Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 10:03

OzodDayjest: Senator Safoyev hukumat uzoq muddatli strategiyasiz faoliyat yuritayotganini tanqid qildi


Senator Sodiq Safoyev (o‘rtada).
Senator Sodiq Safoyev (o‘rtada).

O‘zbekistonda davlat mansabi boylik orttirishning asosiy manbai bo‘lib qolmoqda. Senator Sodiq Safoyev konseptual nuqtai nazarga ega bo‘lmagan hukumat faoliyatini tanqid qildi. O‘zbekistonga og‘ir kasalliklarga olib keluvchi palma yog‘i importini butunlay taqiqlash taklif qilindi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

________________________________________________

Korrupsiyaga qarshi kurashda so‘zbozlikdan amaliy ishga o‘tish tavsiya etildi


O‘zbekistonda oxirgi yillarda korrupsiyaga qarshi kurash borasida deklarativ va formal chiqishlar hamda maishiy darajada poraxo‘rlikka qarshi olib borilayotgan ko‘rgazmali harakatlarni inobatga olmasa, tuzukroq o‘zgarish bo‘lgani yo‘q, deb yozadi Telegramdagi Davletov.uz kanali.

“Davlat amaldorlari va ularning qarindoshlari daromadlari va mol-mulklarini majburiy deklaratsiyalash va OAVda e’lon qilinishi yuz berdimi? Yo‘q. Davlat amali boyishning eng asosiy manbailigicha qolmoqda. Yirik xaridlarni faqat bank hisobvaraqlari orqali amalga oshirish mexanizmi amalga oshdimi? Yo‘q. Aynan naqdliklar hisobiga amalga oshirilayotgan yirik xaridlar (uy-joy, avto, ulushlar) noqonuniy jamg‘arilgan pul yuvishning primitiv vositasi sifatida qolmoqda.

Yirik davlat kompaniyalari (afsuski, ularning aksari aksiyadorlik jamiyati ham emas) va fondlarning moliyaviy ochiqligi va shaffofligi yo‘lga qo‘yildimi? Yo‘q. Aynan yirik davlat kompaniyalari va fondlar otkatlar, samarasiz xaridlar va loyihalarning manbai bo‘lib qolmoqda”, deb yozadi bloger.

Muallif vaziyatni o‘nglash uchun deklaratsiyalardan amaliy harakatlarga o‘tish kerakligini ta’kidlagan.

Senator hukumat uzoq muddatli strategiyasiz faoliyat yuritayotganidan norozi


O‘zbekiston hukumati konseptual nuqtai nazarga ega emas, ijroiya tizimi vakillari har kuni 20 soatlab ishlayapti, lekin bu harakatlarning zamirida uzoq muddatli strategiya yo‘q, deb hisoblaydi Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev (www.kun.uz, 7 dekabr).

Londondagi tashkil qilingan anjumanda so‘zlagan S.Safoyev hukumat tizimini zamonaviy jamiyat talablariga mos tarzda o‘zgartirish zarurligini qayd etgan.

“Yangi siyosat, yangi maqsadlarni eski tizim bilan hayotga tatbiq etib bo‘lmaydi. Tizimni o‘zgartirish kerak. Misol uchun, nega biz hali hamon haqiqiy xususiylashtirishni amalga oshira olmayapmiz? Nega bank tizimimizning 84 foizi davlatga tegishli bo‘lib qolmoqda? Nega monopoliyalar buncha ko‘p? Yirik korxonalarni xususiylashtirish masalasi nima bo‘lyapti?” deya savol qo‘ygan Senat raisi o‘rinbosari.

O‘zbekistonga palma yog‘i olib kirishni butunlay taqiqlash taklif etilmoqda


O‘zbekistonga palma yog‘ini olib kirishni butkul taqiqlash taklif etilmoqda (“Darakchi”, 12 dekabr). Tahlillarga ko‘ra, oxirgi uch yilda O‘zbekistonga o‘rtacha 50 ming tonnadan palma yog‘i olib kirilgan bo‘lsa, joriy yil yanvar-may oylarining o‘zida 31 ming tonnadan ortiq palma yog‘i import qilingan. Bu esa mazkur mahsulot importi keskin o‘sganini ko‘rsatmoqda.

Palma yog‘i boshqa barcha yog‘lardan arzonligi sabab keng foydalaniladi. Qayd etilishicha, palma yog‘ining muntazam, oz miqdorda iste’mol qilinishi ham og‘ir kasalliklarga, jumladan, ateroskleroz, gipertoniya, insult va hatto saratonga olib keladi.

Oliy Majlis deputatlari ushbu masalani yanada chuqur o‘rganish, xorijiy mamlakatlarning bu boradagi tajribasini tahlil qilish maqsadida ishchi guruh tuzish hamda joylarda nazorat tadbirlarini amalga oshirish lozim, deb hisoblaydi.

XS
SM
MD
LG