Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:18

Metro qurilishidagi o‘pirilgan tuproq ostidan uch jasad chiqqani xabar qilindi. Tuproqning to‘rtdan biri qazildi


Metro liniyasining tuproq o‘pirilgan qismiga "Tez yordam" mashinasi yetib keldi. Toshkent, 2019, 18 dekabr
Metro liniyasining tuproq o‘pirilgan qismiga "Tez yordam" mashinasi yetib keldi. Toshkent, 2019, 18 dekabr

Yunusobod metro yo‘lining qurilishida ro‘y bergan yer o‘pirilishi tufayli voqea joyida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda boshqa tegishli vazirlik xodimlari qutqaruv ishlarini davom ettirmoqdalar.

Toshkent metrosining Yunusobod yo‘nalishi qurilishi vaqtida ro‘y bergan yer o‘pirilishi hodisasi oqibatida kamida uch kishi halok bo‘lgani tasdiqlandi. Bu haqda Kun.uz’ga ichki ishlar vazirligi tizimidagi manba ma’lum qildi.​

O‘zAning xabar qilishicha, Yunusobod tuman hokimi R. Usmonov ham holat yuz bergan joyda qutqaruv ishlarini nazorat qilmoqda.

Mazkur joyda ishlagan quruvchilarning soniga hozircha aniqlik kiritilmadi. Ayni damda qazish ishlari davom etmoqda.

Qutqaruvchilardan birining ma’lumotiga ko‘ra, o‘pirilgan joyning hali to‘rtdan bir qismi ham qazib ulgirilmagan.

Hukumat komissiyasi tuzildi

Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining qurilayotgan qismida sodir bo‘lgan hodisa sabablari va oqibatlarini o‘rganish va uni zudlik bilan bartaraf qilish bo‘yicha Hukumat komissiyasi tuzildi.

Bu haqda xabar qilgan Adliya vazirligiga ko‘ra, Komissiyaga sodir bo‘lgan hodisa sabablarini va oqibatlarini joyida o‘rganish, hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish hamda boshqa bir qator vazifalar yuklangan.

Xabarda "jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish" haqida yozilgan bo‘lsada, necha kishi jabrlangani haqida ma’lumot keltirilmagan.

Jabrlanganlar to‘g‘risida OAV nima deyapti?

Kamida 5-6 kishi tuproq ostida qolib ketgan. Ularning taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Bu haqda voqea joyiga borgan Ozodlik mobil muxbiri xabar qildi.

Xuddi shunday xabarni kun.uz ham e’lon qildi. Saytga ko‘ra, Toshkent metropolitenining yangi qurilayotgan Yunusobod yo‘nalishida sodir bo‘lgan yer o‘pirilishidan keyin bir necha kishi bedarak ketgan.

Voqea joyida bo‘lgan Kun.uz muxbiri ishchilardan biridan olgan ma’lumotga ko‘ra, u o‘z ukasini topa olmayapti. Unga ukasi va yana bir necha ishchi tuproq ostida chiqarib olingani, jabrlanganlar shifoxonaga olib ketilgani haqida aytishgan. U tez orada yaqinlari bilan uchrashishga umid qilmoqda.

Shu paytgacha tuproq o‘pirilishi haqdagi rasmiy xabarlarda jarohatlanganlar yo‘q ekanligi aytildi. Ozodlik mobil muxbiri hamda ba’zi mahalliy nashrlar, jumladan kun.uz xabarlarida keltirilgan ma’lumotlarning rasmiy tasdig‘i yo‘q.

Ozodlik mobil muxbirining xabar qilishicha, voqea joyini Milliy gvardiya askarlari qurshab olgan. Ular jurnalistlarni hodisa yuz bergan joyga yaqinlashtirmayapti. Milliy gvardiya xodimlari Ozodlik mobil muxbiri telefonini olib undagi suratlarni o‘chirib yuborgan.

Ozodlikka yetib kelgan boshqa bir xabarda aytilishicha, metro qurilishida "mardikor bozordan olib kelingan ishchilar ishlatilgan". Lekin bu xabarni rost-yolg‘onligini tasdiqlash hozircha imkonsiz.

O‘pirilish guvohi nima dedi?

Repost.uz sayti o‘pirilish sodir bo‘lgan joyda ishda bo‘lgan ishchining aytganlarini keltirdi:

"Bugun ertalab soat 7.15 larda ishga keldim. Fojia soat 10:20 larda sodir bo‘ldi. Men o‘sha joy yaqinida turgandim. Oldiniga DSP, armaturalarning sinishi, g‘achir-g‘uchuri eshitildi, keyin qandaydir og‘ir narsa qulab tushdi. Odamlar baqira boshladi, lekin kim baqirganini tushunmadim. Keyin hamma o‘pirilgan joyga yugurdi. U yerda bir yopiq bor edi. Ikki tomondan yomg‘ir suvi to‘planib, ikki tomondagi devor qulab tushdi. Pastda beton quyish uchun kerak bo‘ladigan DSPlarni tiyab turadigan tunukalar bor edi. Ustidan armatura bor edi.Tepada odamlar ishlayotgan edi. Pastda, yopiq ostida esa, odamlar yomg‘irdan qochib turgan edi. Shu paytda DSP, armatura, betonu tuproqdan iborat yuk odamlarni bosib qoldi. Simlar uzilayati, shovqin-suron... Dahshat bo‘ldi, lekin. Qotib qoldik".

Vazirliklar nima dedi?

Toshkent metropolitenining yangi qurilayotgan Yunusobod yo‘nalishida yer o‘pirilishi oqibatida jarohatlanganlar yo‘q. Voqea guvohi bo‘lgan 1975 yil tug‘ilgan qashqadaryolik B.M. ushbu holatdan qattiq stressga tushgan. Ayni paytda unga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Ayni vaqtda hududda qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilmoqda.

Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayevga tayanib, O‘zA axborot agentligi xabar qildi.

Voqea sodir bo‘lishi bilanoq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropolitenining yangi qurilayotgan Yunusobod yo‘nalishi qurilishida avariya sodir bo‘lgani, yer o‘pirilishi oqibatida bir necha kishi tuproq ostida qolgan bo‘lishi mumkinligi haqida foto va xabarlar tarqaldi.

Vaziyat yuzasidan Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, IIV Tergov departamenti boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jayev kun.uzga bunday dedi:

«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Yunusobod tumanida, «Megaplanet» oldida tunnel qazilayotgan bo‘lgan. Suv tunnelga tushmasligi uchun beton lotok qilingan. Ana shu lotokning qaysidir qismidan suv ketgan va suv to‘plangan. Yog‘ingarchilik kuchaygan vaqtda yer bo‘shab tunnelni bosib qolgan.

Hozircha hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlar borligi haqida aniq ma’lumot yo‘q», degan Doniyor Toshxo‘jayev.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligi, pudratchi qurilish tashkilotlarining kuch va vositalari yordamida yuzaga kelgan holat bartaraf etilmoqda, talafot va jabrlanganlar yuzasidan aniqlik kiritilmoqda. Vazirlikka ko‘ra, 250 m3 tuproq o‘pirilib tushgan.

Hozirda sodir bo‘lgan holatning sabablari o‘rganilayotgani xabar qilindi.

O‘zAning xabar qilishicha, O‘zbekiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, transport vaziri A.Ramatov ishtirokida tekshiruvlar olib borilmoqda.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ raisi H.Hosilov voqea joyida bo‘lib, vaziyatni o‘rganmoqda. Mazkur vaziyat bilan aloqador boshqa muammolar ham joyida hal etilmoqda.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmatining xabar berishicha vaziyat bo‘yicha ma’lumotlar berib boriladi.

XS
SM
MD
LG