Линклар

Шошилинч хабар
26 феврал 2020, Тошкент вақти: 00:45

Klaster "bombasi" o‘zbek fermerlarini xonavayron qilmoqda


Abbos O‘zbekistondagi fermer xo‘jaligida 17 yil paxta va sabzavot yetishtirish bilan shug‘ullangandan so‘ng fermerlikni tashlashga qaror qildi.

Aytishicha, prezident Mirziyoyevning O‘zbekistondagi juda qattiq nazorat qilinadigan qishloq xo‘jaligi sohasiga oid chiqargan farmoni uni yangi xususiy klaster firmasiga bo‘ysunuvchi xodim bo‘lishga majburlaydi.

‒ Bundan ko‘ra ishsiz bo‘lganim yaxshi, ‒ dedi Abbos, lekin o‘ch olinishidan qo‘rqib, familiyasini aytmadi.

‒ Klaster firmasining shartnoma shartlari menga to‘g‘ri kelmaydi, ‒ dedi u “Ozodlik” muxbiriga. ‒ Bu mustaqil emasligimizni anglatadi. Men endi bu ishni qilmayman.

Abbos shartnomaga qo‘l qo‘yadigan bo‘lsa, daromadi keskin kamayib ketishini, shartnoma fermerlarni ekspluatatsiya qilish hisobiga klaster oladigan foydani ko‘paytiradigan qilib yozilganini aytdi.

Yashirin xususiylashtirish sxemasi

Darhaqiqat, O‘zbekistonning klaster tizimi, mohiyatan, “yashirin” yoki “maxfiy xususiylashtirish” shaklidir. Sharqiy Yevropada 90-yillarda ushbu sxemadan korrupsiyalashgan amaldorlar va ularning xususiy sektordagi hamtovoqlari davlat firmalari aktivlarini tortib olish uchun foydalangan edi.

O‘zbekistonda esa yangi xususiy “klasterlar” fermerlarga qilgan mehnati uchun yetarli darajada pul to‘lamay turib, qishloq ho‘jaligining serdaromad sohalari ustidan davlat shu paytga yuritib kelgan uzoq muddatli nazoratni gardaniga olmoqda.

Jahon banki “Bog‘dorchilikni rivojlantirish loyihasi” doirasida O‘zbekistonga 637 million AQSh dollarilik sarmoya kiritdi. Bunga Jahon banki 2018 yil yanvarida ma’qullagan 500 million dollarlik kredit ham kiradi. O‘shanda Toshkent “klaster” islohoti deb nomlangan rejani ishga tushirgan edi.

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Hideki Mori ushbu mablag‘lar mamlakat 32 million aholisining deyarli yarmi yashaydigan “qishloq joylarda yaxshi pul to‘lanadigan ish o‘rinlari yaratish”da yordam berishga mo‘ljallanganini aytadi.

Xideki Mori
Xideki Mori

Morining fikricha, xalqaro mablag‘larni jalb qilish O‘zbekistonga “o‘tish islohotlari”ni amalga oshirish orqali “oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash” va eksportni oshirish imkonini beradi, bu esa o‘z navbatida mamlakatni “davlat yetakchiligidagi iqtisodiyot modelidan xususiy sektor yetakchiligidagi iqtisodiyot”ga aylantiradi.

Lekin Abbosning fikricha, bunday islohotlar faqat yangi xususiy klaster firmalarining panadagi egalarini boyitmoqda, barcha fermerlar yerlari davlatnikiligicha qolmoqda.

Daladagi og‘ir ishni bajaradigan Abbosga o‘xshash fermerlar juda oz pul olayotgan bo‘lsa-da, hosil bitmay qolgan paytda ko‘riladigan zarar uchun mas’uliyatni zimmasiga olishi kerak bo‘ladi.

Na fermerlar va na mahalliy rahbarlar ko‘plab klasterlarning egalari kim ekanini biladi. Biroq ayrim xabarlarga ko‘ra, Toshkentdagi yetakchi amaldorlar bilan foyda keltiruvchi klasterlar o‘rtasida bog‘liqlik bor.

Yetakchi amaldorlarga bog‘liqlik deysizmi?

O‘zbekiston hukumati qishloq xo‘jaligidagi xususiy monopoliyalarni raqobatli ochiq tenderlarsiz va oshkoraliksiz tashkil qilmoqda.

Bir sobiq tuman hokimining “Ozodlik” radiosiga bildirishicha, Ichki ishlar vazirligi va Prezident administratsiyasining yuqori lavozimli amaldorlari unga eng unumdor qishloq xo‘jalik yerlarini muayyan klasterlarga berish shartnomalarini odamlarga bo‘lib berishi uchun bosim o‘tkazgan.

Ayrim tasdiqlanmagan iddaolarga ko‘ra, ba’zi klaster egalarining Toshkentdagi yuqori lavozimli amaldorlar bilan, jumladan, prezident Mirziyoyevning Jizzax tumanidagi qarindoshlari bilan aloqasi bor.

Mirziyoyev 9 dekabrda O‘zbekistonning ikki yillik paxta klaster tizimini meva va sabzavot xo‘jaliklarini ham qo‘shib olish uchun kengaytirmoqchi ekanini aytdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev

Mirziyoyev ushbu qadamini asoslash ma’nosida O‘zbekistonning strategik ahamiyatga ega paxta sohasi hosildorligini 2019 yilda 30 foiz oshirgan xususiy klaster firmalariga tashakkur aytdi.

Yana u ikki yil o‘tgach, O‘zbekistondagi paxta hosilining 73 foizi xususiy klaster firmalari hissasiga to‘g‘ri kelishini ta’kidladi.

Biroq xalqaro ekspertlar qo‘shimcha raqobat muhiti yaratilmasa, “klaster islohotlari”dan olinayotgan dastlabki foyda uzoq istiqbolda chippakka chiqishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Hozirgi paytda har bir xususiy klaster firmasi ishlaydigan hudud unga monopol hudud sifatida ajratib berildi. Bu bilan Abbos singari fermerlarning qaysi klasterda ishlashni tanlash imkoni, shuning barobarida rag‘bati qolmayapti.

“Reja xatosi”

Klasterlar o‘rtasida raqobat yo‘qligi reja xato ekanini anglatadi

‒ Klasterlar o‘rtasida raqobat yo‘qligi reja xato ekanini anglatadi, ‒ deydi Germaniya Halle shahrining Leybnits nomidagi O‘tish davri iqtisodiyotlarida qishloq ho‘jaligini rivojlantirish instituti tadqiqotchisi Nodir Jonibekov. ‒ Klasterlar har bir fermer uchun raqobatlashmaydigan bo‘lsa, fermerlarning o‘zlari foydalanayotgan marketing kanali orqali tanlash imkoni bo‘lmasa, monopoliyangiz saqlanib qolaveradi, davlat monopoliyasi o‘rniga xususiy monopoliya vujudga keladi.

− Bunday holatda xususiy klasterlar fermerlarga yetkazib beriladigan hosil uchun davlat kafolatlaydigan eng kam haqni to‘laydi, − dedi Jonibekov. Uning ilmiy ishidan O‘zbekistonning Jahon banki e’lon qilgan dasturiy hujjatlarida iqtiboslar olingan.

Fermerlar rag‘batlantirilmasa, ishlab chiqarish inqirozga yuz tuta boshlaydi.

− Fermerlar ko‘proq mahsulot ishlab chiqarishini kafolatlash uchun ularga yazshiroq pul to‘lash kerak bo‘ladi, − deydi u. – Mabodo fermerlar rag‘batlantirilmasa, ishlab chiqarish inqirozga yuz tuta boshlaydi.

2000 yilda Tojikistonning paxta yetishtiruvchi fermerlari bilan bog‘liq shunday holat ro‘y berdi, yaqinda Qozog‘istonda ham shunday bo‘ldi, deya ogohlantiradi Jonibekov.

Qayd etishicha, hukumatning qishloq xo‘jalik klasterlariga oid qarorlarida oddiy fermerlarning manfaatlari “yaxshiroq hisobga olinayotgani yo‘q”.

‒ Asosan, investorlar va ular oladigan subsidiyalar: nisbatan arzon narxlarda texnika sotib olish dasturlari, davlatning ular oladigan qarzlar uchun subsidiyalar berishi, klasterlar uchun tovar xomashyo birjalari orqali qatnashish mumkin bo‘lgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish dasturlari haqida gap ketmoqda.

Jonibekovga ko‘ra, hukumat “qarorlarida fermerlarni himoya qilish bo‘yicha kafolatlangan eng kam to‘lovdan boshqa deyarli hech narsa aytilayotgani yo‘q”.

Na erkinlik va na tanlov bor

Agar Abbos o‘z fermer xo‘jaligida ishlashni davom ettiradigan bo‘lsa, o‘zi ishlashga majburlanadigan klasterda unga qaysi ekinni ekish shartligi ham aytilishi shubhasiz.

O‘tmishda davlat hokimiyati idoralari fermerlardan yetishtirishni talab qilgan ekinlarni – asosan paxtani – davlatga sotish rejasini bajarish talab qilinar edi.

Lekin Abbosga o‘xshagan fermerlar rejani bajarganidan so‘ng davlatdan ijaraga olgan yerlariga o‘zi istagan ekinni ekishi mumkin edi.

2018 yildan boshlab Mirziyoyev fermerlarga paxtadan boshqa ekinlar ham, masalan, achchiq qalampir ekishga buyruq berdi, ammo sug‘orish uchun xo‘jaliklarda suv yetarli bo‘lmagani uchun ular qurib, nobud bo‘ldi.

Abbos 2019 yilda achchiq qalampirni sota olmagani uchun 600 million so‘m yoki taxminan 63 ming dollar zarar ko‘rdi.

Shunga qaramasdan, zararni qoplashni uddaladi, chunki boshqa ekinlar: sabzi, kartoshka, karam va qulupnay ham ekkani sababli foyda ko‘rgan edi.

Yangi tizimga ko‘ra, biz faqat klaster rahbariyati buyurgan ekinni ekishga majbur bo‘lamiz.

− Ushbu yangi tizimga ko‘ra, biz faqat klaster rahbariyati buyurgan ekinni ekishga majbur bo‘lamiz, − dedi Abbos “Ozodlik” radiosiga.

− Men ushbu yerda faqat klasterdan maosh oladigan menejer sifatida ishlashim mumkin, − deya tushuntiradi Abbos. – Mening har gektar uchun klaster oyiga 200 ming so‘mdan (21 dollarcha) maosh to‘laydigan 10 kishilik jamoam bo‘lishi kerak.

− Maoshim oyiga 5 million (525 dollar) so‘m bo‘ladi, − deydi u. – Bu 100 gektar yerga qarab turish uchun umuman yetarli emas.

Ayni damda Abbos klaster bilan shartnoma tuzsa, ilgari davlat tashkilotlari bevosita yetkazib bergan urug‘, o‘g‘it va yonilg‘i uchun qimmat narxlarda pul to‘lashga majbur bo‘ladi.

Endi klasterlar o‘sha qishloq xo‘jalik ishlab chiqarish vositalarini o‘sha davlat tashkilotlaridan davlat banklarining imtiyozli kreditlaridan foydalangan holda arzonlashtirilgan narxlarda sotib olmoqda.

Ayrim fermerlarning “Ozodlik” radiosiga bildirishicha, ular klasterdan sotib olishga majbur bo‘layotgan o‘g‘itlar uchun O‘zbekiston bozoridagi narxlardan 5 foiz qimmat pul to‘lamoqda.

Abbosga o‘xshagan fermerlar hosil yig‘ib-terib olingandan so‘ng uni klasterga bozor narxida emas, davlat kafolatlab qo‘ygan past narxda sotishi shart.

Bu klasterlarga ko‘p foyda olish imkonini bermoqda, chunki ular hosilni O‘zbekistonda ustama narxlar bilan sotadi yoki baland xalqaro bozor narxlarida eksport qiladi.

Abbosga hech qachon yetishtirgan hosilini eksport qilishga ruxsat berilmagan, chunki davlat fermerlarga tovarini eksport qilishi uchun litsenziya bermaydi.

Boshqa tarafdan, Abbosning hosili bitmay qolsa, u klaster o‘ziga juda qimmat narxda sotgan urug‘ va o‘g‘itlar hamda butun mavsum davomida ishlatgan yonilg‘i uchun qarzdor bo‘lib qoladi.

Yana u Toshkent viloyatida 2002 yildan ishlatib kelayotgan davlatga qarashli yerda ekin yetishtirish huquqidan mahrum bo‘ladi.

“Arvoh” pul to‘lashini kutib

Klasterda ishlashga majbur bo‘lgan Qashqadaryo viloyatilik paxta yetishtiruvchi fermer Akramjon Novotovning “Ozodlik” radiosiga aytishicha, sentabrda topshirgan hosili uchun 40 million so‘m (4000 dollarga yaqin) foyda olishi kerak edi.

Biroq Novotov haligacha qancha pul to‘lanishini kutib o‘tiribdi. Klaster bilan shartnomaga ko‘ra, firma unga 31 dekabrga qadar pul to‘lashga majbur emas. Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida “ABS Oqqo'rg'on agro klaster" deb ataluvchi klaster bilan shartnoma tuzilgan 300 dan oshiq fermerga ikki yildan beri pul to‘lanmagani aytilmoqda.

Toshkent viloyat hokimligi vakili firma fermerlarga 18 milliard so‘m (taxminan, 1,9 million dollar) qarzdor ekanini, fermerlar qo‘l qo‘ygan shartnomalarning birotasida kompaniyaning manzili ko‘rsatilmaganini tasdiqladi.

Fermerlar qonun yo‘li bilan himoya qilinmagan.

‒ Ayni vaziyatda fermerlar qonun yo‘li bilan himoya qilinmagan, ‒ dedi Toshkent viloyat hokimligi vakili “Ozodlik” radiosiga.

‒ Bu klaster kompaniyasi boshga bitgan balo bo‘ldi, ‒ dedi shaxsiy xavfsizlik nuqtai nazaridan ismi sir qolishini istagan fermerlardan biri “Ozodlik” radiosiga. ‒ 2018 yilda topshirgan bug‘doy hosili va 2019 yilda yetishtirgan paxta va bug‘doy hosili uchun pul olganimiz yo‘q. Ikki yilda klaster rahbari 3 marta almashdi. Bizga 31 dekabrga qadar pul to‘lanishi kerak. Hozir qulog‘imizgacha qarzga botib ketdik.

Fermerlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri klasterning o‘ziga shikoyat qilishni istaydi, ammo uning idorasi yoki manzili qayerda ekanini bilmaydi.

Klaster ko‘rib yoki topib bo‘lmaydigan arvohga o‘xshaydi.

‒ Biz dastlab qanday ekin ekish topshirig‘ini viloyat hokimligidan oldik, lekin endi pulini so‘rasak, u yerdagilar yelka qisishdan nariga o‘tmayapti, ‒ dedi fermer. – Hokimlikdagilar firmaning manzilini bilmasligini aytdi. Klaster ko‘rib yoki topib bo‘lmaydigan arvohga o‘xshaydi.


So‘nggi so‘z o‘rnida

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi jurnalistlari Ron Synovitz va Sadriddin Ashurovlarning o‘qiganingiz maqolasining ingliz tilidagi versiyasi 16 dekabrda e’lon qilingan edi.

O‘shandan buyon Ozodlik o‘zbekistonlik fermerlar klaster korxonalardan 2019 yilgi paxta hosili uchun hanuzgacha pulini ololmayotgani to‘g‘risida bir necha maqola yoritdi. Ularni shu sahifadagi "Aloqador" rukni ostida o‘qishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG