Линклар

Шошилинч хабар
15 май 2021, Тошкент вақти: 07:33

O‘n yillik sarhisobi: "Xudo zarrasi"ning kashf qilinishi, kilogrammni o‘zgartirgan Plank


So‘nggi 10 yil ichida o‘nlab qadimiy jonzotlar qoldiqlari topildi.

Yakunlanayotgan o‘n yillikda ilm-fanda erishilgan ulkan yutuqlar sarhisobini davom ettiramiz. Sarhisobning dastlabki o‘nligini 30 dekabr kuni saytimizga joylashtirilgan ushbu maqolaning birinchi qismida o‘qishingiz mumkin.

2010-yillarda insoniyat ilm-fan sohasida yirik yutuqlarga erishdi. Qator kashfiyot va yangiliklar tufayli inson tanasi, sayyoramiz hamda fazo haqida yanada ko‘proq bilib olishga muyassar bo‘ldik.

Tugayotgan o‘ng yillikning eng muhim ilmiy kashfiyotlari to‘liq ro‘yxatini tuzish oson emas. Shunday bo‘lsa-da, National Geographic jurnali xodimlari 2010-yillarda erishilgan eng muhim ilmiy tadqiqotlar ro‘yxatini tuzdi.

Ro‘yxatga ilmiy yutuqlar individual kashfiyotlar o‘laroq emas, balki kashfiyotlar guruhlari va yo‘nalishlari shaklida kiritildi. Quyida ushbu ro‘yxatning qisqa mazmuni bilan tanisha olasiz.

11. Kasalliklarga qarshi kurash

2014–2016 yillarda G‘arbiy Afrikada Ebola virusi tarqalishi ortidan sog‘liqni saqlash rasmiylari hamda Merck farmatsevtika shirkati rVSV-ZEBOV vaktsinasini ishlab chiqdi.

2019 yilda vaksinani Yevropa rasmiylari ma’qulladi. Shuningdek, o‘n yillik davomida OITSga qarshi kurashda yutuqlarga erishildi.

2011 yilda o‘tkazilgan sinovlar oldindan antiretroviruslarni qabul qilish geteroseksual juftliklar orasida kasallik tarqalishi xavfini ozaytirishini ko‘rsatdi.

12. Reproduktsion inqilob

2016 yilda “uch ota-onadan” bola tug‘ilgani e’lon qilindi. Xususan, bola otaning spermasi, onaning hujayrasi yadrosi hamda yadrosi olingan uchinchi donorning tuxumidan paydo bo‘ldi. Bu yo‘l bilan ona mitoxondriyasidagi nuqsonlarga qarshi kurashish taklif qilinmoqda.

2018 yilda gen tahrirlash texnologiyasi yordamida ayni jinsli sichqonlar bolalashi mumkinligini ko‘rsatib berildi.

Nihoyat, 2018 yilda xitoylik olimlar klonlashtirilgan ikki makaka tug‘ilganini e’lon qildi. Bundan avval primatlar klonlashtirilmagan edi.

13. Higgs bozoni izidan

Jism massasini qaerdan oladi? 1960–1970 yillarda bu savolga javob izlagan britaniyalik Piter Higgs, belgiyalik Fransua Engler modda qay tarzda massaga ega bo‘lishi mexanizmi haqidagi nazariyani ilgari surdi.

Ushbu mexanizm vositasida Higgs bozoni nomini olgan zarracha borligi bashorat qilindi. “Xudo zarrasi” deb ham nomlanuvchi zarrachaning mavjudligi 2012 yili Shveysariyadagi Yevropa yadro tadqiqotlar markazida (CERN) o‘tkazilgan tajribada o‘z tasdig‘ini topdi.

Bu bilan fizikaning standart modelidagi yana bir savol o‘z javobini topdi. Standard model yordamida to‘rt fundamental kuchning uchtasi hamda bizga ma’lum bo‘lgan barcha elementar zarralar xususiyatlari mukammal ta’riflab berilgan.

14. Paleontologiya kitoblarini o‘zgartirgan kashfiyotlar

So‘nggi 10 yil ichida o‘nlab qadimiy jonzotlar qoldiqlari topildi. Ular yordamida dinozavrlar rangi va ko‘rinishi haqida tasavvurimiz kengaydi.

Xususan, 2010 yilda National Geographic Society tashkiloti ilk marotaba dinozavrning to‘liq rangli rekonstruksiyasini taqdim etdi. 2014 yilda esa Spinosaurus yirtqich dinozavri qisman suvda yashagani aniqladi. Bundan oldin dinozavrlar orasida bunaqa jonzot haqida bizga ma’lum emas edi.

Nihoyat, Myanmaning 99 million yoshdagi kahrabolari ichida patli dinozavr dumi, primitiv qush bolasi hamda turli-tuman umurtqasiz jonzotlar qoldiqlari topildi.

15. Boshqa olamlarda hayot asoslarini izlab

2010-yillarda boshqa olamlarda bizga ma’lum bo‘lgan hayot uchun muhim o‘rin tutuvchi uglerod molekulalari haqida ko‘proq bilib oldik.

Shuningdek, 2014–2017 yillarda to‘plangan ma’lumotlar yordamida qadimda Yerga urilgan jismlar sayyoramizga olib kelgan moddalar haqida ko‘proq bilib oldik.

2017 yilda NASAning Cassini stansiyasi Saturn oyi Entseladda organik molekulalar borligini tasdiqladi. 2018 yilda esa NASAning Curiosity marsyurari qizil sayyorda organik birikmalarni topdi.

16. Iqlim o‘zgarishi haqida ogohlik

2010-yillarda atmosferaga uloqtirilayotgan karbonat angidrid (uglerod dioksidi) gazi ko‘lami rekord darajalarga yetdi. Shu sabab 10 yillik davomida olimlar Yerning o‘zgarayotgan iqlimiga e’tibor qaratish uchun qator jiddiy va mukammal tadqiqot natijalarini e’lon qildi. Natijada jahon bo‘ylab iqlim o‘zgarishiga qarshi chora ko‘rish talabi bilan rekord aksiyalar bo‘lib o‘tdi.

17. Yangi aniqlangan va yo‘q bo‘lib borayotgan biologik turlar

Biologlar yiliga rekord 18 ming yangi turni aniqlamoqda. So‘nggi yillarda qo‘li bor baliqdan tortib, tangadan kichik baqa turlarigacha aniqlandi. Bir vaqtning o‘zida turlar tobora tez suratda yo‘qolib borayotgani kuzatilmoqda. 2019 yilda olimlar o‘simlik va jonivorlarning to‘rtdan biri yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida ekanligi haqida ogohlantirdi.

18. Fazo parvozi davrining boshlanishi

2011 yilda Xitoy o‘zining ilk fazo laboratoriyasini yo‘lga qo‘ydi. 2014 yilda Hindiston Marsga stansiya yubordi. AQShda Space Shuttle dasturi tugatilishi ortidan paydo bo‘lgan bo‘shliqni xususiy shirkatlar egalladi. Xususan, Blue Origin hamda SpaceX shirkatlari ilk marotaba qayta ishlatish mumkin bo‘lgan raketalardan muvaffaqiyatli ravishda foydalandi.

19. Hayvonlarning bizga ma’lum bo‘lmagan qirralari

Keyingi 10 yillikda jonivorlarning bizga ma’lum bo‘lmagan xislatlari haqida bilib oldik. 2015 yilda nurlanuvchi dengiz toshbaqasi topildi. Bundan avval biofluorestsensiyaga ega reptiliyalar haqida bizga ma’lum emas edi. Shuningdek, 2017 yilda Grenlandiya akulasi 272 yil yashashi mumkinligi aniqlandi. Nihoyat, keyingi yillarda hayvonlar asboblardan foydalanishi aniqlandi.

20. O‘lchov birliklariga kiritilgan o‘zgarishlar

2010-yillarda klassik o‘lchov birliklari yanada takomillashtirildi. Platina va iridiy qorishmasidan tayyorlangan silindr shaklidagi jism 130 yil mobaynida dunyo bo‘ylab og‘irlik etaloni bo‘lib kelgan edi.

Ammo 2018 yilda boshqa bir necha o‘lchov bilan bir qatorda kilogramm ta’rifini o‘zgartirishga kelishib olindi.

Natijada 2019 yildan boshlab kilogramm bir dona jism og‘irligi asosida emas, balki Plank konstantasi asosida ta’riflanadigan bo‘ldi.

Xususan, Plank konstantasi yorug‘lik chastotasining o‘sha chastotaning kvant energiyasiga bo‘lgan nisbatidan olinadi. Bundan tashqari, tugayotgan 10 yillikda elektr toki, harorat hamda jismdagi zarralar o‘lchovlari ham o‘zgardi.

XS
SM
MD
LG