Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:08

Pompeo Qozog‘istonni Shinjondagi qatag‘onlar sabab Xitoyga bosim o‘tkazishga chaqirdi


AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo (chapda) Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi bilan 2 fevralda Nur-Sultonda uchrashdi.
AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo (chapda) Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi bilan 2 fevralda Nur-Sultonda uchrashdi.

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Qozog‘istonni Xitoyga Shinjon viloyatida kamsonli musulmonlarni siquvga olayotgani uchun bosim o‘tkazishda Vashingtonga qo‘shilishga da’vat qildi.

Inson huquqi himoyasi tashkilotlariga ko‘ra, Xitoy hokimiyat idoralari mamlakat shimoli-g‘arbidagi Shinjon viloyatida istiqomat qiluvchi uyg‘urlar, qozoqlar va boshqa ko‘plab musulmon etnik guruhlar vakillarini tinmay kuzatmoqda, o‘zboshimchalik bilan hibsga olmoqda va ularga majburiy mafkuraviy ta’sir o‘tkazishga urinmoqda.

Xitoy Qozog‘istonning ulkan savdo sherigidir. Uning davlat nazoratidagi axborot vositalari ko‘pincha Shinjondagi majburiy ushlab turish markazlari haqida xabar bermaydi.

Pompeo 2 fevralda Qozog‘iston poytaxti Nur-Sultonga safari vaqtida Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi bilan muzokara chog‘ida ushbu masalani ko‘targanini ma’lum qildi.

Pompeo ikkala vazir “Qozog‘iston chegarasining narigi tarafidagi Shinjon viloyatida Xitoy kommunistik partiyasi hibsga olgan 1 milliondan oshiq musulmon uyg‘urlar va etnik qozoqlarning og‘ir ahvoli”ni muhokama qilganini aytdi.

Qo‘shma Shtatlar barcha mamlakatlarni qatag‘onga barham berish uchun safimizga qo‘shilishga chaqiradi, ‒ dedi Pompeo. ‒ Biz ulardan xavfsiz boshpana berishni va Xitoydan qochish istagida bo‘lganlarga boshpana berishni iltimos qilamiz. Inson sha’nini himoyalang va to‘g‘ri ishni qiling.

Shu paytgacha o‘z hukumati Shinjondagi muammo bo‘yicha tanqid qilishni rad etib kelayotgan vazir Tleuberdi bu borada hech qanday izoh bermadi. U buning o‘rniga iqtisodiy va xavfsizlik masalalari bo‘yicha hamkorlikka e’tibor qaratdi.

2018 yil avgustida Birlashgan Millatlar Tashkiloti taxminan 1 million uyg‘ur va mintaqadagi boshqa tub etnik guruhlar vakillari “ekstremizmga qarshi markazlar”da hibsda ushlab turilganini xabar qilgan edi.

BMT yana millionlab kishilar “qayta o‘qitish jamloqlari”ga majburiy joylashtirilganini ma’lum qilgan edi. Xitoy ayni markazlar majburiy ushlab turish joylari ekanini inkor etib kelmoqda.

Pompeo Qozog‘iston rahbarlari bilan uchrashib, AQSh ularni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Pompeo Uraina va Belarusga safar qilishidan oldin Londonda to‘xtab o‘tgan edi va 2 fevral kechasi O‘zbekistonga jo‘nab ketishi rejalangan.

AQSh Davlat departamenti tarqatgan bayonotga ko‘ra, Qozog‘istonga safardan maqsad “Markaziy Osiyodagi tinchlik, taraqqiyot va xavfsizlikka umumiy sodiqligimiz”ni tasdiqlashdan iborat.

Vashington energiya resurslariga boy Qozog‘istonga Rossiyaga qarshi Markaziy Osiyodagi kuch sifatida qarab keladi hamda AQShning neft kompaniyalari Kaspiy dengizi bo‘yidagi neft konlarini o‘zlashtirish uchun shu paytgacha milliardlab dollar investitsiya kiritgan.

Nazarboyev Qozog‘istonni deyarli 30 yil boshqargandan so‘ng 2019 yil martida iste’foga chiqqanini e’lon qildi, 66 yashar Toqayev iyun oyida mamlakatning yangi prezidenti etib saylandi.

79 yashar Nazarboyev hokimiyatdagi “Nur Otan” partiyasi va xavfsizlik kengashi raisi sifatida mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarini nazorat qilib kelmoqda.

U iste’foga chiqqandan so‘ng mamlakat poytaxti Ostona uning sharafiga Nur-Sulton deb o‘zgartirilgan edi.

XS
SM
MD
LG