Линклар

Шошилинч хабар
26 феврал 2020, Тошкент вақти: 00:57

Yerga tahdid qilayotgan ekohalokat Orol misolida ko‘rsatilgan film o‘zbek tiliga o‘girildi


Qurib qolgan Orolda chirib yotgan kema

Toshkentlik ikki faol, bloger va tadbirkor Nurbek Alimov va ovoz rejissyori Furqat Usmonov dunyoda shov-shuvlarga sabab bo‘lgan «Uy» filmini o‘zbek tiliga dublyaj qilishdi. Taniqli bloger va tadbirkor Alimovning Ozodlikka bildirishicha¸ film dublyajiga ketgan harajatlarni o‘zlari ko‘targan.

- Biz buni uddaladik! Do‘stim Furqat Usmonov bilan «Uy» filmini tarjima va dublyajini yakunladik! Oldin ushbu filmning egasi Goodplanet Fondation rahbari Jaklin Goffard xonimga xat yubordik, Goffard honim esa bizning bu beg‘araz ishimizni olqishlagan holda bizga filmning original (kadr ortidagi ovozsiz) nusxasini jo‘natdi. Tez kunlarda Yutyubda ularning rasmiy kanalida dunyoning xalqaro 6 tili qatorida 7- chisi bo‘lib film o‘zbek tilida e’lon qilinadi.

Film dublyajini amalga oshirgan ovoz rejissyori Furqat Usmonov Ozodlik bilan suhbatda bu kinoning "o‘zbekcha gapirishiga" hissa qo‘shganidan mamnunligini aytarkan, bunday dedi:

- Prodyuser Lyuk Besson va rejissyor Yan Artyus-Bertran tomonidan ishlangan “Uy” filmi tabiat muhofazasiga bag‘ishlangan. Film global iqlim o‘zgarishlari, Yer sayyorasining qisqacha tarixidan tortib hozirgi kunda insoniyat oldida turgan jiddiy ekologik muammolar, global iqlim o‘zgarishlarini o‘z ichiga oladi.

Asosiy mujda - Yer kurrasini asra!

Ayni paytda Furqat Usmonov kinodagi asosiy mujda «bir qator davlatlarning tabiat resurlariga nisbatan olib borayotgan noto‘g‘ri siyosati» haqida ekanligini ta’kidladi.

- Shu kunda “Uy” 36 ta davlatda taqiqlangan. Bu davlatlar ro‘yxatiga Xitoy, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Argentina, Qozog‘iston, Nigeriya, Senegal va yana bir qator davlatlar kiradi. Tasvirga olish jarayoni 18 oy davom etgan. Cineflex kamerasida vertolyotlar yordamida ishlagan suratga olish guruhi 53 ta davlatda bo‘lgan. Ta’kidlash joizki, Xitoy va Saudiya Arabistonida havodan tasvirga olishga mazkur davlatlar hukumatlari ruxsat berishmagan. Hindistonda olingan materiallarning yarmi konfiskatsiya qilingan. Argentinada esa suratga olish guruhi bir hafta qamoqxonada saqlangan.

Filmni Qozog‘istonda nega taqiqlashdi?

Bu savolga javob bergan Furqat Usmonovning aytishicha, «bolalarni paxtaga majburan olib» chiqqan Qozog‘iston hukumati filmda tanqid qilingan:

- “Uy.” filmida Qozog‘iston bilan bog‘liq qiziqarli bir epizod mavjud. Unda muallif Qozog‘istonning paxta siyosatini keskin tanqid qilgan. Jumladan, Qozog‘iston manzaralari ko‘rsatilganda, maktablar yopilib, maktab bolalari paxta dalalariga majburan olib chiqilayotgani haqida so‘z boradi. Tabiiyki, bu holat qozog‘istonliklarga yoqmadi va film taqiqqa uchradi.

Film tanqidchilari fikricha, "Uy"ning mualliflari shu masalada noaniqlikka yo‘l qo‘ygan.

Boshqa davlatlarda nega taqiqlandi?

Furqat Usmonov filmning ko‘pchilik davlatlarda taqiqlanganini bunday izohladi:

-“Uy”ning 36 ta davlatda taqiqlangani sababi shundaki, film ushbu davlatlarning tabiatga, tabiat resurslariga, ekologiya muammolari va iqlim o‘zgarishlariga nisbatan olib borayotgan siyosatini jiddiy tanqid qilgan. Davlatlarni tabiatga nisbatan olib borayotgan siyosati qanday halokatlarga olib kelgani va kelajakda olib kelishi mumkinligini dalillar, raqamlar va tasvirlar bilan yaqqol ko‘rsatib bergan. Shu o‘rinda qayd etib o‘tmoqchimanki, “Uy” filmmining yana bir qismi ham bor - “Uy. Sayohat tarixi” deb nomlanadi. “Uy. Sayohat tarixi” bu film haqidagi filmdir. Rejissyor Yann Artyus-Bertran filmni tasvirga olish ishlarida qanday manzaralarni ko‘rgani, qanday muammolarga duch kelgani va qanday to‘siqlarni yengib o‘tgani haqida hikoya qilgan.

Furqat Usmonov kino haqida kino bo‘lgan “Uy. Sayohat tarixi” filmi dublyaji rejalanganligini bildirdi:

- Tomoshabinlarimiz uchun dastavval “Uy” filmining o‘zini o‘zbek tiliga o‘girdik. Agarda unga bo‘lgan qiziqish yaxshi natija bersa, film haqidagi film bo‘lmish “Uy. Sayohat tarixi”ni ham o‘zbek tiliga dublyaj qilishni o‘ylab qo‘yganmiz.

Film O‘zbekistonda taqiqlanmagan

«O‘zbekkino» davlat aksiyadorlik shirkatining ismini aytmagan xodimi prodyuser Lyuk Besson va rejissyor Yan Artyus-Bertran tomonidan ishlangan “Uy” filmi O‘zbekistonda taqiqlanmaganligini aytdi.

- Bu film namoyishi taqiqlangan filmlar ro‘yxatida yo‘q. Hech kim bu film ustidan shikoyat ham qilmagan. Kinoteatrda namoyish qilish uchun izn ham so‘ramagan.

Tafakkurni o‘zgartiradigan film

Filmni tomosha qilgan 26 yashar toshkentlik Azizbekning aytishicha¸ asar boshqa shu kabi kinolardan butkul farq qiladi:

- Biz choy ichamiz¸ paxtadan kiyim kiyamiz yoki asosi neft bo‘lgan minglab plastik ashyolarni qo‘llanar ekanmiz pirovardida dunyo ekologiyasiga katta zarar yetkazayotganimizni shu film orqali teran anglaymiz. Ayniqsa, paxta bois dunyodagi eng katta to‘rtta ko‘ldan biri bo‘lgan Orol qurigani haqida filmda yaqqol ko‘rsatilgan. Men bu filmni ingliz tilida ko‘rdim¸ tengdoshlarim uchun o‘zbek tilida ko‘rish imkoni paydo bo‘lganini olqishlayman¸ - dedi suhbatdosh.

Eng qimmat hujjatli film

O‘zbekistonlik me’mor va san’atshunos Abdumalik Turdiyevning Ozodlikka bildirishicha, "Uy" dunyo kinematgrafiya tarixidagi eng qimmat xujjatli filmdir:

- Film byudjeti 10 million yevro. Film taqdimotini ham misli ko‘rilmagan deb aytgan bo‘lardim. Bugun o‘zbek tilida tomoshabinlarga taqdim qilingan kino 2009 yilning 5 iyunida atrof-muxitni himoya qilish xalqaro kunida bir vaqtning o‘zida London¸ Parij¸ Tokio¸ Berlin¸ Nyu-York va Moskva kinoteatrlarida namoyish qilindi. Kino ijodkorlari bu filmni barchaga, shu jumladan 60 ta yetakchi telekanalga tekinga berishdi. Maqsad odamlarni ekohalokatdan ogoh qilish. Oradan 10 yil o‘tib bo‘lsa ham bu film o‘zbek tilida chiqqanligini olqishlayman. Chunki ekologik muammo dolzarbligi kun sayin oshib boradigan mavzu.

Raqamlardagi dahshat

Abdumalik Turdiyev filmda aks ettirilgan mavzu tafsilot va raqamlarga boy ekanligini aytadi:

- Dunyo jonzotlarining 20 foizini tashkil qilgan insonlar planetaning 80 foiz resursini iste’mol qiladi. Inson komforti uchun yiliga 13 million gektar o‘rmon yo‘q bo‘ladi. Ko‘llar quriydi¸ daryolarga neft to‘kiladi¸ Xar yili 5 ming odam iflos suv ichish oqibatida o‘ladi. Bir milliard odam toza ichimlik suv ichishdan mahrum. Dunyodagi ekin ekiladigan yerlarning 40 foizi gerbitsidlar bois yaroqsiz xolga kelgan. Dunyoda yetishtirilgan g‘allaning 50 foizi bioyoqilg‘i va mol yemi sifatida ishlatiladi. Dunyo havzalardagi baliqlarning 75 foizi yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Qushlar va hayvonlarning noyob turlari qirib tashlandi. Men bir necha jumlaga joylaganim bu dahshatli ma’lumotlar kinoda qush uchadigan balandlikdan turib olingan tasvir fonida o‘ta hissiyotli hikoya qilinadi. Taniqli kinochi Elem Klimovning «Bor va ko‘r» (Idi i smotri) degan kinosiga o‘xshaydi bu film. Farqi shundaki¸ Klimov fashizmni fosh qilsa, rejisser Yan Artyus-Bertran ekologik ofatni fosh qiladi.

«Uy» filmini o‘zbek tiliga dublyaj qilgan ikki faol Nurbek Alimov va Furqat Usmonov bundan oldin rus blogeri Dud suratga olgan «Kolima – qo‘rquvlarimiz vatani» filmini o‘zbek tiliga ko‘ngilli tarzda o‘girgan edi.

XS
SM
MD
LG