Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2020, Тошкент вақти: 16:01

Musiqashunos professor: «Lazgi» urushdagi jangchilar raqsi


OzodMaktub ruknida taniqli san’atshunos olim¸ hozirda Turkiyadagi Ardaxan universitetining Nafis san’atlar fakulteti professori¸ musiqashunos Botir Matyoqubov mulohazalari taqdim etiladi.

Professor «Xorazm Lazgi raqsi»ning YuNESKO Insoniyat nomoddiy merosining Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilishiga munosabat bildirdi.

E’tiboringizga havola qilinayotgan quyidagi matn tahrirsiz, muallif imlosi va stilistikasini saqlagan holda berilmoqda.

****************************

"Lazgi"ning UNESCO tashkiloti tomonidan jahon nomoddiy madaniy merosi muhofazasiga olinganligi to‘g‘risidagi xabarni Turkiyada turib eshitdim va barchani chin qalbdan muborakbod etaman.

Bu umriboqiy asar to‘g‘risida bilganlarimni Siz Ozodlikdagi azizlar bilan o‘rtoqlashishga jazm etdim.

«Lazgi» kalimasi lug‘aviy ma’nosi (men bilgan barcha so‘zlik va ensiklopediyalarda yo‘q) aniqlanmadi. Ardaxan (Turkiya) universiteti professorlari Erdo‘g‘on Oltinqaynoq¸ Zuxriddin Mamadli¸ Farrux Erdo‘g‘on kabi olimlar bu borada tadqiqot o‘tkazib «Lazgi» kalimasining aniq kelib chiqish tarixini aniqlay olishmadi. Ammo bu olimlar «Lazgi»ning qadimiy Lazgiston diyori erkaklarning jangovor raqsi ekanligini aniqlashdi. Bu olimlar qo‘lida 6/8 taktli jang raqsi ekanliga oid dalillar bor.

Bu raqsni eslatadigan ritual va o‘yinlar Kavkaz xalqlarida mavjud.

Xorazmlik marhum musiqashunos Sofiya Sobirovaning “Yoshlik” jurnalida 1983 yili chop qilingan “Lazgi” maqolasida “Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdining askarlari Kavkaz yurishlaridan birida mehtarlar (musiqa rotasi -taxr) ijrosida "Lazgi" jangovar raqsi chalib jangchilar o‘yinga tushganligi” haqida ma’lumotlar bor.

Xorazm xoni va ulug‘ tarixchi Abulg‘ozi Baxodirxonning (1644-1663 ) «Shajaraiy Turk» kitobida mana bu jumla bor

Men tug‘ilmasimdan yuz yil oldin Orol va Xazor (Kaspiy) dengizlari birlashgan bölib, Xorazm va Shirvon mamlakatlari orasida suv yo‘li orqali bordi-keldi rivojlangan erkan”.

Bu dalilga tayanadigan bo‘lsak¸ xorazmcha “Ganji Qorabog‘”, “Orazibon”, “Lazgi” kabi kuy va raqslar, tor, soz (garmon), santur, bulamon, zang, daf kabi cholg‘ular hamda joy nomlari kelib chiqishining tub sabablaridan biri sifatida Xorazm va Kavkaz xalqlarining tarixiy uzoq va madaniy yaqin aloqalarini tasavvur qilishimiz mumkin.

Musiqiy o‘lchov va usullarda 6/8 o‘lchovi barcha xalqlarda raqsbop va jo‘shqin bo‘lib, bu usulga “Gul ufori”, Xorazmda xalq tilida “Tandira kasak”, Buxoroda “Chilligi yoki Chillaki”, Toshkent-Farg‘onada “Umbalaqidon-Laqqalaqidon” kabi iboralar bilan yuritiladi.

"Lazgi"ni (ayniqsa "Surnay lazgisi"ni) musiqiy motivlari hijjalab tahlil qilinsa juda qadimiy Xusravoniy yani qadimgi musiqashunos Barbad davridagi raqs kuylari “Mavrigiy”larning ba’zi qismlariga mengzaydi.

Xorazmda "Lazgi"ning turli xillari mavjud bo‘lib¸ eng qadimgilari "Surnay lazgi", "Dutor lazgi", "Qayroq lazgi"laridir. Ulardan keyingilari "Changak lazgi", "Garmon lazgi"¸ "Bodya (tovoq) lazgi" va boshqalaridir.

Eskidan lazgilar asosan cholg‘ularda chalinadigan raqs kuylari bo‘lib¸ ularga so‘z solib o‘qilmagan. Ammo XX asrning 30-yillariga kelib¸ xalq she’rlariga solib kuylanganligi kuzatiladi.

Mang‘itli Tursun baxshining axborot berishicha¸ Otaq daqa-daq degan doirachi o‘z davrida to‘y va ziyofatlarda oldin “Lazgi afsonasi”ni so‘zlab keyin “Jon tana gir” radifli sheʹr bilan kuylab yurgan.

Undan keyin 1950 yillargacha garmonchi Xo‘ja Otajonov-Xo‘ja ko‘r (Ortiq Otajonovning doirachisi Qadam Xo‘janing otasi) “Shobboz qovun to‘rlama, Gurlan yo‘lin yo‘llama, uyingizga bir galdik, uka bizni xo‘rlama” radifli she’r bilan kuylab yurgan.

Shu davrdan boshlab Komiljon Otaniyozov Komil Xorazmiyning “Kimni sevar yorisan” muxammasiga solib kuylagan "Lazgi"si butun O‘rta Osiyoda shinavandalar qalbidan chuqur joy oldi.

"Lazgi"ning ushbu o‘lmas namunasidan so‘ngra ko‘pchilik ijodkorlar bu asarning yangi namunalarini yaratishga bel bog‘ladilar.

Bular: Kompozitor Abdusharif Otajonov tomonidan yaratilgan va Matyoqub Rahimov betakror ijro qilgan “Dilbarni ko‘ring qomati zebosiga loyiq” radifli lazgi, Otajon Xudoyshukurov yaratgan “Parang ro‘mol boshinda¸ o‘zi o‘n besh yoshinda” she’riga aytiladigan lazgi. Olmaxon Hayitova yaratgan “O‘ynoli” lazgi, Xivali Bekjon Jumaniyozov lazgisi, Ortiq Otajonov tomonidan ijod qilingan “Xorazmning lazgisiga”, Bobomurod Hamdamov lazgisi, Rahmatjon Qurbonov tomonidan lazgilar asosida ijod qilingan “Xivaki” lazgisi, shuningdek O‘zbekistonning boshqa viloyat va shaharlarida xonandalar tomonidan ham lazgilar yartilgan. Kamoliddin Rahimovning “Namangan lazgisi” G‘ulomjon Yoqubov lazgisi, Ilhom Farmonov lazgisi shular jumlasidandir.

«Lazgi» nomli jo‘shqin raqsbop asariga hali juda ko‘p xonanda va sozandalar qo‘l urajak. Ushbu sarchashmadan ilhomlanib yangi ijod namunalari yaratilajak!

Ardaxan (Turkiya) Universiteti¸

Nafis san’atlar fakulteti professori Botir Matyoqubov.

XS
SM
MD
LG