Линклар

Шошилинч хабар
24 октябр 2020, Тошкент вақти: 06:06

MIB xodimlarini yoqib yuborishga uringan samarqandlik ayol qamoqqa olindi


Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov buzilishi rejalashtirilgan uy fonida Dilorom Roziqova bilan suhbatlashmoqda. 2019, oktabr.

Samarqandda uyidan majburiy chiqarish to‘g‘risidagi sud qarorini ijro etish uchun 21 yanvarda kelgan MIB xodimlarini yoqib yuborishga uringan Dilorom Roziqovaga nisbatan tergov jarayoni yakunlanguniga qadar qamoqda saqlash ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Advokatning 28 yanvar kuni Ozodlikka aytishicha, 23 yanvarda sud o‘z qarorini chiqarishda Roziqovaning balog‘atga yetmagan bolani tarbiyalayotgan yolg‘iz ona ekanini e’tiborga olmagan.

Dilorom Roziqova bilan bog‘liq vaziyat mahalliy matbuotda ham keng yoritilgan va ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan edi.

Advokat: "Sud insonparvarlik tamoyillarini e’tiborga olmadi"

Dilorom Roziqovaning ismini aytilmasligini iltimos qilgan advokati Ozodlik radiosiga o‘z himoyasidagi Dilorom Roziqova ayni paytda Kattaqo‘rg‘on shahar 7-son tergov hibsxonasida saqlanayotganini bildirdi.

Advokat Roziqovani ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlash to‘g‘risida Samarqand shahar prokurori o‘rinbosari Hakimovning iltimosnomasiga asosan Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi Rahmonov 23 yanvar kuni qaror chiqarganini aytdi:

“Dilorom Roziqovaga nisbabatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismiga asosan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan ayblov qo‘yildi. Ammo sud uning yolg‘iz ona ekanini va 14 yoshli bolaning yolg‘iz qarovchisi ekanini hisobga olishi kerak edi. Masalan, uy qamog‘i bilan cheklansa ham bo‘lar edi”.

Advokatga ko‘ra, hozirda Roziqovaning 14 yoshli o‘g‘lini uning singlisi o‘z qaramog‘iga olgan.

Advokat tergov jarayonida Dilorom Roziqovani garov puli yoki xotin-qizlar qo‘mitasining kafolati bilan qamoqdan chiqarish bo‘yicha sudga murojaat tayyorlayotganini bildirdi.

Roziqovaning qo‘shnilaridan biri sud hukmini “adolatsiz qaror” deb atadi:

“Masalan, byudjetning 7 milliard so‘mdan ortiq pulini talon-toroj qilishda ishtirok etganlikda ayblanib sudlanayotgan Samarqand viloyat Bosh arxitektori Bobir Elmuradovni na tergov, na sud paytida qamoqqa olishdi. U bemalol ochiqda yuribdi. O‘z haqini talab qilib, oxir-oqibat iloji qolmaganidan so‘ng bu ishga qo‘l urgan ayolni esa, yosh bolasi borligiga qaramay qamab qo‘yishdi. Shu ham adolatdanmi?!”

O‘zi nima bo‘lgan edi?

Samarqand shahri, “Tinchlik” mahallasidagi ikki qavatli domda yashovchi fuqaro Dilorom Roziqova 2017 yildan beri o‘z uyining buzilishiga qarshi chiqib kelayotgan edi.

Roziqovaga ko‘ra, Samarqand shahar hokimining 2017 yilda “Tinchlik” mahallasidagi to‘rtta ikki qavatli uyni buzish to‘g‘risidagi qarori noqonuniy bo‘lgan. Roziqova buziladigan xonadoni o‘rniga unga munosib turar-joy berilmayotganini iddao qilgan.

Ammo 21 yanvar kuni MIB Samarqand shahar bo‘limi davlat ijrochisi M.Bekmuhammedov 12 nafar davlat ijrochisi yordamida Samarqand shahar sudining 2019 yil 12 sentabrdagi ijro hujjatiga asosan javobgar Dilorom Roziqovani xonadonidan majburiy chiqarish uchun borgan. Roziqova MIB xodimlariga yonayotgan sochiq otgan va yelim idishda benzin olib chiqib har tomonga, jumladan, yonayotgan sochiqqa ham sepgan.

“Mazkur holatda biror-bir MIB xodimi yoki fuqarolar tan jarohati olmagan. Turli joylardagi yong‘in o‘choqlari yong‘in xavfsizligi xodimlari tomonidan bartaraf etilgan. Samarqand shahri prokuraturasi ushbu holat yuzasidan shu kunning o‘zida jinoyat ishi ochgan”, deb yozgan edi 22 yanvar kuni mahalliy matbuot.

Qo‘shnilar va Roziqova

Ayni paytda Dilorom Roziqovaning qo‘shnilari uni eski uylar o‘rniga yangi uylarni qurmoqchi bo‘lgan qurilish shirkatini “shantaj qilayotganlikda” ayblab keladilar. Ularga ko‘ra, Roziqova qurilish shirkatidan belgilanganidan ko‘proq pul va uy undirish uchun shunday yo‘l tutmoqda.

“Buziladigan uyda 18 xonadon yashar edi. 14 xonadon qurilish shirkati bergan vaqtincha uylarga ko‘chib o‘tdi. Qurilish shirkati avariya holatiga kelib qolgan uyimizning o‘rnida yangi uyni qurib bitkazib, bizga ham avvalgi xonadonlarimizdan kengroq va kattaroq bo‘lgan xonadonlarni berishga rozi bo‘lgan. Shartnomalarni imzolaganmiz, ammo Roziqova va yana bir necha odam bu gaplarga ishonmasliklarini, uylarning buzilishi noqonuniy ekanini aytib, ikki yildan beri bizlarning yangi uylarga ko‘chib o‘tishimizga to‘sqinlik qilmoqda”, qo‘shnilardan biri.

Samarqand viloyat hokimi ham janjalga aralashdi

Samarqand viloyat hokimiyati matbuot xizmati 2019 yilning 29 dekabrida “Tinchlik” ko‘chasidagi buziladigan uylar bilan bog‘liq janjalli vaziyat viloyat hokimi Erkinjon Turdimov darajasigacha yetib borganini ma’lum qilgan edi.

Hokimiyat matbuot xizmati e’lon qilgan videolavhada Roziqovaning o‘ndan ortiq qo‘shnisi viloyat hokimining sayyor qabuliga kelgani va Roziqova bilan muammoni tezroq hal etib berishini iltimos qilgani aks etgan.

Ushbu videoda Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov o‘z ixtiyori bilan ko‘chib o‘tishga rozi bo‘lmay kelgan Roziqova va boshqalar yuzasidan quruvchi tashkilot tomonidan taklif qilingan uyni o‘zi shaxsan ko‘zi bilan ko‘rishini va hokimga yoqqan taqdirda mahalla oqsoqollarini chaqirib o‘sha uyga norozi fuqarolarni ko‘chirishini bildirgan. O‘shanda hokim:

«Bir yarim yildan beri bu narsa to‘xtab qolgan. Uylar vayron holatda, odamlar ko‘chib ketgan. Bitta sizni deb mana shu yerda to‘xtab tura olmaymiz. Shu nuqtai nazardan uch kun muxlat ichida o‘ziz samostoyatelno ko‘chib o‘tsangiz o‘tasiz, bo‘lmasa mana bugun sayyor sud bo‘ladi. Bizlar hamma hujjatlarni sudga berganmiz, suddan iltimos qilganmiz» deb aytgan.

Oradan to‘qqiz oy o‘tib viloyat hokimining aytgan so‘zlari amalga oshadi va opa-singil Roziqovaning ko‘rsatilgan uyga majburiy ko‘chirilishi bo‘yicha Oliy Sud Xay’atining ajrimi e’lon qilinadi.

Sud ajrimi MIB Samarqand shahar bo‘limi tomonidan fuqarolarga qonunda ko‘rsatilgan 15 kunlik sud qarorini ixtiyoriy ijro etish muddati berilmasdan majburiy amalga oshiriladi.

MIBdan norozi bo‘lganlar anchagina

O‘zbekistonda MIB xodimlaridan norozi bo‘lib, turli harakatlarni sodir etgan odamlar to‘g‘risida Ozodlikka tez-tez xabarlar kelib turadi.

Masalan, Dilorom Roziqova MIB xodimlarini yoqmoqchi bo‘lgan 21 yanvar kuni Andijon viloyati Andijon tumanida yashovchi 31 yashar Xushnud G‘oyibnazarov uyini musodara qilishga kelgan Majburiy ijro byurosi xodimlari oldida ustiga benzin quyib, o‘zini ëqib yubordi. 25 yanvar kuni Xushnud G‘oyibnazarov shifoxonada vafot etdi.

2018 yilning noyabr oyida esa Samarqandda elektr haqini undirish uchun kelgan MIB xodimlariga bolta bilan hujum qilgan xonadon egasi qamoqqa olinib, uch yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

Majburiy ijro byurosi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yilning o‘zida MIB xodimlariga qarshilik ko‘rsatilgani bilan bog‘liq 132ta holat qayd etilgan.

Byuro tashkil etilgan 2017 yildan buyon esa fuqarolarning qarshilik ko‘rsatishi tufayli 4 nafar MIB xodim o‘z vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgan. 200 dan ortiq xodimlarga turli darajada tan jarohati yetkazilgan.

XS
SM
MD
LG