Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:18

O‘TY mulozimlari: Ramatov buyrug‘i bilan metroni provodnik va mardikorlar qurmoqda


Toshkent metrosi Yunusobod liniyasida yer 18 dekabrda o‘pirildi.
Toshkent metrosi Yunusobod liniyasida yer 18 dekabrda o‘pirildi.

"18 dekabr kuni Yunusobod metro yo‘lining qurilishida ro‘y bergan yer o‘pirilishi tufayli o‘lganlarning aksariyati viloyatdan kelgan mardikorlardir. Maxsus malaka va ruxsatnoma talab qilinadigan metro qurilishiga mardikorlar¸ shuningdek, butun temir yo‘l tizimi xodimlarini safarbar qilish haqida Bosh vazirning 1-o‘rinbosari Ochilboy Ramatov buyruq bergan".

Bu fikrni Ozodlikka “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining bir necha mulozimi bildirdi.

Shaxsi sir tutilish sharti bilan Ozodlikka gapirgan bir-biridan mustaqil mulozimlarning aytishicha, Ramatov qurilish haqida 28 dekabr kuni prezidentga hisob berish uchun favqulodda safarbarlik e’lon qilgan.

Rasmiy ma’lumotda nomlari keltirilgan shahrisabzlik uch qurbonga oid ma’lumotlar “O‘zbekiston temir yo‘llari” mulozimlarining iddaolariga dalil bo‘lishi mumkin.

Shahrisabzning Beshkapa qishlog‘ida 19 dekabrda dafn etilgan marhumlar mahalladoshlari ularning o‘z qishlog‘ida ish topolmay¸ Toshkentga ish izlab ketgani va mardikor bozoridan metro qurilishiga yollanganini bildirdi.

Ozodlik gaplashgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ¸ “Toshtransloyiha”¸ “Toshkentmetroloyiha” tizimi rasmiylari¸ metroning malakasiz ishchilar qo‘li bilan qurilayotgani¸ bu jarayonda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmayotgani uchun kim mas’ul¸ degan savolga javob berishni istamadi.

"Tuproq bosib qolganlar - mardikor bozoridan yollangan qora ishchilar"

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yunusobod metro yo‘lining qurilishida ro‘y bergan yer o‘pirilishi oqibatida o‘lganlardan olti nafarining shaxsini e’lon qildi.

Ulardan uchtasi Qashqadarë viloyati Shahrisabz tumanining Beshkapa qishlog‘idan kelgan ishchilardir.

Vazirlik bayonotida ularning metro qurilishiga kim tomonidan¸ qachon yollangani¸ yer osti tunnelini qazishda ishlash uchun malaka va ruxsatnomasi bo‘lgan-bo‘lmagani haqida ma’lumot berilmagan.

Ozodlik bog‘langan Shahrisabz hokimiyat tizimiga aloqador mulozimlardan biri¸ jasadi 19 dekabr kuni tuproqqa qo‘yilgan uch nafar beshkapalikning Toshkentga ish izlab ketgan mardikorlar ekanini tasdiqladi.

Abdullayevlar amaki-jiyan edi. Amakisi oktabrda Toshkentga ketib¸ jiyaniniyam chaqirgan. Davronbek 11 dekabrda Toshkentga borib¸ metro qurilishiga ishga kirgan. Bir haftada shunday falokat bo‘ldi”¸ dedi marhumlar haqida aniq ma’lumotga ega Ozodlik mulozim.

FVV 19 dekabrda tezkor qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida olti nafar fuqaroning jasadi tuproq ostidan olib chiqilib, ularning shaxsi aniqlanganini, qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlanganini xabar qildi.

Biroq 18 dekabrda ba’zi mahalliy nashrlar norasmiy ma’lumotlarga tayanib¸ tuproq bosgan joyda kamida 20 ta yollanma ishchi ishlayotgan bo‘lgani haqida xabar qilgan edi.

"Ramatovcha safarbarlik - metroni butun mamlakatdan yig‘ilgan temiryo‘lchilar va mardikorlar qurmoqda"

Ozodlik bilan shaxsi sir qolishini so‘rab gaplashgan “O‘zbekiston temir yo‘llari”da provodnik¸ mashinist va vokzal xizmatchisi bo‘lib ishlovchilar shunday iddao qildi.

Bir-biridan mustaqil holda gapirgan Ozodlik suhbatdoshlari¸ bundan ikki oy oldin Bosh vazirning 1-o‘rinbosari¸ “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ kengashi a’zosi (AJning oldingi rahbari) Ochilboy Ramatov Toshkent metrosi qurilishini favqulodda tezlatish haqida buyruq bergan.

Shundan beri Toshkent shahri va har bir viloyatdan metro qurilishida ishlash uchun vaxtalar tuzildi¸ 12 soatlik ish joriy qilindi. Bizni Qo‘yliq liniyasiga tashlashdi – beton qorish¸ beton quyishga. Umrimda qurilishda ishlab¸ beton quygan odam emasman¸ Boshqalar ham shunday – provodnik¸ mashinist¸ vokzalda biletchi¸ qorovul bo‘lib ishlaydigan odamlar. Sog‘misan-kasalmisan¸ hech kimning ishi yo‘q. Og‘ir ishdan ezilib¸ keyin asosiy ishimizga ketamiz. Norozi bo‘lganlarga¸ shaxsan Ramatovning buyrug‘i¸ yoqmasa katta ko‘cha deyishdi. Hatto sovuq va yomg‘irda ham ishni to‘xtatishga qo‘yishmadi”¸ dedi viloyatdan kelgan provodniklardan biri.

O‘tgan oy bir guruh temiryo‘lchilar Ozodlikka murojaat qilib¸ o‘zlarining majburan metro qurilishiga jalb qilinganini bildirgan edi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari”ning shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozimlaridan biri¸ Ramatovning buyrug‘i bilan 200 ga yaqin qora ishchining mardikor bozoridan qurilishga tashlanganini iddao qildi:

Mardikorlarni qo‘ydek haydab kelib¸ yer tagiga tushirishdi. Ramatov prezidentga metro liniyasi Yangi yilgacha bitkazildi¸ deb yolg‘on hisob berib¸ keyin bitmagan ishlarni imi-jimida bitirmoqchi edi. Metro qurilishida yer ostida ishlash qoidalariga maxsus o‘qitilgan maxsus ruxsatnoma olgan mutaxassislar ishlashi shart. Bular bechora mardikorni bir parcha go‘shtni myasorubkaga tashlagandek¸ tashladi. Nega? Qurilishga ajratilgan milliardlarni o‘marish uchun! Qora ishchiga arzimagan pul beradi¸ qog‘ozda uni o‘nlab baravaraga shishirib yozadi¸ oradagi farqni cho‘ntagiga soladi”.

Toshkent metrosining yangi liniyasi qurilishida ishlashga majburlangan yana bir temiryo‘lchi metro qurilishidek og‘ir va jiddiy loyihaga malakasiz ishchilarning majburlanayotganini qo‘rqinchli hodisa deb atadi:

Metro qurayotganlarning hech birining qurilishdan umuman xabari yo‘q. Provodnik va mashinistlardan boshqa yana elektrik¸ svershchik¸ mexanik¸ yig‘uvchi¸ chilangarlar. Majburan chiqishgan. Qo‘lidan malakali ish kelmaydiganlar qanday metro quradi, bundaylar qurgan metroning sifati va xavfsizligi qanday bo‘ladi? Yunusoboddagi avariyadan keyin odamlar hukumatdan shuni so‘rashi kerak”.

19 dekabr kuni Ozodlikka bog‘langan provodniklardan biri¸ Yunusobod fojiasidan keyin ham o‘zlarini metro qurilishida ishlatish to‘xtatilmaganini bildirdi va bu ma’lumotni dalillash uchun suratlarni taqdim qildi.

Toshkent metrosining Qo‘yliq liniyasida 18 dekabr kuni ham provodniklarni majburan ishlatish to‘xtamagan. Suratdagi ishchilar o‘zlarining temiryo‘lchilar ekanini aytmoqda.
Toshkent metrosining Qo‘yliq liniyasida 18 dekabr kuni ham provodniklarni majburan ishlatish to‘xtamagan. Suratdagi ishchilar o‘zlarining temiryo‘lchilar ekanini aytmoqda.
Toshkent metrosining Qo‘yliq liniyasida 18 dekabr kuni ham provodniklarni majburan ishlatish to‘xtamagan. Suratdagi ishchilar o‘zlarining temiryo‘lchilar ekanini aytmoqda.
Toshkent metrosining Qo‘yliq liniyasida 18 dekabr kuni ham provodniklarni majburan ishlatish to‘xtamagan. Suratdagi ishchilar o‘zlarining temiryo‘lchilar ekanini aytmoqda.

Sansalorlik

Ozodlik 18 dekabr kuni Yunusobod metrosi qurilishida ro‘y bergan avariya munosabati bilan ochiqlangan bu ma’lumotlarga izoh so‘rab¸ “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ning bir qator direksiyalari¸ metro loyihasiga aloqador “Boshtransloyiha” va “Toshkenttransloyiha” tashkilotlari¸ shuningdek¸ Toshkent metropolitenidagi texnik xavfsizlik uchun mas’ul mulozimlar bilan bog‘landi.

Bu mulozimlarning hammasi o‘zi va tashkilotining avariyaga aloqasi yo‘qligini ta’kidlashdan nariga o‘tmadi.

Xususan¸ Toshkent metropoliteni mutaxassisi¸ o‘zi va boshqarmasining qurilayotgan yangi metroga aloqasi yo‘qligi¸ faqat ekspluatatsiyaga topshirilgan metro yo‘nalishi uchun javobgarligini bildirdi.

Bizni qurilish joyiga hatto yaqinlashtirmaydi ham. “O‘zbekiston temir yo‘llari” bu qurilishni pudratchi kompaniyaga bergan. Fojia texnika xavfsizligiga rioya qilinmagani oqibatida ro‘y berdi¸ degan fikrdaman. Lekin buning uchun buyurtmachi (“O‘zbekiston temir yo‘llari”) yoki zastroyshik (hozircha ochiqlanmadi)dan qaysi biri mas’ul¸ bilmayman. Hukumat komissiyasi tuzilgan. Lekin komissiyaga Ramatov rahbar. Metroni qurdirayotgan odam bu qurilishdagi qonunbuzarliklar haqida qanchalik halol xulosa chiqaradi¸ bunisini bilmaymiz. Ochig‘i¸ biz ham yangi metro liniyasi xavfsizligidan biroz xavotirdamiz. Har qalay¸ ishimiz ko‘pincha yer ostida o‘tadi”¸ dedi Toshkent metropolitenining texnika xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislaridan biri.

Kim mas’ul?

Ijtimoiy tarmoqda hissiyotli munozaraga sabab bo‘lgan 18 dekabr kungi fojiani sharhlaganlardan ko‘pchiligi¸ bunday tragediyadan keyin normal davlatlarda butun boshli hukumat¸ kamiga bu qurilishga aloqador tizim rahbarlari iste’foga chiqqan bo‘lishini aytmoqda.

Ammo Ozodlik gaplashgan hukumatga yaqin mulozimlar¸ iste’fo u yyoqda tursin¸ bu fojia uchun asl javobgarlarning suvdan quruq chiqishini prognoz qildi:

Ramatov Mirziyoyev va oilasining sadoqatli xizmatkori. Unga hech narsa bo‘lmaydi. Komissiya raisi sifatida Ramatovning o‘zi “Metrostroy” va “Temir yo‘llari” rahbarlarini ishdan oladi¸ ko‘pi bilan 20 ta odamni jazolaydi¸ bo‘ldi. Bechora mardikorning oilasiga 100 mln. so‘m berib¸ taqdir ekan¸ deb og‘zini yopishadi. Masala yopiq. Lekin metro qurilishidagi katta korrupsiya qandoq bo‘lsa¸ shundoq qolaveradi”.

19 dekabr kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida yuz bergan favqulodda vaziyat yuzasidan jinoyat ishi ochilganini ma’lum qildi.

Jinoyat kodeksining “mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish” va “tog‘-kon¸ qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish” moddalari bo‘yicha ozilgan jinoyat ishiga aynan kimlar tortilgani ochiqlanmadi.

Toshkent hukumati 2021 yilgacha poytaxt metrosining ikki yangi, uzunligi 10 kilometrli, sakkizta stansiyali yo‘nalishini qurib bitkazish rejasini e’lon qilgan. Bu qurilish uchun davlat byudjeti va O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 295 million dollar mablag‘ ajratilgan.

XS
SM
MD
LG