Линклар

Шошилинч хабар
23 сентябр 2020, Тошкент вақти: 05:55

Ikki rassom Badiiy akademiya raisiga gap qaytargani uchun uyushmadan haydaldi


Rassomlar Abdulla va No‘’mon Xolmirzayev

Andijon shahrida yashab, ijod qilib kelayotgan aka-uka rassom No‘’monjon va Abdullajon Xolmirzayevlar 15 dekabrda O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zoligidan chiqarildi.

Bu haqda Ozodlikka 53 yashar rassom Abdullajon Xolmirzayev 7 yanvarda xabar qildi. “Ijodkorlar uyushmasi rahbari oddiy gapga chidamsizlik qilib, bizni uyushmadan haydab, o‘ch oldi” deb iddao qildi rassom.

O‘zbekiston badiiy akademiya qoshidagi Badiiy ijodkorlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Ibrohim Valiho‘jayevning Ozodlikka aytishicha¸ rassom Abdullajon Xolmirzayev Badiiy akademiya raisi Akmal Nuriddinovga telefon orqali “Sen o‘zing kimsan” deb behurmatlik qilgani bois aka-uka rassomlar “Badiiy ijodkorlar uyushmasi kollegiya yig‘ilishi qarori bilan uyushmadan haydalgan”.

No‘’monjon Xolmirzayev asari
No‘’monjon Xolmirzayev asari

Badiiy ijodkorlar uyushmasi mutaxasisi Oynisa Po‘latovaning Ozodlikka aytishicha¸ ​2019 yilning 19 noyabrida uyushma a’zolari No‘’monjon va Abdullajaon Xolmirzayevlar respublika bo‘ylab ko‘rgazma tashkil qilish masalasida Badiiy akademiya rahbari Akmal Nuritdinovga telefon qilishgan. Suhbat paytida rassomlar Akademiya raisini behurmat qilgan.

Ozodlikda nusxasi bo‘lgan hujjatda Badiiy ijodkorlar uyushmasi rais vazifasini bajaruvchi Valiho‘jayev uyushmaning Andijon viloyat bo‘limi boshlig‘i Dilshod Yusupovga rasman murojaat qilib, “Aka-uka rassomlarning uyushma rahbariyatiga hurmatsizlik qilgani aslo kechirib bo‘lmas holatdir” deb yozgan.

Ijodkorlar uyushmasi maktubi
Ijodkorlar uyushmasi maktubi

Badiiy ijodkorlar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi boshlig‘i Dilshod Yusupov Ozodlik bilan suhbatda “Vazir maqomidagi rahbarga tik gapirgan rassomlarni haydash emas balki ogohlantirish tarafdori” bo‘lganini aytdi:

- Akmal Nuriddinov Badiiy akademiya raisi. Prezident tayinlagan vazir maqomidagi shaxs. Shunday ulug‘ odamga “sen kimsan” deyish to‘g‘ri kelmaydi. Bu ikkala rassomni ijodkor sifatida xurmat qilaman. Ularga chora ko‘rish masalasida ilk so‘z menga berildi. Ularni haydamasdan faqat ogohlantirish beraylik dedim¸ Ammo kollegiya hay’ati a’zolikdan chiqarishga qaror qildi.

Rassomlarni uyushmadan haydash taklifini majlisda qo‘llab- quvvatlagan uyushmaning Xorazm viloyat bo‘limi rahbari Masharip Madaminov Ozodlik bilan suhbatda “rahbarlar yuziga tik qaraydigan bundayin rassomlarga oramizda o‘rin yo‘q” dedi.

Badiiy uyushma mutaxassisi Oynisa Po‘latovaning Ozodlikka aytishicha¸ bu ikkala talantli rassomga uyushma butun respublika bo‘ylab ko‘rgazmmalar tashkil qilish borasida keng miqyosli yordam bergan:

- Aka-uka Xolmirzayevlar uyushma ko‘magi bilan oltita viloyatda ko‘rgazma o‘tkazishdi. Ko‘rgazma zallari ularga imtiyozli asosda taqdim qilindi. Yaratilgan sharoitlarga qaramay akademiya rahbariga “sen kimsan” deyish ijodkor odob-ahloqiga to‘g‘ri kelmaydi.

Rassomlar No‘’monjon va Abdullajon Xolmirzayevlar Ozodlik bilan suhbatda hech kimni haqorat qilmaganligini aytishdi. Abdullajon Xolmirzayevning fikricha, bu dahanaki jang haqidagi gaplar pashshadan fil yasash xolos:

- Men “Tol beshikdan boshlangan dunyo” degan ko‘rgazma bilan bog‘liq texnik masala yechimi bo‘yicha rahbariyatga telefon qildim. Menga “sen kimsan o‘zi? Rassom bo‘lib nima ishni qoyillatding" deb achchiq gapirdi. Men esa o‘zing kimsan? Sen rassom bo‘lib nimani qoyillatding, dedim. Bu - bir rassomning ikkinchi rassomga bergan ritorik savoli. Chunki Rembrandt bilan solishtirsak, hech birimizning san’at sohasida qoyillatib qo‘ygan joyimiz yo‘q. Men qaerdan bilibman rassomlar akademiyasida shaxsga sig‘inish borligini?!

O‘zbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Ibrohim Valiho‘jayevning aytishicha¸ rassom Abdullajon Xolmirzayev ritorikasida haqorat emas kibr bo‘lgan:

- Biz ularning ortidan eshikni qattiq yopmadik. Uyushmaga qayta tiklash masalasida ariza berishlari mumkin.

Badiiy akademiya yoki "Rassomlar vazirligi"

1997 yilning 11 martida O‘zbekistondagi mavjud jamoat tashkiloti - Rassomlar uyushmasi tugatilib, uning o‘rnida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tashkil qilingan edi.

Akademiya vazirlik maqomiga tenglashtirilgan. Vazirlar Mahkamasining 1997 yildagi 131- qaroriga asosan Akademiya qoshida Badiiy ijodkorlar uyushmasi faoliyat olib boradi.

Uyushma O‘zbekistonning barcha viloyatlari va Qoraqalog‘istondagi rassomlarni o‘zida birlashtirgan.

Uyushma o‘z tarixida "hukumat uchun istalmagan ijodkorlarni o‘z safidan chiqargani" bilan tanilgan.

Taniqli rassomlar Abduhakim Turdiyev va Davronbek Yo‘ldoshevlar chet el radiosiga suhbat berganlikda ayblanib, uyushmadan chiqarilgan edi. Bunday holatlar ortidan taniqli rassom Vyacheslav Oxunov 1997 yili uyushmani namoyishkorona tark etgan edi.

“Tol beshikdan boshlangan dunyo”

Aka-uka rassomlar No‘’monjon va Abdullajon Xolmirzayevlar o‘tgan yili butun respublika bo‘ylab “Tol beshikdan boshlangan dunyo” degan sayyor ko‘rgazma ochishgan edi.

Abdullajon Xolmirzayev asari
Abdullajon Xolmirzayev asari

61 yashar rassom No‘’monjon Xolmirzayevning aytishicha, u 1863 yili Rossiyani ma’rifatli qilishga bel bog‘lagan “peredvijnik” rassomlardan ilhomlanib bu ko‘rgazmaga bel bog‘lagan:

- Perov, Savrasov, Shishkin, Repin va Arxip Kuinji kabi rassomlar qishloqma-qishloq yurib ko‘rgazma qilishgan. Bu rassomlarga taqlidan ukam bilan 6 viloyatda ko‘rgazma qildik. Ukam Abdulla o‘tgan yilning 20 dekabrida Rossiyaning Vladimir shahrida ko‘rgazma qildi. Yakuniy ko‘rgazma 20 yanvarda Moskvada bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG