Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:41

Banklarga mijozlarini yoppasiga HUMO kartasiga o‘tkazish buyurildi. Bir monopolist o‘rnini ikkinchisi egallamoqdami?


Tijorat banki xodimlariga ko‘ra¸ mijozlar to‘lov kartalarini uch kun ichida yoppasiga almashtirish haqida Markaziy bank buyruq bergan. Surat markazida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov.
Tijorat banki xodimlariga ko‘ra¸ mijozlar to‘lov kartalarini uch kun ichida yoppasiga almashtirish haqida Markaziy bank buyruq bergan. Surat markazida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov.

O‘zbekiston Markaziy banki mamlakat tijorat banklariga o‘z mijozlarini zudlik bilan HUMO kartalariga o‘tkazishni buyurdi.

Tijorat banki xodimlari bergan bu ma’lumotni Toshkent hukumatining bank-moliya sektoriga bevosita aloqador mulozimi tasdiqladi.

Tijorat banklari¸ bunday og‘zaki buyruqni “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunga zid¸ o‘zlari uchun ziyonli deb baholagan bo‘lsa¸ hukumat mulozimi buni Uzcard monopoliyasini tugatishga qaratilgan "ijobiy harakat" sifatida izohladi.

Markaziy bank matbuot xizmati bu ma’lumotga izoh berishni istamadi.

Markaziy bankning og‘zaki buyrug‘i

Ozodlikka bog‘langan O‘zbekiston tijorat banklari xodimlaridan bir nechtasi¸ ayni kunlarda o‘z mijozlarini to‘lig‘icha HUMO kartasiga o‘tkazish borasidagi bosimning kuchayib ketganini iddao qildi.

Markaziy bank majlis o‘tkazib (14 yanvar kuni) bir kun ichida banklarning hamma mijozlariga HUMO kartochkasi ochilsin va oyliklari bundan keyin HUMO kartasiga tushirilsin¸ degan vazifa berdi. Bu - hamma yuridik shaxslar va ularning jismoniy shaxs bo‘lgan ishchilarining kartalari¸ sodda qilib aytganda¸ butun mamlakat HUMO ga o‘tishi kerak¸ deganidir. Mana ikki kundirki banklar va ularning filiallari o‘z mijozlari uchun shartnoma mavjud bo‘lmasada¸ HUMO kartalari ochishmoqda va mijozlarga qo‘ng‘iroq qilib yangi HUMO kartalarini olib ketishni eslatishmoqda. Banklarning plastik karta bo‘limlari ikki kundan beri uyiga ketmasdan mijozlarga HUMO karta ochish bilan ovora”¸ deb xabar yozdi bank nomi va shaxsi sir qolishini so‘ragan tijorat banki xodimi.

“Prezident o‘tkazgan selektordan so‘ng HUMOga o‘tkazish kampaniyasi kuchaydi”

Ozodlik gaplashgan bank tizimi mulozimlarining aytishlaricha¸ Markaziy bank bunday buyruqni 14 yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan videoselektor yig‘inidan so‘ng bergan.

14 yanvar kuni davlat rahbari boshchiligida "Hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli va 2020 yilda bank tizimi oldida turgan dolzarb vazifalar" mavzusida kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ana shu yig‘ilishda Xalq banki, O‘zMilliybank va O‘zSQB ning kun tartibidagi masala yuzasidan hisobotlari ham eshitildi. HUMOga o‘tkazish haqida qat’iy talab va buyruqlar aynan ana shu yig‘ilishdan keyin berila boshlandi”¸ dedi o‘zining bu yig‘ilishda bevosita qatnashmaganini ta’kidlagan tijorat banki mulozimlaridan biri.

Aytilishicha¸ Markaziy bank buyrug‘i ortidan viloyat, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosarlari ham bu masalaga aralashib, banklarga mijozlarni HUMOga o‘tkazish haqida topshiriq bergan.

Markaziy bankning joylardagi hududiy boshqarmalari har soatda HUMOga nechta mijoz o‘tgani haqida tijorat banklaridan ma’lumot yig‘ib o‘tiribdi. Bank rahbarlarining zir yugurib yurishidan jiddiy topshiriq berilgan. Muhlat 16 yanvargacha deyilgan”¸ dedi bankirlardan yana biri.

Mijozlar norozi. Sabablar?

Ozodlik bilan shaxsi sir qolishini so‘rab gaplashgan tijorat banklari xodimlari¸ keyingi ikki kun ichida zudlik bilan borayotgan Uzcard tizimidan HUMOga majburiy o‘tish mijozlar e’tiroziga sabab bo‘layotganini bildirdi.

Mijoz sifatida o‘zim ham HUMO kartasida ish haqi olishni xohlamayman. Birinchidan¸ bunday majburlov harakatlarini monopolistik harakat va nosog‘lom raqobat deb bilaman. Ikkinchidan¸ qaysi karta orqali ish haqi olishimni Markaziy bank yoki tijorat banki emas¸ men¸ ya’ni¸ mijoz hal qilishim kerak. Uchinchidan, garchi HUMO kartam bo‘lsada¸ uni deyarli ishlatish imkoni yo‘q - HUMO kartamga tushgan pulni bankomatdan yoki banklardan 1 foiz evaziga naqdlashtirib olaman¸ xolos. HUMO terminallari barcha savdo nuqtalarida ham mavjud emas¸ kartalari mobil ilovalarda ishlamaydi, HUMO kartalari orqali boshqa kartalarga yoki masofaviy xizmatlarga pul o‘tkazish imkoni yo‘q¸ hozircha. Xatto HUMO kartalariga mablag‘ kelib tushganda SMS xabar tizimi ham ishlamayapti»¸ deydi Toshkentdagi tijorat banklari mutaxassislaridan biri.

Ozodlik gaplashgan bank xodimlari HUMO kartalaridan oddiy soliq yoki gaz uchun pul o‘tkazishning imkoni yo‘qligi¸ ko‘pchilik do‘konlar, dorixona, ovqatlanish joylari va benzin quyish shohobchalarida HUMOning ishlamasligi yoki terminallarining bank bilan aloqasi uzilganini ta’kidladi.

«Odamlarning kartasida puli bor¸ lekin ishlata olmaganidan keyin hohlamaydida HUMOga o‘tishni»¸ dedi qisqa qilib mutaxassislardan biri.

HUMO menga ham yoqmaydi¸ ammo yo‘qolsin monopolist”

O‘zbekiston hukumatining bank-moliya sektorida ishlovchi mulozim Ozodlik bilan suhbatda HUMO kartalariga o‘tkazish jarayoni borayotganini e’tirof qildi.

Bilasiz¸ hozirgacha bu tizim faqat bitta monopolist – Uzcard qo‘lida qolmoqda. Prezidentdan tortib hamma o‘zbekistonlik oyligini ham¸ oldi-berdisini ham shu tizim orqali qilishga majbur. Uzcardning kimga hujjatlashtirilganini aniq bilmayman¸ lekin uning MXX sobiq raisi general Rustam Inoyatov oilasi nazoratida ekanini ko‘pchilik biladi. 2019 yildan ana shu tizimni monopoliyadan chiqarish uchun HUMO tizimi muomalaga kiritildi”¸ dedi hukumat mulozimi.

O‘z ish haqining ham HUMO kartalariga tushirilayotgani va bundan rozi emasligini ta’kidlagan bu suhbatdosh¸ yangi tizimni rivojlantirish uchun katta mablag‘ kerakligi va buning uchun mijozlar sonini oshirish lozimligini ta’kidladi.

Hukumat banklardan kamida 50 foiz mijozini HUMOga o‘tkazishni so‘radi¸ bu bor gap. Lekin 100 foiz¸ majburiy degan gapdan xabarim yo‘q. Bu jarayon o‘zbekistonliklarni Uzcard – MXX generallari changalidan qutqarish uchun qilinayapti. Shunga HUMO oyoqqa turvolguncha¸ chidamliroq bo‘lib turishimiz kerak”.

“O‘tish davri zarari tijorat banklariga tushmoqda”

Uzcardning MXX generallariga qarashli monopolist tizim bo‘lib kelayotganini e’tirof etgan tijorat banki mutaxassislari HUMOning joriy qilinishiga e’tirozlari yo‘qligini aytdi.

Faqat ular¸ bir monopolistni bozordan chiqarish uchun davlat mashinasi ko‘magida ikkinchi monopolistning yaratilayotganiga qarshi ekanlarini ta’kidladi.

Ular ta’kidicha¸ bir tizimdan ikkinchisiga ma’muriy bosim va yoppa majburlash orqali o‘tkazish tijorat banklariga qimmatga tushmoqda.

Markaziy bank ish haqidan tashqari ishlatiladigan Uzcard karta egalari bo‘lgan mijozlar uchun ham HUMO kartalarini tijorat banklari o‘z hisobidan ochib berishini talab qilmoqda. Uzcard kartalarini ochtirish uchun mijoz pul to‘laydi, lekin HUMO kartalarini ochish uchun banklar o‘z hisobidan pul to‘laydi. HUMO kartalarini esa banklar Markaziy bankdan 35.000 so‘mdan sotib oladi. 2000 ta mijozi bo‘lgan oddiy bank filiali tekinga HUMO kartasi ochib berishi ortidan 70 million so‘m zarar ko‘radi. Bu esa bank xodimlariga to‘lanadigan, mukofot va boshqa qo‘shimcha moddiy to‘lovlarning qisqarishiga sabab bo‘lmoqda. Bu banklarga ochiqdan-ochiq zarar keltirish degani. O‘zi umuman mijoz hohlamasa, xabari ham bo‘lmasa uning nomidan qandaydir hisob raqamlar, to‘lov kartalari ochish nima uchun kerak? Markaziy bank regulyator sifatida bank iste’molchilarining huquqlarini o‘zi eng avvalo buzmasligi va banklarga bosim o‘tkazish yo‘li bilan monopolistik harkatlarni sodir etmasligi lozim”¸ deydi Ozodlikka tijorat banki mulozimlaridan biri.

Markaziy bankning tijorat banklariga bunday ko‘rsatma berishi mumkin emasligini ta’kidlagan bankirlar¸ O‘zbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni 8-moddasida “Banklar moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq qarorlar qabul qilishda mustaqildir” deb belgilanganini eslatdi.

“HUMOga o‘tish bosimi kuchaygani sayin¸ bu tizim og‘irlashmoqda”

Tijorat banki xodimlari Ozodlik bilan suhbatda 2019 yilda Uzcardga raqobatchi sifatida muomalaga chiqarilgan HUMO tizimining ayrim zamonaviy xizmatlar taklif qilayotgani¸ xususan NFC funksiyasi borligini e’tirof etdi.

Ammo ular fikricha¸ hali muhim funksiyalari ishlamayotgan¸ infrastrukturasi to‘liq shakllanmagan bir tizimga butun o‘zbekistonliklarni majburan haydab kirishdan¸ bu tizimga foydadan ko‘ra ko‘proq ziyon yetadi.

HUMO ham balki rivojlanib ketar, lekin hozir ura-ur qilib mijozlarni HUMOga o‘tkazgan sari¸ HUMO tizimi yanada og‘ir ishlayapti, tizim bir kunda o‘tkazilayotgan buncha mijoz hajmini ko‘tara olmayotir. 16 yanvar, ya’ni bugun tugatish kerak deyilgan. Lekin barcha banklar tizimiga kirib mijozlari uchun HUMO karta ochayotganliklari tufayli HUMO tizimi odatdagidan o‘ta sekin ishlamoqda, barcha banklar bugun mijozlarini HUMO karta tizimiga o‘tkazib ulgurishi mushkul deb o‘ylayman”¸ dedi 16 yanvar kuni Ozodlik gaplashgan bankirlardan biri.

2004 yildan beri O‘zbekistonda banklararo yagona to‘lov tizimi bo‘ib kelayotgan Uzcard to‘lov tizimi muassisi "Yagona umumrespublika protsessing markazi" MJSidir. Bu MChJ mulkdorlariga oid ma’lumot Uzcard rasmiy saytida yo‘q.

2019 yil may oyidan muomalaga chiqarilgan Humo to‘lov tizimi ta’sischisi esa¸ Ozodlik ko‘rgan rasmiy hujjatlarga ko‘ra¸ 2014 yili Adliya vazirligida ro‘yxatga olingan “Milliy banklararo protsessing markazi” MChJsidir.

Humocard ta’sischiga oid rasmiy hujjat.
Humocard ta’sischiga oid rasmiy hujjat.

Bu MChJning yagona ta’sischisi esa¸ Markaziy bankka qarashli “Axborotlashtirish bosh markazi” davlat unitar korxonasidir.

XS
SM
MD
LG