Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:01

AQSh davlat kotibi Ukraina, Belarus, Qozog‘iston va O‘zbekiston safarini boshladi


Postsovet hududining to‘rt davlatiga rasmiy safarini Mayk Pompeo Kiyevdan boshladi.
Postsovet hududining to‘rt davlatiga rasmiy safarini Mayk Pompeo Kiyevdan boshladi.

Belarusda prezident Aleksandr Lukashenkoning Rossiyadan uzoqlashib, G‘arb bilan aloqalarni yaxshilashga urinayotgani qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat sharqida rossiyaparast ayirmachilarga qarshi kurash davom etar ekan, Ukrainani korrupsiya va no‘noq boshqaruv changalidan ozod qilish uchun kurashmoqda.

Rossiyaning Ukrainadan Qrimni tortib olgani fonida Qozog‘iston hukumatini mamlakat shimolida ko‘plab etnik ruslar yashashi bois¸ Moskvaning chegara hududlar o‘zgartirilishini talab qilishi mumkinligi xavotirga solmoqda.

O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev jahon hamjamiyatini haqiqiy islohotlar bilan mamlakatni uzoq yillik korrupsion va avtoritar tuzumdan xalos qilganiga ishontirishga urinmoqda.

Shunday bir vaziyatda AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo postsovet hududining to‘rt davlatiga safarini Kiyevdan boshladi.

Davlat rahbarlari bilan uchrashuvlar kun tartibiga kiritilgan bu safardan ko‘zlangan asosiy maqsad – sobiq sovet davlatlari bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash.

Ushbu davlatlarning aksari AQShdan moliyaviy, ma’naviy va harbiy yordam olish ilinjida.

Ayni paytda AQShda qizg‘in pallaga kirgan prezident Donald Trampga qarshi impichment jarayoni Vashingtonning ushbu davlatlarga beradigan yordami kelajagini savol ostida qoldirmoqda.

Boz ustiga¸ Pompeo safarining o‘zi ham janjal bilan boshlandi - safari oldidan kotib Milliy jamoatchilik radiosi (NPR) jurnalisti bilan aytishib qoldi. Natijada ayni nashrning boshqa muxbiri Pompeoning yuqorida tilga olingan mamlakatlarga safarini yorituvchi jurnalistlar ro‘yxatidan chiqarib tashlandi.

Toshkentga 2 fevral kuni kelishi kutilayotgan Pompeo tashrifi davomida prezident Mirziyoyev, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hamda boshqa rasmiylar bilan uchrashadi.

Markaziy Osiyoning aholi soni bo‘yicha eng katta davlati bo‘lmish O‘zbekiston yaqinlargacha Rossiyaning mintaqadagi ta’siriga qarshi kuch sifatida ko‘rib kelindi. Shuningdek, Vashington Afg‘onistondagi urush hamda islomiy jangarilarga qarshi kurashda Toshkent bilan hamkorlik qilib keladi.

Rossiya ta’siridan uzoqroq turish barobarida O‘zbekiston Islom Karimov davrida G‘arb davlatlaridan ham uzoqlashdi. Ayniqsa, 2005 yilgi Andijondagi qonli voqealar ortidan O‘zbekiston-G‘arb munosabatlari sovib ketdi. Bundan tashqari, mamlakatdagi chuqur ildiz otgan korrupsiya bois O‘zbekiston turli xalqaro ro‘yxatlarda “eng yomon davlatlar” safiga qo‘yilishiga sabab bo‘lib kelmoqda.

2016 yil Karimov vafoti ortidan hokimiyat tepasiga kelgan Mirziyoyev nafaqat Vashington, balki Yevropa davlatlari bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalarni yaxshilashga urinmoqda.

Shu maqsadda Mirziyoyev paxta yetishtirishda qo‘llaniladigan majburiy mehnat, jumladan, bolalar mehnati haqidagi ayblovlarni bartaraf etish maqsadida qator choralarga qo‘l urdi.

Ayni damda ko‘rilgan islohotlar ko‘lami va barqarorligi noma’lum bo‘lib qolmoqda. Mirziyoyev hukumatidagi ayrim rasmiylar Karimov davridan beri ishlab kelmoqda, ular orasida o‘timishda korrupsion sxemalarda ayblanganlar ham talaygina.

Mirziyoyev hukumati Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ustidan borayotgan sud masalasida ham murakkab vaziyatda qolmoqda. Karimova O‘zbekiston ichkarisi va xorijda korrupsiyada ayblanib, Toshkent qamoqxonasida ushlab turilar ekan, rasmiy Toshkent undan davlatga tegishli ekanligi aytilayotgan yuzlab million dollar qiymatga ega mulkni musodara qilishga urinmoqda.

Mamlakatdagi islohotlarning aksar hollarda olqishga sazovor bo‘lgani barobarida ayrim huquq faollari bu islohotlarning xo‘jako‘rsinga qilinayotganini aytmoqda.

Pompeo Toshkentga safari davomida barcha Markaziy Osiyo davlati — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari bilan ham uchrashadi.

XS
SM
MD
LG