Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:54

PhD diplomi qalbaki bo‘lib chiqqan prorektor ishdan olindi


Azamat Akbarov va uning qalbaki diplomi.
Azamat Akbarov va uning qalbaki diplomi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qoshidagi Samarqand "Ipak Yo‘li" turizm xalqaro universitetining birinchi prorektori 43 yashar Azamat Akbarov 7 yanvarda ishdan olindi.

Voqeadan xabardor Samarqanddagi Ozodlik mobil muxbiriga ko‘ra¸Akbarovning ilmiy darajasi to‘g‘risidagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) tan olgan xorijiy diplomi qalbaki bo‘lib chiqqani uning vazifasidan ozod qilinishi uchun asos bo‘lgan.

"Ipak Yo‘li" turizm xalqaro universiteti ilmiy kotibiyat vakilining Ozodlikka aytishicha¸ «Akbarovning diplomi borasida shubha tug‘ilishi bilan u 2019 yilning dekabrida ta’tilga chiqarilgan. Ekspertiza xulosasi kelgandan keyin universitet Akbarov bilan mehnat shartnomasini bekor qilgan»

Ozodlik tasarrufida mavjud bo‘lgan hujjatlar to‘plamida diplomning qalbaki ekani aniqlanganini borasida ekspertiza xulosasi bor.

Xulosada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan o‘rnatilgan tartibda 2019 yilning dekabrida ilmiy ekspertizadan o‘tkazilib, OAK rayosatining 2019 yil 28 fevraldagi 262/1-son qarori bilan nostrifikatsiya qilingan (tan olingan) xorijiy falsafa doktori (PhD) ilmiy daraja diplomi qalbaki ekanligi aniqlangani aytilgan.

Ekspertiza xulosasida yozilishicha¸ qalbaki diplom Azamat Akbarovga tegishli bo‘lib,u 2020 yilning 7 yanvarigacha O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qoshidagi Samarqand «Ipak Yo‘li» turizm xalqaro universitetining birinchi prorektori lavozimida ishlab kelgan.

Hujjatlarda sobiq prorektorning PhD ilmiy daraja diplomi Sarayevo shahrida (Bosniya va Gersegovina davlati) joylashgan BURCH xalqaro universiteti tomonidan berilganligi ko‘rsatilgan.

Berilgan falsafa doktori ilmiy daraja diplomi birinchi bo‘lib «Ipak Yuli» turizm xalqaro universiteti Ilmiy kengashi kotibi tomonidan shubhaga olingan edi.

Ozodlik mobil muxbiri «Ipak Yuli» turizm xalqaro universiteti Ilmiy kengashi kotibi bilan suhbat asnosida bu holatga oydinlik kiritdi.

«Universitetimizda ikki xodimda BURCH xalqaro universiteti diplomi bor edi, lekin ularning nusxalari bir biridan keskin farq qilardi. Bu holatga aniqlik kiritish maqsadida diplom bergan xorijiy universitetga rasmiy so‘rov junatildi. Universitet Azamat Akbarov diplomining qalbaki ekanligini ma’lum qildi» dedi «Ipak Yuli» turizm xalqaro universiteti Ilmiy kengashi kotibi.

Qalbaki falsafa doktori ilmiy daraja diplomi egasi Azamat Akbarovning muxbirimiz bilan suhbatda iddao qilishicha u 2006 yildan to 2009 yilgacha bir paytning o‘zida ikki xorijiy oliy ta’lim muassasasi: BURCH xalqaro universiteti (Bosniya va Gersegovina) hamda Xan’yang universiteti (Janubiy Koreya) doktoranti sifatida faoliyat olib borgan.

Ammo BURCH xalqaro universiteti rasmiy saytidagi ma’lumotga asosan ushbu oliy o‘quv yurti faqatgina 2008 yilga kelib tashkil topgan.

Ozodlikda BURCH xalqaro universiteti rektori professor Mershid Poturak tomonidan 2019 yilning 16 dekabrida imzolangan №:01-303/19 sonli javob xati nusxasi bor:

«Xalqaro BURCH Universiteti tomonidan Azamat Akbarovga hech qachon PhD diplomi berilmagan, ushbu ismdagi shaxs biron marta xalqaro BURCH Universiteti PhD talabasi ham bo‘lgan emas. Bundan tashqari, Xalqaro BURCH Universiteti diplomining tashqi ko‘rinishi janob Akbarovning diplomidan farq qiladi» deb ma’lumot beriladi ushbu rasmiy maktubda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi rasmiy vakilining Ozodlikka telefon orqali bildirishicha, Azamat Akbarovning nostrifikatsiya qilingan diplomining haqiqiyligi bo‘yicha tekshiruv olib borilgan.

Vakilning qo‘shimcha qilishicha, «Tekshiruv doirasida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga so‘rov jo‘natilgan va vazirlik javobiga asosan tegishli qaror qabul qilingan»

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning "Ta’lim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga asosan O‘zbekistonda 2019 yilning 1 martidan boshlab xorijiy davlatlarda berilgan ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish yengillashtirilgan tartibda amalga oshirishi belgilangan.

XS
SM
MD
LG