‘quvchi qizning mazasi qochib qolganini hamshira qiz uni direktor xonasiga yetaklab olib ketayotganida ko‘rib qoldim. O‘qituvchilar tez yordam chaqiribdi, direktor do‘xtirlarga bu yolg‘on chaqiruv bo‘lgan deb qaytarib yubordi. O‘qituvchilar qizning sumkasini ochib ko‘rishganda unda dorilar va vidolashuv xati chiqibdi. Qiz joniga qasd qilib dori ichgan ekan. Keyin onasi kelib uni duxturga o‘zi olib ketdi”

Ozodlikka o‘qituvchilar rasmga olib yuborgan, Prezident va Respublika Xotin qizlar qo‘mitasiga yozilgan N.B.ning vidolashuv xatida jumladan bunday deyilgan:

Dunyoni yuqoridagilarga sovg‘a qilib ketmoqchiman.


“Men yosh boshimda bir emas, bir necha marotaba aldanish taqdirimda bor ekan deb yashab keldim. Ammo tuman rahbarlari o‘z mansabi yo‘lida takror-takror tuhmatlar, bo‘htonlar qilib o‘z jonimga qasd qilishimga majbur qilishdi. Shu sababdan meni deb aybsiz aybdorlar jazolanib, ayb qilganlar bir chetda tomoshabin bo‘lib qolmoqda. Tuman IIB tergovchisi Nodir Murodov boshchiligida yolg‘on ma’lumotlar ostida direktorimiz O.Davronova bilan menga tuhmat-bo‘hton uyushtirib, tazyiq holatlarga keltirib tashladi. Direktor O.Davronova kabi mansabi uchun yolg‘onlar ostida.... dunyoni yuqoridagilarga sovg‘a qilib ketmoqchiman”

Vidolashuv xatini N.B. “bu shikoyatni o‘qiyotganingizda men bo‘lmayman” deb tugatgan.

O‘quvchi qizning yozgan vidolashuv maktubi
O‘quvchi qizning yozgan vidolashuv maktubi
O‘quvchi qizning yozgan vidolashuv maktubi
O‘quvchi qizning yozgan vidolashuv maktubi

Qizning onasi Nazokat Ravshanovaning Ozodlikka aytishicha, u maktabga yetib kelganida qizini topa olmagan:

Davronovaning xonasida qizim ranglari oqarib, og‘zining bir tomoni qiyshayib qolibdi.


- Maktabga borsam direktor Ozoda Davronova qizimni menga ko‘rsatishmadi, poliklinikaga olib ketishgan dedi. Keyin men mahalla komitetiga borib, uchastkavoyni ham chaqirtirdim. Keyin yana maktabga keldim. Davronovaning xonasida qizim ranglari oqarib, og‘zining bir tomoni qiyshayib qolibdi. Hushsizdek bo‘lib menga yopishdi. Hamshira ham, direktor ham, sinf rahbari ham, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Soyib Davedov ham o‘sha yerda edi”.

Nazokat Ravshanovaning aytishicha, qiziga tibbiy yordam ko‘rsatilmagani uchun uning o‘zi kasalxonaga olib ketgan:

- Uchastkavoyni mashinasida qizimni poliklinikaga olib keldim. Uchastkavoy tushirdiyu, qaytib ketdi. Poliklinikaga kirsam, bugun ularning bayrami ekanmi, farroshdan boshqa hech kim yo‘q. Keyin qizimni olib, Qarshidagi kasalxonaga olib ketdim. U yerda qizimni oshqozonini yuvishdi, ukol qildi. Bir-ikki soatdan keyin qizim sal o‘ziga keldi va qaytib uyga keldik.

N.B.ni mashinasida poliklinikaga olib borgan uchastka noziri yordamchisi Shuhrat Mamanazarov o‘quvchi qiz haqida so‘rashimiz bilan aloqani uzib qo‘ydi.​

O‘quvchi qizning sumkasidan topilgan dorilar
O‘quvchi qizning sumkasidan topilgan dorilar

N.B. o‘z joniga qasd qilishiga nima sabab bo‘lganini Ozodlikka aytar ekan, yig‘lab bunday dedi:

Direktor menga qo‘llarini musht qilib, nimaga dori ichasan, meni ishdan ketkazmoqchimisan deb baqirdi.


- Tergovchi Nodir Murodov faqat meni so‘raydi. Kundaliklarimni, daftarlarimni sinf rahbarim olib chiqib ketadi. Faqat seni orqangdan yuramanmi, deb menga baqiradi. Hayotdan to‘yib ketdim. Ayamning dorilarini maktabga olib kelib ichdim. Darsda yarim soatdan keyin boshimni ko‘tarolmay qoldim. Keyin hamshirani chaqirishdi. Bir vaqt qarasam direktorning xonasida yotgan ekanman, qanday olib kelishganini bilmayman. Direktor menga qo‘llarini musht qilib, nimaga dori ichasan, meni ishdan ketkazmoqchimisan deb baqirdi. Yotganimda xalq ta’limi mudiri keldi. U kimgadir hokim bova deb telefon qildi, hech qaerga chiqarmanglar, ovozi chiqmasin degan ovozlar qulog‘imga chalindi. Xatni esa kecha uyda hamma uxlab qolganidan keyin yozgan edim. Nodir Murodov hadeb menga tuhmat qilaveradi, tinchlik bermaydi, jonimdan to‘yib ketdim.

Bu oilaga oid Ozodlik xabaridan keyin Daryo.uz sayti muxbiri surishtiruv o‘tkazib, ichki ishlar bo‘limi tergovchisi Nodir Murodov bilan suhbatlashgan va tergovchi qiz bilan uchta shaxs jinsiy aloqa qilganligi va A.J. bolaning biologik otasi ekanligini aytgan edi.

Ammo N.B. uni faqat bir kishi, ya’ni qo‘shnisi B.B. zo‘rlagani, lekin uning pochchasi hokimlikda ishlagani uchun rasmiylar bu ishni birovga to‘nkab, asossiz ravishda jinoyat ishini yopganligini da’vo qilib keladi.

N.B. fikricha, tergovchi uni asossiz ravishda uch shaxs bilan jinsiy aloqa qilgan deb matbuotga ma’lumot berib, sha’nu-qadrini yakson qilgan.

Ozodlik IIB tergovchisi Nodir Murodov bilan bog‘lana olmadi.

Koson tuman ichki ishlar bo‘limi navbatchisi o‘z joniga qasd qilish bo‘yicha 4 avgust kuni xabar tushmaganini aytdi.

6-maktab direktori Ozoda Davronova Ozodlikning qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

O‘quvchi qiz sinf rahbari Mohira Jonquvvatova o‘quvchi qizning dori ichganini inkor qildi va tergovchi tomonidan uning kundaliklari so‘ralganini tasdiqladi.

O‘quvchi qizning dori ichganini inkor qilgan Mohira Jonquvvatova Koson tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri 4 dekabr kuni shu voqea munosabati bilan maktabga chaqirtirilganini aytdi.

Ammo Koson tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Soyib Davidov Ozodlikning, “bugun 6-maktabda bir voqea bo‘lgan ekan” degan savolini eshitishi bilanoq, mudir “nima voqea ekan” deb so‘rash o‘rniga birdaniga “hech qanday voqea bo‘lmagan”, dedi.

“O‘qituvchilar sizni maktabda, direktor xonasida ko‘rganini aytishdiku”, degan ikkinchi savolga, Soyib Davidov “men bugun 6-maktabga borganim yo‘q”, deb javob berdi-da aloqani uzib qo‘ydi.

XS
SM
MD
LG