Линклар

Шошилинч хабар
27 феврал 2020, Тошкент вақти: 01:38

Turizm qo‘mitasi temuriylar maqbarasini mehmonxonaga aylantirmoqchi. Madaniyat vazirligi norozi


Ashratxona maqbarasi

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rasmiy sahifasida 8 yanvar kuni e’lon qilingan xabarga ko‘ra¸ Samarqanddagi XV asr arxitektura yodgorligi - Ashratxona (ilmiy manbalarda Ishratxona deb yoziladi - tahr.) Ispaniyaning Paradores shirkati tarafidan «mehmonxonaga aylantiriladi».

Xabarda aytilishicha¸ Buxorodagi Tosh-saroy majmuasi ham ispan investorlari nazariga tushgan.

Xabarda yozilishicha¸ qo‘mita raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Abdulaziz Oqqulov “Paradores” mehmonxonalar tarmog‘i vakillari bilan bu borada kelishuvga erishgan.

«Uchrashuv davomida tarixiy binolarda mehmonxona xizmatlarini tashkil qilishga yo‘naltirilgan “Paradores de turismo de Espana” kompaniyasining asosiy faoliyati taqdim etildi. “Paradores” mehmonxonalari muqobiliga mos ikki ob’yekt alohida qayd etildi. Bu – Samarqanddagi Ishratxona hamda Buxorodagi Tosh-saroy. Mehmonxonalarni yaratish jarayoni me’moriy yodgorliklarning dastlabki ko‘rinishini tiklash hamda keyinchalik ularni mehmonxonaga aylantirishni ko‘zda tutadi»¸ deyiladi xabarda.

Paradores de turismo de Espana shirkati qadimiy qasr va ibodatxonalarni mehmonxonaga aylantirish bilan shug‘ullanadi.

Ayni shirkat Ispaniyaning Estremadura mintaqasidagi XIV asrga oid Xarandilya-de-la-Vera (isp. Jarandilla de la Vera) qasrini to‘laligicha mehmonxonaga aylantirgan.

Ashratxona majmuasi
Ashratxona majmuasi

Shirkat rasmiy nashrida aytilishicha¸ ular mehmonlarga tarix ichida yashash va tunash imkonini yaratadi.

Shirkat O‘zbekistonga qadimiy obidalar ichida mehmonxona qurish bo‘yicha rasmiy Toshkent taklifi bilan kelgan.

Ozodlik Paradores de turismo de Espana shirkati vakillari Samarqandga kelgan paytda ularga hamrohlik qilgan Samarqand viloyat turizm departamentining o‘zini Dilshod deb tanishtirgan vakili bilan suhbatlashdi.

Uning 21 yanvar kuni Ozodlikka aytishicha¸ “Paradores” shirkati vakillari Ashratxona majmuasiga borib¸ uni mehmonxonaga aylantirish istiqbolini muhokama qilgan.

- Bu muhokama paytida Ashratxona obidasining ispanlarga berilishi haqida uzil-kesil qarorga kelinmagan.

Samarqand
Samarqand

E’tirozlar

O‘zbekistondagi tarixiy-madaniy obidalar himoyasi bilan shug‘ullanuvchi Madaniyat vazirligi 18 yanvar kuni turizm idorasining bu tashabbusiga​ qarshiligini yozma shaklda ifoda qilgan.

Shaxsi sir qolishini so‘ragan vazirlik rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda qat’iy shaklda «Temuriy hukmdor Abu-Said XV asrda qurdirgan bu obida ispanlarga berilmaydi va mehmonxonaga aylantirilmaydi"¸ dedi.

- Samarqand shahri, Sadriddin Ayniy ko‘chasi, 6-manzilda joylashgan XV-asrda barpo etilgan Ashratxona maqbarasi Turkiston Respublikasi Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi va Xalq komissarlari Kengashining 1923 yil 27-martdagi 52-son qarori bilan tarixiy, me’moriy madaniy meros ob’yekti sifatida Davlat muhofazasiga olingan. XV asrga oid shakl va bezaklarining mukammalligi, nafisligi bilan kishini hayratga soladigan bu obida hali ham davlat muhofazasida turibdi"¸ dedi Madaniyat vazirligi rasmiysi.

Temuriyzodalar qabri joylashgan maqbarani mehmonxonaga aylantirilish rejasi e’lon qilingani ortidan san’atshunoslar ham ijtimoiy tarmoqlarda o‘z e’tirozini bildirdi.

Ozodlik bilan 21 yanvardagi suhbatda san’atshunos va me’mor Abdumalik Turdiyev bu g‘oyani “Lenin mavzoleyini gostinitsaga aylantirish kabi absurd”¸ deb atadi.

Ashratxonani mehmonxonaga aylantirish haqidagi gap qaerdan chiqdi?

Turizmni rivojlantirish bilan bog‘liq hukumat loyihasida ishlayotgan¸ matbuotga gapirish vakolatiga ega bo‘lmagani bois ismini aytmagan mulozimga ko‘ra¸ “O‘zbekistondagi qadimiy obidalarni mehmonxonaga aylantirib turistlarni jalb qilish taklifi mamlakat rahbari Shavkat Miromonovich tarafidan selektor yig‘ilishida aytilgan”.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ "O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi bu selektor yig‘ilishi 2019 yil yanvarida bo‘lgan:

- Shundan keyin prezident 2019 yilning 5 yanvarida farmon imzoladi. Bu hujjat 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish konsepsiyasi¸ deb aytiladi.

Mulozimga ko‘ra¸ shundan so‘ng Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi shu konsepsiya asosida takliflar kiritgan.

"Ashratxonani mehmonxonaga aylantirish haqidagi taklif qo‘mita va Madaniyat vazirligi o‘rtasida bahsga sabab bo‘ldi. Obida vazirlikka tegishli. Vazirlik bermaymiz deb oyoq tirab turibdi. Jamoatchilik fikri ham qabriston ustida mehmonxona qurish g‘oyasiga qarshi. Bilishimcha¸ Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bu borada yon berishga majbur bo‘ladi"¸ dedi hukumatning turizm loyihalariga bevosita aloqador mulozimi.

Ashratxonaning 1895 yilgi tasviri
Ashratxonaning 1895 yilgi tasviri

Hotelga aylangan madrasa

O‘zbekistonda qadimiy obidalarni mehmonxonaga aylantirish jarayoni sovet davrida boshlangan.

Xivadagi Muhammad Aminxon madrasasi 1977 yilda chet ellik turistlar uchun mehmonxonaga aylantirilgan edi.

Xivaning qo‘ng‘irot o‘zbeklaridan chiqqan 7- xoni qurdirgan bu noyob obidaning 125 hujrasida zamonaviy klozet va dush kabinalari qo‘yilgani o‘z vaqtida UNESCO e’tiroziga sabab bo‘lgan edi.

Bu e’tirozlarga qaramay¸ ayni kunlarda ham Muhammad Aminxon madrasasidan mehmonxona¸ kafe-bar sifatida foydalanilmoqda.

San’atshunos va me’mor Abdumalik Turdiyevning aytishicha¸ “otel qilingan Xivadagi madrasaga kanalizatsiya quvurlari o‘tkazish chog‘ida obida jiddiy zarar ko‘rgan":

- Qadimiy obidaning turizm industriyasi oshqozonida hazm bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu masalada dunyo tajribasi mavjud. Obidani Madaniyat vazirligi qo‘riqlab¸ ta’mirlab boradi. Turizim industriyasi esa obidadan masofalangan holda o‘z biznesini yuritadi. Dunyodagi ko‘p obidalarni vayron holida konservatsiya qilib saqlab turishadi. Masalan¸ Turkiyaning Adana shahridagi yerga to‘shalgan qadimgi mozaikalar o‘q o‘tmas oyna bilan qoplangan. Turistlar oynaning ustida yurib tomosha qilishadi.

Ashratxona haqida

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Ozodlik so‘roviga binoan¸ Ashratxona maqbarasi haqida ma’lumot taqdim qildi

Bu ma’lumotda yozilishicha¸ Ashratxona maqbarasi madaniy meros ob’ekti sifatida joriy yilda ta’mirlash -tiklash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun Davlat dasturiga kiritilgan.

Ashratxona keyingi yuz yil ichida sharqshunos va arxeologlar qiziqishiga sabab bo‘lib kelmoqda.

Xususan¸ taniqli nemis san’atshunosi Ernst Kon-Viner, 1924 yilda Ashratxona majmuasini tadqiq qilish uchun Samarqandga kelgan.

Muallif o‘z tadqiqotida Ashratxonani Ispaniyaning Grenada shahridagi Alambra (isp. Alhambra,arab. الحمراء‎ al-xamro yoki qizil rang ma’nosidagi al xamar) obidasi bilan qiyoslab tahlil qilgan.

Ernst Kon-Viner Ashratxona estetik jihatdan Alambradan qolishmaydi va ba’zi jihatlari bilan undan ko‘ra mukammal¸ degan xulosaga kelgan.

Taniqli arxeolog Boris Zasipkinga ko‘ra¸ Ashratxona arxitektura shedevridir.

Shakllarga boyligi va rang-barang bezaklari bois Ashratxona shu paytgacha qurilgan maqbaralar ichida eng mukammalidir. Boshqa barcha maqbaralar Ashratxona bilan solishtirganda tussiz va g‘arib ko‘rinadi”, deb yozgan edi arxeolog olim.

O‘zbek san’atshunosi Turdievga ko‘ra “bu mukammal bino sovet davrida va undan keyin mustaqillikning 28 yilida no‘noq ta’mirchilar tomonidan muntazam vayron qiilingan”

- Restavratorlar bino jozibasi yo‘qolishi uchun qattiq harakat qilishdi. Buning ustiga johil aholi bino g‘ishtlarini tashmalab ketdi. Tabiat ham bu binoni ayamadi. 1897 yilgi zilzila oqibatida binoning gumbaz qismida yoriq paydo bo‘ldi. 1903 yilgi zilzilada maqbaraning gumbaz va baraban (gumbazni ushlab turuvchi tirgak) qismlari qulab tushdi. Omon qolgan 30 foiz rangli koshinlar va qabariq naqshlar binoning o‘tmish jozibasini tasavvur qilish uchun yetadi.

XS
SM
MD
LG