Линклар

Шошилинч хабар
27 сентябр 2020, Тошкент вақти: 11:20

AQSh armiyasi askarlari Eronning raketa hujumida jarohat olganini tan oldi


8 yanvar kuni Eron Iroqdagi AQSh harbiy bazasiga raketa bilan qilgan hujumda 11 askarning bosh miyasi chayqalgan, ular davolandi va shu kunda vrachlar nazorati ostida. Bu haqda AQSh Markaziy qo‘mondonligi bayonot berdi.

Avvalroq prezident Donald Tramp hujumlarda birorta ham amerikalik ziyon ko‘rmaganini aytgan edi.

16 yanvar kuni AQSh Markaziy qo‘mondonligi kapitani Bill Urban:

- 8 yanvar kuni Eron Ayn al-Asad havo bazasiga qilgan hujumda birorta AQSh harbiysi halok bo‘lmagan bo‘lsa-da, bir necha askar portlash ortidan bosh miya chayqalishi bilan bog‘liq simptomlari mavjudligi uchun davolandi. Ular hanuz kuzatuv ostida, — deya bayonot berdi.

- Hujumdan keyingi kunlarda ehtiyot chora o‘laroq ayrim harbiylarimiz Ayn al-Asad havo bazasidan olib chiqib ketildi, — dedi Urban.

Urban jarohat olgan harbiylar qo‘shimcha tibbiy ko‘riklardan o‘tish uchun Germaniyadagi Landshtul tibbiyot markaziga hamda Kuvaytdagi Kemp Arifjan harbiy bazasiga yuborilganini qo‘shimcha qildi.

- Askarlar xizmat qilishni davom etishga loyiq deb topilsa, ko‘rikdan keyin Iroqqa qaytishi kutilmoqda, — dedi harbiy.

Eron AQSh bazasiga hujum qilgan paytda u yerda taqriban 1500 nafar Amerika askari bo‘lgan. Hujum haqda oldindan ogohlantirilgan askarlarning aksari bunkerlarga yashiringan bo‘lgan.

Urbanning bayonoti avvalroq The New York Times nashrida e’lon qilingan xabarlarni tasdiqladi.

Tramp hujum ortidan qilgan chiqishida birorta ham amerikalik yoki iroqlik halok bo‘lmaganini, birorta ham amerikalikka ziyon yetmaganini bildirgan edi. Prezident baza “minimal darajada zarar” ko‘rganini qo‘shimcha qilgan.

AQSh mudofaa vaziri Mark Esper ham Trampnikiga o‘xshash bayonot bergan, u hujumda hech kim halok bo‘lmaganini bildirgan.

Eron rasmiylari Ayn al-Asad hamda Harir havo bazalariga raketa bilan qilingan hujum Islom inqilobi muhofazasi korpusi generali Qosim Sulaymoniy AQSh tomonidan o‘ldirilganiga javoban amalga oshirilganini bildirgan edi.

Eron Islom inqilobi muhofazasi korpusi tarkibidagi “Quds” maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni bo‘lgan Sulaymoniy 3 yanvar kuni Bag‘dodda AQSh dron hujumi oqibatida halok bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG