Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:09

OzodDayjest: BP o‘rinbosari: Qamoqda bir-ikki kun o‘tirib chiqishning amaldorlar uchun foydasi bor


O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova.
O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova.

O‘zbekistonlik tahlilchi erkinlikni parvarishlash mamlakat ichidagi siyosiy va akademik doiralardan boshlanishi lozimligini urg‘uladi. Andijonda blogerni qamatgan mutasaddilar “yumshoqko‘ngil oyimchalar” deb ataldi. Svetlana Ortiqova yig‘lagan sudya va prokurorlar haqida gapirdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Siyosiy tahlilchi O‘zbekiston rahbariyatini populizm xataridan ogohlantirdi


Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov prezident Shavkat Mirziyoyevning muxolifat masalasidagi fikriga munosabat bildirdi (www.sof.uz, 2019 yil 28 dekabrь). “Menimcha, prezident “muxolifat” masalasini ko‘tarishdan oldin, undan-da muhim masalalar mavjud edi. Jumladan, O‘zbekistonda siyosiy partiyalar va parlamentning to‘liq erkin bo‘lishi, har qanday yashirin va oshkora bosimlardan xoli bo‘lishi borasida jiddiy bayonotlar qilinmadi, jamiyatga va ushbu institutlarga murojaatlar yo‘llanmadi. Shuningdek, O‘zbekistonda haliga qadar “akademik erkinlik” nima ekani, u taraqqiyotimiz uchun naqadar muhim ekani urg‘ulanmadi”, deydi K. Rabbimov. Qayd etilishicha, erkinlikni parvarishlash O‘zbekiston ichidagi siyosiy va akademik doiralardan boshlanishi lozim. Holbuki, hali mamlakat jamoatchilik tafakkuri qo‘rquvdan qutula olgani yo‘q.

K. Rabbimovga ko‘ra, akademik erkinlik shakllanmagan, siyosiy institutlar ehtiyotkorlik va qo‘rquv holatidan chiqmagan bir davrda muxolifat masalasining ko‘tarilishi davlatni populizmda ayblash, muxolifat tushunchasining qadrsizlanishi va xorijdagi muxolif kuchlarning davlat bilan murosa va muloqotdan umidini uzishiga olib kelishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 27 dekabr kuni Toshkentda yoshlar bilan uchrashgan prezident Shavkat Mirziyoev siyosiy muxolifat borasida fikr bildirib o‘tdi. Xususan, u oppozitsiyaga qarshi emasligi, ammo u chetdan kirib kelishini yoqlamasligini bildirdi.

Andijonda blogerning qamalishi buyurtma ekani taxmin qilindi


Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev Andijon viloyati Asaka tumanida bloger Otabek Nuriddinovning qamalganini tanqidiy baholadi. “Otabek Nuriddinovning mas’ullar ishini tanqid qilgani uchun Asakadagi bir guruh mansabdorlar o‘zaro til biriktirib jazolatgani yana ham oydinlashmoqda”, deb yozdi deputat Telegramdagi shaxsiy sahifasida. Qayd etilishicha, bloger yashin tezligida jazolangani bu buyurtma degan shubhani kuchaytiradi. Deputat bu holatni “fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘lida juda yomon signal”, deb atagan.

Jurnalist Karimberdi To‘ramurodga ko‘ra, huquqni himoya qilish idoralari aholini “haromi” deb haqorat qilayotgan, jurnalist va blogerlarga daryoga cho‘ktirish bilan tahdid qilayotgan hokimlarni jazolash o‘rniga ularni zo‘r berib himoya qilmoqda, blogerni qamoqqa tashlash borasida esa favqulodda tezkorlik namoyish etmoqda.

Bloger Nozim Safari esa o‘zaro kelishib, blogerni qamatgan mansabdorlarni “nozikta’b, yumshoqko‘ngil oyimchalar” deb atagan.

“Ba’zi mayda mansabdorlar hokim onasidan so‘ksa ham chidaydi. Haqiqat uchun bir og‘iz gapirganni esa xuddi o‘sha hokim ko‘rsatmasi bilan qamatib ham yuboradi. Sharaf, g‘urur, vijdon? Yo‘q, unday so‘zlar bizga tanish emas”, deb yozadi N. Safari.

Prokuraturaga ko‘ra, Abdufatto Nuriddinov (Otabek Nuriddinov) 2019 yil 30 dekabr kuni tuhmat, haqorat va mayda bezorilikda aybdor deb topilgan va unga jarima hamda 15 sutka qamoq jazolari tayinlangan.

Svetlana Ortiqova prokurorlar qachon yig‘lashi haqida gapirdi


O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova sud-huquq tizimidagi ko‘p yillik faoliyati davomida jinoyat ko‘chasiga kirgan ko‘plab sudya va prokurorlarni ko‘rganini ma’lum qildi (www.kun.uz, 2019 yil 30 dekabr).

“Men shu tizimda 40 yildan ortiq ishlab, (ana shunday jinoyati uchun qo‘lga olinganlar bilan) gaplashganman, ko‘zidan yoshini oqizib, “Agarda shu ahvolga tushishimni o‘ylaganimda, mana shu jinoyatga qo‘l urmasdim” deb qancha sudьyalar, prokurorlar yig‘lagan”, deydi S. Ortiqova.

Bosh prokuror o‘rinbosari vatanni, xalqni, davlatni ozgina bo‘lsa ham o‘ylagan odam jinoyatga qo‘l urmasligini aytgan. Ayni paytda, u biror lavozimga kirishishdan avval mansabdorning bir-ikki kun qamoqda o‘tirib chiqishining foydasi haqida gapirgan.

“Mansabga o‘tirishdan oldin odamlar koloniyada bir-ikki kun o‘tirib chiqsa, turmaga kirib chiqsa, kameraning hidini bilsa, hech qachon jinoyatga qo‘l urmaydi”, degan S. Ortiqova.

XS
SM
MD
LG