Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 03:01

Putin Federal Majlisga konstitutsiyani o‘zgartirishni taklif qildi


Rossiya prezidenti Vladimir Putin parlament oldida so‘zlagan yillik nutqi davomida parlament vakolatlarini oshirish uchun konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishga chaqirdi.

Putin 15 yanvar kuni Federal Majlisda so‘zlagan nutqida 1993 yilda qabul qilingan konstitutsiya o‘zgartirilishi kerak, degan fikrni bildirdi. Xususan, prezident vazirlarni hamda bosh vazirni tayinlash huquqi Rossiya parlamentining quyi palatasi - Davlat Dumasiga o‘tkazilishi kerakligini aytdi. Ayni damda ularni prezident tayinlaydi.

Ammo Putin bir vaqtning o‘zida Rossiya “kuchli prezident respublikasi” bo‘lib qolishi kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlarni hamda bosh vazirni ishdan olish hamda mudofaa va xavfsizlik vazirlarini tayinlash huquqi prezidentda qolishi kerak.

- Bu chora mamlakatimiz parlamentining roli va ahamiyatini oshiradi, - dedi Putin.

Prezident bu islohotlarni joriy qilish uchun referendum o‘tkazish lozim bo‘lishini aytdi, ammo biror sana taklif qilmadi.

Rossiyada konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha so‘nggi marta 1993 yilda referendum o‘tkazilgan edi.

Shuningdek, Putin prezidentlikka nomzodlarga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirishga chaqirdi. Uning taklifiga binoan, bo‘lajak prezident mamlakatda kamida 25 yil yashagan bo‘lishi hamda xorij fuqaroligiga ega bo‘lmasligi kerak.

Bundan tashqari, prezident xalqaro qonunlar ustidan mahalliy qonunlar ustuvorligini ta’minlash uchun konstitutsiyaga tegishli o‘zgartirish kiritishni taklif qildi.

Putinning nutqi Rossiya Qrimni anneksiya qilib, Ukraina sharqida ayirmachilarni qo‘llayotgani hamda AQSh saylovlariga aralashgani uchun G‘arb davlatlari mamlakatga qarshi sanksiya joriy qilgan bir paytga to‘g‘ri keldi.

Iqtisodchilar Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalar mamlakat iqtisodiy o‘sishini sekinlatgani aytishmoqda. Xususan, sanksiyalar tufayli mamlakatda kambag‘allik oshib bormoqda. Shuningdek, aholi o‘rtasida joriy hukumatdan norozilik kuchaymoqda. O‘tgan yilning yozida poytaxt Moskvada va boshqa shaharlarda keng ko‘lamli aksilhukumat norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.

67 yoshga to‘lgan Putin Rossiya siyosatida so‘nggi yigirma yil davomida eng muhim shaxs bo‘lib keladi. 2018 yilda Putin olti yillik muddatga qayta saylandi. Joriy qonunlarga binoan 2024 yilda u prezidentlikni tark etishi kerak, chunki bir shaxs ko‘pi bilan qatorasiga ikki muddatga saylanishi mumkin.

Putin har yili uch marta milliy auditoriya oldida chiqish qiladi. Federal Majlis oldidagi nutqdan tashqari prezident har yili savol-javob sessiyasini hamda yillik matbuot anjumanini o‘tkazadi.

Putun bugun “Manej” markaziy ko‘rgazma zalida so‘zlagan nutqini hukumat rasmiylari, sud tizimi vakillari, gubernatorlar hamda siyosiy elitaning boshqa a’zolari tingladi.

Putin Rossiya aholisining ozayib borayotgani mamlakat kelajagiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid solishini aytib, tug‘ishlar sonini oshirish hamda yangi oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun rasmiylar ko‘proq chora ko‘rishi kerakligini ta’kidladi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, qisqarib borayotgan maoshlar aholi soni o‘sishiga to‘sqinlik qilmoqda. Ayni damda Rossiya aholisi 147 million kishini tashkil qiladi

- Mamlakat duchor bo‘layotgan keng ko‘lamli ijtimoiy, iqtisodiy hamda texnologik qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun tezroq natija ko‘rsatishimiz kerak, - dedi Putin.

- Jamiyatimiz o‘zgarishlarni talab qilayotgani hammamizga ayon. Odamlar taraqqiyot istaydilar va hunar, ilm-fan hamda turmush sohalarida olg‘a qadam tashlash uchun kurashyaptilar, - deya qo‘shimcha qildi prezidenti.

Nutqi davomida Putin Rossiya harbiy salohiyatini maqtab o‘tdi. Prezident Rossiya global qurol-aslaha poygasida yetakchilik qilayotganini iddao qildi.

XS
SM
MD
LG