Линклар

Шошилинч хабар
29 сентябр 2020, Тошкент вақти: 12:02

Pokistondagi universitetda lab bo‘yog‘i taqiqlanishi noroziliklarga sabab bo‘ldi


“Talaba qizlar labiga bo‘yoq surtishiga ruxsat berilmaydi”. Bu Pokiston nazoratidagi Kashmirda joylashgan universitetning qiz talabalari uchun chiqarilgan buyruqdir.

“Mabodo kimda-kim labi bo‘yalgan holda ko‘rinib qolsa, o‘sha joyning o‘zida jarimaga tortiladi”, deyiladi “Ozod Jammu va Kashmir” universiteti tarqatgan bildiruvda. Qo‘shimcha qilinishicha, qizlar ushbu tartibni buzgani uchun har safar 100 rupiydan (65 sent) jarimaga tortiladi.

21 yanvarda chiqarilgan buyruq noroziliklarga sabab bo‘ldi, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari, talabalar va huquq himoyasi faollari bu hol talabalarning huquqini poymol qilishini aytmoqda. Faollar ijtimoiy tarmoqlarda bildiruvni o‘ta dindor va konservativ mintaqada ayollar huquqining yana bir cheklanishi deya qoralamoqda.

Buyruq qo‘zg‘agan ushbu shov-shuv sabab bo‘lsa kerak, 27 yanvarda kampusi Muzaffarobod shahrida joylashgan universitet rahbariyati buyruqni bekor qildi.

Biroq vaqtinchalik taqiq musulmonlar ko‘pchilikni tashkil etadigan Pokiston va Kashmirdagi maktab va universitetlarda dress-kod – kiyinish tartibini joriy etish bo‘yicha so‘nggi urinishldardan biri, xolos.

“Regressiv xatti-harakatlar”

Ismini atashni istamagan bir universitet o‘qituvchisi “Ozodlik” radiosiga universitet rahbariyatini bunday qadam qo‘yishga sinf xonalari va ayollar vannaxonalarida lab bo‘yog‘i bilan chizilgan uyat graffiti suratlariga oid shikoyatlar sabab bo‘lganini aytdi.

O‘qituvchi “Ozodlik” radiosiga jo‘natgan graffiti suratlaridagi tasvir chaplanib ketgan. Suratlarning haqiqiy ekanini aniqlab bo‘lmadi.

Universitet ma’muriyatining taqiq sababini tushuntirishga urinishlari keskin tanqidni bartaraf qila olmadi.

‒ Shu rostmi? ‒ deb so‘radi pokistonlik senator Sherri Rahmon. ‒ Universitet boshqaruvining kuchi va vaqtini sarflaydigan boshqa ishi qolmadimi?

“Marshi Avrat” ayollar huquqini himoya qiluvchi tashkilotlar jamoasi vakili aytishicha, “aslida erkinlik qo‘rg‘oni deb bilinadigan bunday ta’lim muassasalari xavotirlarga sabab bo‘lmoqda va talabalarning asosiy huquqini poymol qilmoqda”.

Pokistonning GNN TV tarmog‘i jurnalisti Asg‘ar Hayot taqiqni “o‘ta kulgili” deb atadi.

‒ Universitet ma’muriyati yoshlarimizga sifatli ta’lim berish o‘rniga lab bo‘yog‘ini taqiqlab o‘tiribdi, ‒ dedi u.

Inson huquqi faoli Aliy Kashmiriy ushbu xatti-harakatni “tanlash erkinligiga yana bir hujum”, deb baholadi.

Hijob bilan bog‘liq ziddiyatlar

Lab bo‘yog‘ini vaqtinchalik taqiqlash Pokiston maktab va universitetlaridagi so‘nggi qarama-qarshilikka sabab bo‘ldi. U yerdagi boshqa ta’lim muassasalarida qiz talabalarni ajratib o‘qitish va ayollar uchun qat’iy kiyinish tartibini joriy qilishga urinib ko‘rilgan edi.

Sentabrda Pokiston shimoli-g‘arbidagi Xayber Paxtunxva viloyati hokimiyati ikkita shahardagi maktablarning qiz o‘quvchilarini ro‘mol o‘rashga majburlovchi buyruq chiqardi.

Viloyat markazi Peshavor shahridagi tuman ta’limi mutasaddilari davlatga qarashli qizlar maktablari rahbarlariga barcha o‘quvchilarga ro‘mol o‘rash, chodra yopinib yurishga ko‘rsatma berish buyurildi.

Haripur shahri va Xayber Paxtunxva viloyatidagi tuman ta’lim boshqarmasi ham shunday farmoyish chiqargan edi.

Bunday xatti-harakatlar ijtimoiy tarmoqlarda noroziliklarga sabab bo‘ldi, faollar hokimiyat idoralarini ayollar huquqini cheklashda ayblab chiqdi.

Biroq milliy miqyosda shov-shuv ko‘tarilgandan so‘ng ular bunday buyruqlarini bekor qilishga majbur bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG