Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:46

OzodDayjest: Rossiyalik huquq faoli YOIIga kirish o‘zbek muhojirlari hayotini og‘irlashtirishidan bahs etdi


Huquq faoli Valentina Chupik.
Huquq faoli Valentina Chupik.

Huquq faoli Valentina Chupik O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi Rossiyadagi ko‘p sonli o‘zbek migrantlari faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytdi. Pensiya yoshi qay tartibda oshirilishi ochiqlandi. Xonanda Otabek Madrahimov ko‘p yillik taqiqdan keyin Amerikaga ketib qolgani ma’lum bo‘ldi.

_____________________________________________________________

Huquq faoli: YOIIga kirish Rossiyadagi o‘zbek muhojirlari hayotiga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatadi


O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi Rossiyadagi ko‘p sonli o‘zbek migrantlari faoliyatiga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatadi, deydi Rossiyadagi o‘zbekistonlik migrantlarga huquqiy yordam berish bilan shug‘ullanib kelayotgan huquq faoli Valentina Chupik (www.kun.uz, 26 yanvar). Masalan, Qirg‘iziston YOIIga a’zosi bo‘lib kirgach, Rossiyada ushbu mamlakat fuqarolarini hibsga olish holati ko‘paygan.

Huquq faoli Rossiyadagi millatchilik yuzasidan ham xavotir bildirgan.

“O‘zbekistonda meni ko‘zim ko‘k bo‘lgani sababli to‘xtatishlarini umuman tasavvur qila olmayman. Lekin bu yerda (Rossiyada – tahr.) ko‘zing ko‘k bo‘lmagani uchun seni to‘xtatishadi. Rossiya bilan taqqoslaganda, O‘zbekiston qonunga amal qiladigan davlat. Rossiya millatchiroq davlat hisoblanadi”, degan u.

So‘nggi vaqtlarda jamoatchilik muhokamalari markazida turgan YOIIga kirish masalasida prezident Shavkat Mirziyoyev ham munosabat bildirdi. Davlat rahbariga ko‘ra, bu o‘rinda gap a’zolik haqida emas, balki kuzatuvchi maqomida hamkorlik qilish haqida ketmoqda.

6 yildan buyon sarson yurgan nogironlar jamiyati eshik-romsiz binoda jon saqlamoqda


Nogironlar jamiyatining Yunusobod tuman bo‘limi 6 yildan buyon boshpanasiz sarson bo‘lib yuribdi (“Milliy tiklanish”, 2020 yil 4-son). Tuman hokimligi esa jamiyatni joy bilan ta’minlashni paysalga solib kelmoqda. Aslida, 2018 yilda nogironlar jamiyati uchun tuman hududidan ikkita xona ajratilgan. Ammo Toshkent shahrining sobiq hokimi Rahmonbek Usmonov Yunusobod tuman hokimligiga tayinlangach, xonalar yana olib qo‘yilgan. Nogironlar jamiyati tuman bo‘limi rahbari Baxtiyor Ismoilovga ko‘ra, qayta-qayta urinishlarga qaramay, hokim R. Usmonovning qabuliga kira olishmagan. Ayni paytda nogironlar jamiyati eshik-romsiz omonat binoda jon saqlamoqda. “Milliy tiklanish” partiyasi rasmiy nashri tuman rahbarini nogironlar muammosini hal etishga da’vat qilgan.

Ko‘p yil avval g‘oyib bo‘lgan xonanda Otabek Madrahimov Amerikadan “topildi”


O‘z davrida estrada xonandasi sifatida shuhrat qozongan, ammo “qora ro‘yxat” sabab katta sahnani tark etishga majbur bo‘lgan Otabek Madrahimov ko‘p yillik tanaffusdan keyin ilk bor matbuotga intervyu berdi (“Darakchi”, 30 yanvar). Xonanda o‘zining yulduzli damlari bilan birga ijodiga qo‘yilgan taqiq haqida ham gapirgan. Uning aytishicha, “zapret” sabab bir necha marta konsertlari bekor qilingan, sahna va teleekrandan chetlashtirilgan. Oz emas, 15 yil davom etgan taqiq sabab u oilasi bilan AQShga ketishga majbur bo‘lgan. “Bu yerga kelganimga 6 yil bo‘ldi... Butunlay begona bo‘lgan joyga kelib, hammasini boshidan boshlash, oyoqqa turish oson bo‘lgani yo‘q”, degan O.Madrahimov. Xonandaga ko‘ra, u qo‘shiq aytishni to‘xtatgani yo‘q, hamon o‘sha qozonda qaynamoqda.

XS
SM
MD
LG