Линклар

Шошилинч хабар
24 феврал 2020, Тошкент вақти: 17:41

Qashqadaryoda Prezident qaroriga binoan aholiga qo‘y tarqatgan tadbirkor banklardan pulini ololmayapti


Bahodir Rahimov banklarning shu qarorga asoslangan kafolat xatiga ishonib shu yilning aprel va may oylari uch mingdan ortiq qo‘yni Kitob va Koson tumanidagi oilalarga tarqatganini aytdi.

Qashqadaryolik Bahodir Rahimov shu yilning aprel-mayida tumandagi uch yuzdan ortiq fuqaroga uch mingdan ortiq qo‘y tarqatgan. "BYoNBZU" fermer xo‘jaligi rahbari bu ishni O‘zbekiston prezidentining har bir oilani tadbirkor qilish ko‘zda tutilgan qarori asosida qilganini aytdi.

Fermerning Ozodlikka aytishicha, qo‘ylarni tarqatayotganida pulini uch kun ichida to‘lashga kafolat bergan banklar to‘lovning deyarli yarmini to‘lamay, olti oydan buyon sarson qilmoqda.

Fermer Bahodir Rahimovning iddaosicha, Qashqadaryodagi 8 ta bank uning qariyb 800 million so‘m pulini shu paytgacha to‘lamagan.

- 15 dekabr holatigacha Kitob tumani "Mikrokreditbank"i 294 million 708 ming so‘m, Kitob "Agrobank"i 180 million 290 ming so‘m, "Xalq banki" 142 million 460 ming, Koson tumani "Agrobank"i 155 million 220 ming to‘lamadi. Hammasini qo‘shib hisoblasa 800 millionga yaqin pul bo‘lyapti. Bu umumiy to‘lovning qariyb uchdan biridir - deydi Rahimov.

O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 7 mart kungi "Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb etish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora tadbirlar" to‘g‘risidagi qarorida chorvachilik yoki boshqa faoliyat bilan shug‘ullanish, faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga yillik 8 foiz stavkada 3-6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga kerditlar berish ko‘zda tutilgan.

Bahodir Rahimov banklarning shu qarorga asoslangan kafolat xatiga ishonib shu yilning aprel va mayida ta’minotchilikni bo‘yniga olgan xolda uch mingdan ortiq qo‘yni Kitob va Koson tumanidagi oilalarga tarqatganini aytdi.

Bank "qo‘yni berasan, uch kun ichida pulingni o‘tkazib beramiz", degan-da. Shunga ishonib qo‘ylarni o‘z qo‘lim bilan tarqatib chiqqanman.

- Bank "qo‘yni berasan, uch kun ichida pulingni o‘tkazib beramiz", degan-da. Shunga ishonib qo‘ylarni o‘z qo‘lim bilan tarqatib chiqqanman. Har birini tarozida o‘lchab, tirik vazndagi har kilosiga 28-30 ming so‘mdan kelishilgandi. Kam ta’minlangan oilalarga 25 ming so‘mdan ham kelishganmiz. Rasmga tushirib, har birini hujjatlashtirib olishgan. Mana olti oy o‘tdi banklar haligacha to‘lovning yarmini cho‘zib yuribdi. Bu menga zarariga bo‘lyapti, chunki men qo‘ylarni Qozog‘istondan valyutaga olib kelganman, dollar kursi esa tushyapti, - deydi Rahimov.

"Ipoteka banki"ning Kitob tumanidagi bo‘limi xodimi resurs yo‘qligi sabab kreditlar berish kechikayotganini Ozodlikka aytdi:

- Biz qo‘y olgan fermer nomiga 8 foizlik kreditni 3 yilga rasmiylashtirib, qancha qo‘y olgan bo‘lsa shunchasini pulini qo‘y ta’minotchi hisobiga o‘tkazib beramiz. Pulning katta qismi to‘lab bo‘lingan. Qolgani yanvarning o‘rtalariga to‘lanadi.

Kitob tumanilik fermer Javohir Umarov "BYoNBZU" fermer xo‘jaligidan may oyida 22 ta qo‘y olgani, lekin "Ipoteka banki" va’da qilgan 30 million sumlik kreditni ajratishni paysalga solib kelayotganini Ozodlikka aytdi.

- Yanvar oyining o‘rtalariga tushirib beramiz, shungacha o‘zlaring kelishib turinglar deyapti. Bu yil hisobiga pul tugabdi emish. Bundan oldin noyabrga tushirib beramiz, deyishgan. Agar kredit berishmasa bilmayman, nima bo‘ladi.

Ammo Javohir Umarov kredit ololmasa nasiyaga olgan qo‘ylarni ta’minotchiga qaytarmoqchi emas.

Olti oyda bu qo‘ylar semirdi. Ikkitasi bolaladi. Olganimda ozg‘in qo‘ylar edi. Yedirish, ichirishga, doktoriga 9 million so‘m pul sarfladim, mehnatim ketdi. Men qo‘ylarni qaytarolmayman.

- Olti oyda bu qo‘ylar semirdi. Ikkitasi bolaladi. Olganimda ozg‘in qo‘ylar edi. Yedirish, ichirishga, doktoriga 9 million so‘m pul sarfladim, mehnatim ketdi. Men qo‘ylarni qaytarolmayman.

Kitob tumanilik ismi aytilishini istamagan boshqa bir fermer ham 30 million so‘m kredit rasmiylashtirgani, evaziga "BYoNBZU" fermer xo‘jaligidan 23 bosh qo‘y olganini aytib, uni ham shu muammo o‘ylantirayotganini aytdi:

- Ta’minotchi kelib, pulni to‘lamasang qo‘ylarni olib ketaman deydi. Mening boqqan xarajatlarimni unda kim to‘laydi?

Ozodlik kreditlar kechiktirilayotgani haqidagi shikoyatlar yuzasidan izoh olish uchun Kitob tumanidagi "Mikrokreditbank", "Agrobank" va "Xalq banki"ga ham qo‘ng‘iroq qildi.

"Mikrokreditbank" xodimi "BYoNBZU" fermer xo‘jaligi tarqatgan qo‘ylar bo‘yicha kreditlar o‘tkazib bo‘linganini aytdi.

- "BYoNBZU" bo‘yicha hisobni yopganmiz, pulning hammasini o‘tkazganmiz.

Boshqa banklardan Ozodlik 26 dekabr, kunning ikkinchi yarmigacha izoh ololmadi.

XS
SM
MD
LG