Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:22

Hozircha maxfiy: taqiqlangan diniy adabiyot, sayt va tashkilotlarning yangi ro‘yxati tasdiqlandi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi mamlakatda tayyorlash, tarqatish va xorijdan olib kirish taqiqlangan diniy materiallarning yangilangan ro‘yxatini tasdiqladi.

2019 yil 25 dekabr kuni tasdiqlangan hujjatning Ozodlikka sizdirilgan nusxasi "Xizmat doirasida foydalanish uchun" deb tasniflangan.

Din ishlari qo‘mitasi ro‘yxatning IIVga taqdim qilingani, ammo bu haqda Ozodlikka hech qanday ma’lumot berilmasligini bildirdi.

Nusxasi 20 yanvar kuni ichki ishlar tizimidagi mulozim tomonidan shaxsi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka taqdim etilgan hujjat A-4 formatda, 40 sahifadan ortiq.

Ro‘yxatga kiritilgan materiallarning asosiy qismi O‘zbekiston va qator davlatlarda diniy ekstremist, radikal va terrorchi deb topilgan tashkilotlar, guruhlar vakillari va alohida ulamolarga tegishli ma’ruzalar, kitoblar, saytlar, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalar, kanallardir.

Bular sirasida "Hizbut Tahrir", "Nurchilik harakati", "Akromiylar jamoasi", "Nursafardiya harakati", "Tavhid va jihod katibasi", "Jabhatun nusra", "Tablig‘ jamoati" va hokazo guruh nomlari qayd etilgan.

Bundan tashqari, ushbu guruhlarga tegishli bo‘lgan ma’ruzalar, kitoblar va videolavhalardan olinib, alohida shaxslar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga joylangan parchalar yoki ulardan ilhomlanib yozilgan maqolalar sarlavhalari ham "qora ro‘yxat"ga tushgan.

Shuningdek, ro‘yxatdan Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi muallifi noma’lum bo‘lgan diniy-siyosiy mazmundagi maqolalar, ma’ruzalar, she’rlar, videomateriallar ham o‘rin olgan.

Bosh qarorgohi Nyu Yorkda joylashgan VICE NEWS kanalidagi bir lavha - Suriyadagi Markaziy osiyolik jangarilar aks etgan qariyb 1 daqiqalik videolavha ham ro‘yxatga kiritilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda tanilgan yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxonning "Bu kunlar" kitobi, 2018 yilda O‘zbekistonni tark etgan imom Fazliddin Parpiyevning prezidentga videomurojaati ham ro‘yxatga kiritilgan.

Shvetsiyadan boshpana topgan qoraqalpog‘istonlik imom Muhammadsodiq Obutov, shu kunda Qirg‘izistonda qamoq jazosini o‘tayotgan qorasuvlik imom Rashod Kamolov hamda uning marhum otasi Muhammadrafiq Kamolov, Shvetsiyada suiqasdga uchragan namanganlik imom Obidxon Nazarov, 1994 yilda Toshkent aeroportida g‘oyib bo‘lgan andijonlik imom Abduvali Mirzayevlar nomi ham ro‘yxatda.

Hujjat boshidagi eslatmada ro‘yxatdan o‘rin olgan barcha materiallar taqiqlangan, deb hisoblanishi ta’kidlangan. Bundan tashqari, ro‘yxat muntazam yangilanib, to‘ldirilib borilishi alohida qayd etilgan.

Quyida ushbu ro‘yxatning ba’zi sahifalari berilgan:

Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Din ishlari bo‘ycha qo‘mita vakillari shunday ro‘yxat borligi, Ichki ishlar vazirligiga berilganini bildirdi.

Ammo ro‘yxatga oid boshqa savollar, jumladan bu ro‘yxat nega jamoatchilikka oshkor qilinmagani haqidagi savolni ochiq qoldirdi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidan bu borada biror ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Bu shu kunga qadar Ozodlikka kelib tushgan xizmat doirasida ichki foydalanish uchun tayyorlangan ilk to‘liq ro‘yxatdir.

Bunga qadar, Adliya vazirligi O‘zbekiston Oliy sudining 2019 yil 12 martdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, Internet tarmog‘idagi 40 ta resurs - sahifa, kanal va profil ekstremistik, deb topilganini xabar qilgan, ro‘yxatini e’lon qilgan.

Quyida ushbu ro‘yxat bilan tanishishingiz mumkin:

Adliya vazirligiga ko‘ra, 2018 yil 30 iyulda qabul qilingan “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasiga muvofiq, O‘zbekistonda biror tashkilotni ekstremistik, deb topish sud tartibida amalga oshiriladi.

Tashkilotni "ekstremistik" deb topish to‘g‘risidagi arizani esa Bosh prokuror Oliy sudga kiritishi lozim.

Oliy sud hukm chiqarib, taqiq qonuniy kuchga kirgach, bu ro‘yxat Adliya vazirligi va Oliy sudning rasmiy saytida e’lon qilinishi kerak.

25 dekabr sanasi bilan yangilangan ro‘yxatning aynan shu protseduraga muvofiq tasdiqlangan-tasdiqlanmagani¸ uning biror rasmiy manbada jamoatchilikka e’lon qilingani Ozodlikka ma’lum emas - ochiq Internet resurslarida bu ro‘yxat hozircha topilmadi.

Ichki ishlar vazirligi tizimidagi manbalarning ma’lum qilishicha, mamlakat ichkarisi va chegarasida ro‘yxatga kiritilgan materiallar bilan ushlangan o‘zbekistonliklarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 244-1-modda va 246-moddalari qo‘llaniladi.

244-1-moddada "jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish" aybi ko‘zda tutilgan.

246-moddada "diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi materiallarni O‘zbekiston bojxona chegarasidan o‘tkazish" aybi ko‘zda tutilgan.

Bu moddalardagi ayb tasdig‘ini topgan taqdirda ayblanuvchiga "bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish" jazosi qo‘llanishi mumkin.

XS
SM
MD
LG