Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:04

Chetda sotib olingan telefonlarni pullik qaydga olish boshlandi. “Malika” bozorida yana reyd


"Malika" bozori
"Malika" bozori

Toshkentdagi “Malika” bozorida chetdan yakka tartibda olib kelingan telefonlar savdosi bilan shug‘ullanadiganlarni o‘tgan haftadan DXX xodimlari taftish qila boshladi.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan savdogarlarga ko‘ra¸ tekshiruvlar davomida 10 ga yaqin savdogar va dasturchi DXX Tergov izolyatoriga olib ketilgan, so‘roq davomida ulardan o‘zlarini import telefon bilan ta’minlayotgan shaxslar nomini ochiqlash talab qilingan.

Ozodlik suhbatdoshlari bu amaliyotga xorijda yakka tartibda sotib olingan telefonlarni rasmiy qaydga olishi shart qilingan UZIMEI tizimining bevosita aloqasi borligini iddao qildi.

Ozodlik UZIMEI - "O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish Respublika markazi" davlat unitar korxonasi rasmiylaridan bu iddao xususida izoh olishga muvaffaq bo‘lmadi.

DXX hozirga qadar jamoatchilik va matbuot uchun yopiq tizim bo‘lib qolayotgani bois¸ (xizmatning na rasmiy sayti¸ na matbuot xizmati bor) bu idoradan tadbirkorlar iddaosiga aniqlik kiritishni so‘rash imkoni yo‘q.

“Malika” texnoparkidagi savdogarlar fikricha¸ xorijdan yakka tartibda olib kirayotgan mobil telefonlarni 1 dekabrdan pullik registratsiyadan o‘tkazishning shart qilinishi va DXXning reyd o‘tkazishi telefon bozorining monopoliya qilinayotgani belgisidir.

“Malika” bozoridagi taftish

Aksar o‘zbekistonliklarga maishiy texnika vositalari¸ xususan¸ mobil telefonlar bozori sifatida tanilgan “Malika” savdo kompleksidagi reydlar¸ Ozodlikka xabar yo‘llagan savdogarlarga ko‘ra¸ 8 dekabrdan boshlangan.

Savdogar va programmistlarni sobiq SNB¸ hozirgi DXX Gvardeyskayaga olib ketib¸ 3 kunlab so‘roq qilmoqda. Chet elga chiqqanlarning uyiga ROVD telefon qilib¸ chetdan telefon opkelganmisiz¸ deb chaqirayapti. Chetdan opkelgan telefonini UZIMEI da onlayn registratsiya qilganlarni tergovga tortmoqda. Hozir “Malika”da hamma qo‘rquvda”¸ dedi Ozodlikka xabar yo‘llagan savdogarlardan biri.

Ozodlik xabarchisi¸ kamida o‘zi bilgan o‘nga yaqin odamning so‘roqqa olib ketilganini ta’kidladi.

Xorijda sotib olingan telefonlarni majburiy qayddan o‘tkazish tartibi kuchga kirdi

Joriy yilning 1 noyabridan boshlab¸ o‘zbekistonliklar chet eldan o‘zi yoki yaqinlariga sotib olgan mobil telefonini UZIMEI tizimi orqali 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tkazishi shart qilib belgilandi.

Aks holda¸ bunday telefon mahalliy operator xizmatidan foydalana olmaydi.

Bu haqda Bosh vazir Abdulla Aripov bir emas¸ bir nechta qaror chiqargan.

Xususan¸ 2019 yilning 19 sentabr kuni chiqarilgan 778-sonli qarorda O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodlari bo‘yicha ro‘yxatga olish buyurilgan.

1 noyabrgacha chet elda sotib olingan mobil telefonlarni mahalliy operatorga ulash (aktivlashtirish) bepul bo‘lgan bo‘lsa¸ 1 dekabrdan boshlab buning uchun 44 600 so‘mlik to‘lov joriy qilindi.

"Normal davlatlarda uchramaydigan amaliyot"

Ozodlik gaplashgan kommunikatsiya texnologiyalari mutaxassisi¸ chetdan olib kirilgan mobil telefonlarning davlat tomonidan pulli registratsiya qilinishini "normal davlatlarda uchramaydigan amaliyot" deb atadi.

Ayni paytda¸ Rossiya, Belarus, Ozarbayjon¸ Qozog‘iston va Tojikistonda ham "jinoyatchilikka qarshi kurash" iddaosi bilan chetda sotib olingan telefonlar IMEI (International Mobile Equipment Identity -mobil qurilmaning xalqaro identifikatori) kodini registratsiyadan o‘tkazish tartibi joriy qilingan.

Yangi tartib va reyd

Savdogarlar izohicha¸ har bir o‘zbekistonlik¸ amaldagi cheklovga ko‘ra¸ uzoq xorijdan har 6 oyda chetdan bir dona telefon olib kirishga haqli.

Ana shular bizga sotib ketadi va biz bu telefonlarni sotamiz. Registratsiya sharti qo‘yilgandan keyin¸ ana shu telefonlarni UZIMEIdan onlayn ro‘yxatga o‘tkazish boshlandi. Buning uchun chet eldan kirgan telefonning IMEI ​ kodi¸ olib kelgan odamning pasport seriya va raqamlari va SMS yuborish uchun telefon raqami kerak. Programmistlar 10-15 ta telefon registratsiyasiga bitta nomerni bergan¸ ana shularni “san rastamojka qilmasdan ko‘p miqdorda telefon opkirgansan”¸ deb so‘roq qilayapti. Ularning ba’zilarini uyidan¸ ba’zilarini ishidan opketgan”¸ deydi Ozodlik gaplashgan tadbirkorlardan biri.

Bu suhbatdosh iddaosicha¸ ayni bitta telefon nomeriga o‘nlab yangi telefonning registratsiya qilingani haqidagi ma’lumot faqat UZIMEI ixtiyorida bor.

Bu informatsiyani DXXga kim bergan – albatta UZIMEI. Chunki boshqa hech kimda yo‘q bu ma’lumot. UZIMEI saytida chetdan kirgan yangi telefonni registratsiya qilish uchun bitta nomerdan foydalanmanglar¸ deb yozilmagan. Bundan chiqadi¸ ular ataylab shunday qopqon qo‘yib¸ telefon sotuvchilarni qo‘lga tushirayapti”¸ deydi “Malika” bozorida telefon savdosi bilan shug‘ullanuvchilardan biri.

“Malika”dagilar nega bittalab telefon sotib olib¸ uni qayta sotadi?

Tadbirkorlarga ko‘ra¸ chetdan olib kiriladigan mobil telefonlarga bazaviy qiymatdan 15 foizdan kam bo‘lmagan boj solig‘i joriy etilgan.

Deylik¸ iPhone X ni 620 dollarga oldik¸ lekin bojxonachilar uning bazaviy narxini 900 dollar deydida¸ shundan 15 foiz boj chiqaradi. 620 dollarlik telefonning olib kirish narxi 755 ga aylanadi. Bu mindirilgan narxlar yana xaridor-xalq bo‘yniga tushayapti. Shuning uchun chetga chiqqanlardan bojsiz olib kirilgan telefonlarni bittalab olish arzonroqqa tushadi”.

Hukumat mobil telefonlarni registratsiya qilish talabini qanday izohladi?

Chetdan olib kirilgan telefonlarni majburiy registratsiyadan o‘tkazish va buning uchun to‘lov joriy qilish amaliyotidan ko‘zlangan maqsad¸ hukumat qarorida iddao qilinishicha:

sifatsiz, inson sog‘lig‘iga zarar keltiradigan va respublika hududiga noqonuniy yo‘l bilan olib kirilgan qurilmalar savdosining oldini olish;

mobil qurilma yo‘qolib qolgan yoki o‘g‘irlangan holatda uning qidiruv ishlarini tezkor amalga oshirish;

mobil gadjetlarni qo‘llagan holda sodir etiladigan jinoyatlarni samarali va tezkor fosh etish;

O‘zbekiston telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish”dan iborat.

Ozodlik gaplashgan tadbirkorlar esa¸ UZIMEI tizimining joriy qilinishi ortida xavfsizlik borasidagi xavotirlardan ko‘ra ko‘proq qudratli monopolistlar manfaati turganini iddao qiladi.

Xususan¸ ular Vazirlar Mahkamasining 778-sonli qarori lobbichisi sifatida maishiy texnika jihozlari ishlab chiqaruvchi Artel shirkatini tilga oldi.

Bu va boshqa o‘nlab elektronika jihozlari ishlab chiqarishini iddao qiluvchi yana o‘nlab shirkat egasi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevdir.

“O‘zbekiston ichkarisida mobil telefon chiqarish bilan Ortiqxo‘jayevning Arteli shug‘ullansa¸ chetdan telefon olib kirish bilan ham Ortiqxo‘jayevning Mediaparki shug‘ullanadi. Ularga har xil boj va soliq imtiyozlari berilgan. Shunda ham ular sotadigan telefonlar “Malika”dagidan qimmat. Ortiqxo‘jayev bir intervyuda Toshkentda endi Media City qurish orzusi borligi aytgan edi. Bilishimizcha¸ mobil telefon bozori hokimning ana shu “orzu”siga yetishi uchun qattiq qisuvga olinmoqda”¸ deydi Ozodlik gaplashgan tadbirkorlardan yana biri.

Ijtimoiy tarmoqda tarqagan ma’lumotga ko‘ra¸ UZIMEI tizimi rahbari Artel shirkatining sobiq menejerlaridan biridir. Ozodlik hozircha bu ma’lumotni rasman tasdiqlash imkoniga ega emas.

Toshkentdagi "Malika" bozorida joriy yilning ​23 avgust kuni militsiya xodimlari yuzdan oshiq soqolli erkakni ushlab ichki ishlar bo‘limiga olib ketgan va soqoli majburlab olinib, keyin qo‘yib yuborilgan edi.

27 avgust kuni bu voqeaga rasmiy izoh bergan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi “Malika” savdo kompleksida ishlaydigan ba’zi shaxslar bo‘yicha o‘g‘rilik, o‘g‘irlangan qo‘l telefonlarini sotib olish va sotish faktlari asosida qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tezkor tadbirlar o‘tkazilgani¸ gumonlanuvchilar aksariyatining soqollilar ekanini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG