Линклар

Шошилинч хабар
23 октябр 2020, Тошкент вақти: 07:32

Majburiy quruvchilar: Metroni Yangi yilgacha topshirish bosimi avariyadan keyin yanada kuchaydi!


18 dekabr kungi fojiadan so‘ng yollanma ishchilar metro qurilishining yer usti qismiga ko‘chirilgan. Suratdagi ishchilar¸ uni yuborganlarga ko‘ra¸ "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJning metro qurilishiga umuman aloqasi yo‘q provodniklaridir.

Toshkentdan kelayotgan xabarlarga qaraganda, 18 dekabr kuni Yunusobod metrosining yangi liniyasida ro‘y bergan fojia ortidan bu qurilish jarayoni yanada jadallashgan.

“Metro qurilishida ishlashi mumkin bo‘lmagan odamlar qanday ishlagan bo‘lsa¸ bugun ham shunday ishlayapti¸ faqat mardikorlarni tunnelga tushirish va mobil telefon olib kirishni cheklash boshlandi”¸ dedi Ozodlikka metro qurilishida majburan ishlatilayotgan temir yo‘l va metropoliten xodimlari 23 dekabr kuni.

Ayni paytda¸ hukumatga yaqin mulozimlar¸ fojia bo‘yicha boshlangan tergov jarayoni ko‘lamini toraytirish va texnika xavfsizligi uchun bir-ikki mas’ulni jazolash bilan cheklanish haqida buyruq berilganini iddao qildi.

Ozodlik 18 dekabr kungi favqulodda holat bo‘yicha jinoyat ishi ochgan Bosh prokuraturadan tergovga oid ma’lumot olishga muvaffaq bo‘lmadi.

Ramatov fojiani “qurilishda bo‘ladigan oddiy ChP” deb baholadi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruviga yaqin mulozimning Ozodlikka xabar qilishicha¸ 18 dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida sodir bo‘lgan yer o‘pirilishi bo‘yicha Bosh vazirning 1-o‘rinbosari Ochilboy Ramatov prezidentga axborot bergan.

Prezident Sankt-Peterburgdan qaytishi bilan unga metrodagi fojianing sabablarini Ramatovning o‘zi tushuntirdi. “Hamma qurilishda bo‘lib turadigan ish” bu¸ degan mazmunda. Prezident ham uni shunday qabul qildi va Ramatovga “ishni bo‘shashtirmang” deb topshiriq berdi. Bu gapdan keyin qurilish kuchaydi ikki baravariga. Odam soni va texnika sonini ko‘paytirishdi”.

Hukumat farmoyishi bilan Yunusobod yo‘nalishining qurilayotgan qismida sodir bo‘lgan hodisa sabablari va oqibatlarini o‘rganish va uni zudlik bilan bartaraf qilish bo‘yicha Hukumat komissiyasi tuzildi va unga Bosh vazirning 1-o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rais etib tayinlandi.

Ochilboy Ramatov Toshkent metropolitenining yangi yo‘nalishi qurilishini bevosita nazorat qilayotgan hukumat mulozimi hamdir.

Ozodlikning bevosita o‘zlari metro qurilishida majburan ishlayotgan ikki manbasi 23 dekabr kuni qurilish jarayonining fojiadan so‘ng yanada tezlashganini tasdiqladi.

Hozir ham ishlayapmiz. Fojiagacha texnika xavfsizligi degan gap umuman tilga olinmagan bo‘lsa¸ endigi farq bu haqda gapirishayapti¸ lekin amalda hech qanday xavfsizlik choralari ko‘rilgani yo‘q. Yana bitta farq¸ mardikorlarni tunnelga tushirmaslik aytilgan¸ ularni endi ochiq joydagi eng og‘ir ishlarga tashlashdi. Mobil telefonlarniyam tekshirayapti¸ s’yomka qilish umuman taqiqlandi”¸ dedi o‘zi aynan Yunusobod liniyasining yangi yo‘nalishida majburan ishlayotgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJsida provodnik bo‘lib ishlovchi suhbatdosh.

Qurilishni 28 dekabrgacha bitkazish rejasi o‘zgarishsiz qoldi

Ozodlik gaplashgan metro qurilishiga aloqador mulozim va ishchilar¸ Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismini tugatish bo‘yicha belgilangan muhlat o‘zgarishsiz qolganini bildirdi.

28 dekabrgacha Yunusobod stansiyasi ustini beton qoplama bilan yopish tugallanishi kerak edi. Hozir shoshib-pishib shunga harakat ketayapti. Srok 28 edi¸ shunday qoladi¸ deyishdi. Prezidentga hisob berish kerak ekan”¸ dedi bevosita qurilishda ishlayotganlardan biri.

Qurilishga ajratilgan muhlatning o‘zgarishsiz qolayotganini tasdiqlagan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJsi mulozimi¸ ob’ektning rejaga muvofiq tugallanishi haqida prezidentning o‘zi qat’iy talab qilganini bildirdi.

18 dekabr kungi fojiadan so‘ng jamoatchilik¸ shuningdek ayrim siyosatchilar¸ katta va muhim ob’ektlarni topshirishni sovet davridan qolgan katta bayramlarga to‘g‘rilash an’anasini to‘xtatishni so‘ragan edi.

Shoshma -shosharlik bilan yirik binolarni bayramga to‘g‘rilab qurib bitkazish odatiga nuqta qo‘yadigan vaqt keldi. Asosiysi sifat ekanligini unutmaylik”, dedi jumladan 20 dekabr kuni Yunusobod metrosidagi fojiaga munosabat bildirgan O‘zLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Haitov.

“Jinoyat ishi ko‘lami toraydi”

19 dekabr kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi «Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining yangi qurilayotgan qismida yuz bergan hodisa yuzasidan JKning 257 (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 258 (Tog‘-kon, qurilish yoki portlatish ishlari xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda», deb xabar qilgan edi.

Hozircha bu jinoyat ishi doirasida aynan kimlarning tergovga tortilganiga oid rasmiy xabar yo‘q. Ozodlik 23 dekabr kuni Bosh prokuratura matbuot xizmatiga bog‘lana olmadi - telefon qo‘ng‘iroqlariga hech kim javob bermadi.

Ozodlik gaplashgan jarayonga bilvosita aloqador mulozim iddaosicha¸ Ramatov izohlari prezident tomonidan qabul qilinishi ortidan¸ prokuraturaga bu ish ko‘lamini toraytirish haqida topshiriq berilgan.

Bu avariya ortidan kamida “O‘zbekiston temir yo‘llari” rahbarining ishdan ketishi kutilayotgan edi. Ammo katta boshliqlardan hech kimni jazolamaslik haqida eng tepadan buyruq bo‘ldi. Prokuratura fojianing haqiqiy aybdorlari kimligini bilib turipti. Lekin ular prezident himoyasida. Jazolanish u yoqda tursin¸ saylovlardan keyin Ramatovning Bosh vazir bo‘lishi kutilmoqda. U hozir Bosh vazirlikka yagona nomzod bo‘lib turipti”¸ dedi Ozodlik gaplashgan mulozim.

Jarayonga oid ma’lumotlarga daxldor mulozimga ko‘ra¸ metrodagi o‘pirilish bo‘yicha Bosh prokuratura respublika Transport prokuraturasi bilan birga tergov olib bormoqda.

Hozir ish faqat texnika xavfsizligiga qanchalik rioya qilingan-qilinmagani bilan cheklanadigan bo‘ldi. Ular tergovga texnika xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis va injenerlarni o‘lganlar va jabrlanganlarning mehnat va texnika xavfsizligi bo‘yicha instruksiya olgan-olmagani¸ bu haqda tilxat bor-yo‘qligi bo‘yicha savol-javob qilayapti. Lekin asosiy aybdorlar – metro qurilishida ishlashi mumkin bo‘lmaganlarni yoppasiga bu yerga tashlaganlar¸ hozir ham bu bo‘yicha malaka va mutaxassisligi bo‘lmaganlarni ishlatayotganlar tergovga hatto tortilmaydi ham”.

18 dekabr kuni Toshkentning Yunusobod tumanidagi “Mega Rlanet” savdo markazi oldida “Toshkent metropoliteni qurilish direksiyasi” buyurtmasi asosida barpo etilayotgan “Yunusobod” bekati 2-vestibyul kurilish ob’ektining tuproq va temir-beton konstruksiyasi qulab tushdi. Oqibatda¸ rasmiy xabarga ko‘ra¸ mazkur ob’ektda ishlayotgan olti odam nobud bo‘ldi. O‘lganlardan uchtasi¸ Ozodlik surishtiruvidan ma’lum bo‘lishicha¸ Shahrisabzdan Toshkentga ish izlab borib¸ metro tunnelida ishlashga yollangan mardikorlardir.

Hukumat metroda ishlashga na ruxsatnomasi va na malakasi bo‘lgan bu yollanma ishchilar oilalariga 100 million so‘mdan tovon puli to‘lanishini bildirdi.

XS
SM
MD
LG