Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:45

“Ohangaronsement” gaz muammosi sabab faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi


O‘zbekistondagi eng yirik sement ishlab chiqarish korxonasi bo‘lganOhangaronsement” 10 yanvardan boshlab o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi.

Ishchilarning aytishicha, kimning ta’til kunlari bo‘lsa, barchasi ta’tilga chiqarilgan. Boshqa ishchilar esa zavodni obodonlashtirish ishlariga jalb qilingan.

Zavod rahbariyatiga ko‘ra, gaz yetishmasligi sabab korxona o‘z faoliyatini davom ettira olmayapti.

Keyingi ikki hafta ichida faqat tungi smenada ishlayotgan “Ohangaronsement” 9 yanvardan boshlab o‘z faoliyatini butunlay to‘xtatdi.

Bu haqda ismi anonim qolishini so‘ragan korxona ishchilari Ozodlikka ma’lum qildi:

“O‘zi zavod 26 dekabrda to‘xtagan edi. Ikki kun umuman ish bo‘lmadi. Keyin bitta pechka gaz berishdi. Keyin yana bitta pechkaga gaz berishdi. Shu ikki pechkada faqat tungi smena ishlayotgan edi. Payshanba kuni ertalabdan tungi smena ham to‘xtadi”.

Ishchilarga ko‘ra, ta’til kunlari bor hamkasblarining hammasi ta’tilga chiqarilgan, qolgan ishchilarni esa o‘z hisobidan ta’tilga jo‘natish aytilgan:

“Kimning otpuska (ta’til) kunlari bo‘lsa, hammasini dekabrning oxiridan boshlab, otpuskaga jo‘natdi. Otpuska kunlari umuman qolmaganlar zavodga kelib, tozalash ishlarini qilayapti. Biz tungi smenada ishlaymiz. Bizni kunduzi ishga chaqirdi, uborka qilayapmiz zavod ichini. Faqat shu tozalash, supirish-sidirish ishlari. Lekin bizni ham bez soderjaniye (o‘z hisobidan ta’tilga chiqish)ga chiqaramiz deyapti”, dedi zavod ishchisi ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Zavod o‘z faoliyatini to‘xtatganini tasdiqlagan mulozimlar buning vaqtincha ekani, lekin qachon ishga tushishi noma’lumligini aytishdi:

“Hozircha 1 fevralgacha deb turibmiz. Lekin bu hali aniq emas. Balki yana cho‘zilishi mumkin. To‘g‘ri ta’til kunlari borlarni ta’tilga chiqardik. Lekin boshqalarni bez soderjaniyega chiqarish rejamiz yo‘q. Ular kelib, zavodning remontini qilayapti. Uborka ishlarini qilayapti”, dedi zavodning o‘zini tanishtirmagan mulozimi.

Ozodlik bog‘langan “Ohangaronsement”ning boshqa bir mulozimi korxona gaz yetishmovchiligi sabab o‘z faoliyatini to‘xtatganini bildirdi.

“Gaz bo‘lib turgan payti haftasiga yetti kun, kechayu kunduz zavodda ish bo‘ladi. Hozirgi muammo gaz bilan bog‘liq. Bizning gaz idorasi bilan kontraktimiz bor. Hozir gazning yetishmayotgani sabab bizga ozgina gaz berilayapti. Faqat otopleniye qilayapmiz berilgan gazni. Shuning uchun zavodni to‘xtatishga majbur bo‘ldik”, dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab shaxsini ochiqlamaslikni so‘ragan mulozim.

“Ohangaron tuman gaz ta’minoti” idorasi rasmiylaridan “Ohangaronsement” bilan bog‘liq muammo borasida biror izoh olish imkoni bo‘lmadi.

Ozodlik bog‘langan gaz idorasi xodimi shanba-dam olish kuni bo‘lgani sabab rahbarlarning ishda emasligini aytish bilan cheklandi.

Sovet ittifoqi davrida qurilgan Ohangarondagi sement zavodining 86 foiz aksiyasi 2006 yili Rossiyaning Yevrosement grup xoldinggiga sotildi.

Rasmiy saytida ëzilishicha “Ohangaronsement” AJ O‘zbekistondagi ikkinchi eng yirik sement zavodi hisoblanadi va uning loyihaviy quvvati yiliga 2 180 000 tonnani tashkil etadi.

Hozirda gaz muammosi nafaqat Ohangaronda balki mamlakatning deyarli barcha joyida birday kuzatilayapti. Mamlakat bo‘yicha “Ohangaronsement”dan tashqari yana 24 ta tsement zavodi bo‘lib, ularning hozirgi ahvoli Ozodlikka ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG