Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 22:39

Samarqanddagi maktabda o‘qituvchining ehtiyotsizligi sababli o‘quvchining ikki tirnog‘i uzilib tushdi


Samarqandagi 16-maktab darvozasi.
Samarqandagi 16-maktab darvozasi.

Samarqand shahridagi 16- maktab o‘qituvchisining ehtiyotsizligi oqibatida 8- sinf o‘quvchisi Daler Shumilinning ikki barmog‘i uchi tirnoqlari qo‘shilib uzilib tushdi. 21 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan bu voqeani o‘quvchining onasi Nargiza Shumilina 4 fevral kuni Ozodlikka aytib berdi.

Shu paytgacha bu voqeani maktab rahbariyati hamda jarrohlik amaliyoti o‘tkazib, bolaning barmoqlarini qayta tikkan klinika jamoatchilikdan yashirib kelgan va bunday holatlarda ichki ishlar organlariga xabar qilinishi shartligiga qaramay, bu ishni qilmagan.

Ozodlik surishtiruvi ortidan 16-maktabga bog‘langan uchastka inspektori tibbiy ekspertiza tayinladi. Inspektorning aytishicha, ekspertiza xulosasidan kelib chiqqan holda bu holat yuzasidan keyingi harakatlar qanday bo‘lishi aniqlanadi.

Daler: Qo‘llarimdan qon oqayotganini dastlab sezmadim ham

Daler Shumilin fizika darsi paytida partadoshi bilan gaplashib o‘tirganini ko‘rgan o‘qituvchi (ism-familiyasi Ozodlikka ma’lum) ularni tartibga chaqirgan, so‘ng Dalerning partadoshini sinfdan tashqariga olib chiqib, alohida “gaplashib qo‘ymoqchi” bo‘lgan.

Daler partadoshiga o‘qituvchi qattiqroq tegib qo‘yishidan xavotirlanib, ularning orqasidan chiqmoqchi bo‘ladi. Shu payt...

“Birdan o‘qituvchi eshikni jahl bilan, zarb bilan yopdi. Mening barmog‘im eshik orasida qolib ketdi. Boshida qo'limdan qon oqayotganini sezmadim ham. O‘qituvchi mening holatimni ko‘rib qo‘rqib ketdi, meni maktab tibbiyot punktiga olib bordi. Keyin onamga telefon qilib, kasalxonaga ketdik”, deb eslaydi Daler.

Shundan so‘ng o‘qituvchi va ona Dalerni dastlab xududiy poliklinikaga va keyin xususiy klinikaga olib boradi. Doctor Aralov Medical klinikasida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, o‘quvchining ikki barmoq uchlari tikiladi.

Ozodlikda mavjud bo‘lgan quyidagi fotosuratlarda Daler Shumilin jiddiy jarohatlanganini ko‘rish mumkin. (Suratlarda Daler Shumilinning uchi uzilib tushgan barmoqlari tahririyat tomonidan xiralashtirildi)

Ona nega bu voqeani yashirdi, nega endi oshkor qilmoqda?

Bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan na maktab rahbariyati va na poliklinika yoki xususiy klinika ichki ishlar xodimlarini ogohlantirgan. Qozon yopiqligicha qolgan.

Nargiza Shumilina o‘g‘lining ikki barmog‘ining uchlari uzilishi bilan bog‘liq voqeani jamoatchilikdan nega sir tutganini izohlar ekan:

"Boshida o‘qituvchi tibbiy xarajatlarga ketayotgan pullarni berib keldi. Oradan ikki-uch kun o‘tganidan so‘ng, mutlaqo qaramay qo‘ydi. Men buning uchun o‘qituvchi va direktordan noroziman. Direktor juda qo‘pol muomala qilayapti. O‘g‘limning qo‘li bir yilda tuzalar ekan, o‘shangacha uni davolash, vrachlar ko‘rigidan muntazam o‘tkazib turish kerak. Bu juda katta xarajat, bunday pul menda yo‘q", deb aytdi.

Ehtiyotsizlik oqibatida bolaga lat yetkazgan o‘qituvchi esa Ozodlik bilan suhbatda:

“Men operatsiya uchun 400 ming so‘m, dori-darmon uchun 265 ming so‘m, har kuni perevyazka uchun 20 mingdan 200 ming so‘mgacha, jami 1 million 100 ming so‘m xarajat qildim. Men ham boy odam emasman, buncha katta pulni qaerdan olishimni bilmayapman”, deb bildirdi.

Uchastka inspektori: O‘quvchi bilan bo‘lgan hodisani yashirish qonunbuzarlikdir

16-maktabga bog‘langan uchastka inspektori Aziz (familiyasini aytishni istamadi) Ozodlikning mobil muxbiriga maktab, ona va shifokorlar qonun talablarini qo‘pol buzganini aytdi. Unga ko‘ra, shifokorlar boshqa bir odam tomonidan ikkinchi bir shaxsga jarohat yetkazilgani to‘g‘risida birinchi navbatda ichki ishlar organlariga xabar berishlari lozim edi. Biroq bu ish qilinmagan.

“Hozir tibbiy ekspertiza tayinladim, ekspertiza xulosasidan kelib chiqqan holda keyingi javobgarlik masalasida ish boshlanadi”, dedi Aziz.

Maktab direktori Vafoqul Chaqqonov Ozodlik mobil muxbiri bilan suhbatda bu voqeani nega Xalq ta’limi bo‘limi va huquq organlaridan yashirganiga izoh bera olmadi.

Chaqqonov voqeadan so‘ng maktabda yig‘ilish o‘tkazilgani, jarohatlangan o‘quvchining ota-onasi bilan suhbatlashganini aytdi. Biroq bu gaplariga birorta hujjat keltira olmadi.

Maktablarda zo‘ravonlik

O‘zbekistondagi maktablarda o‘quvchilarga o‘qituvchilar tomonidan bilib-bilmay tan jarohati yetkazish holatlari bundan avval ham bo‘lgan.

2019 yilning 28 dekabrida Samarqand viloyat, Ishtixon tumanidagi 3-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Suhrob Qarshiboyev direktor o‘rinbosari Adham Ro‘ziyev uni maktabda “paqildoq” otgani uchun kaltaklab, ikkinchi qavatning derazasidan pastga itarib yuborganini iddao qilgandi.

O‘sha yilning noyabrida Farg‘ona shahridagi 3- o‘rta maktab o‘qituvchisi dars paytida futbol o‘ynagan bolalarni kaltaklagan.

Surxondaryo viloyat markazi Termiz shahridagi Ixtisoslashtirilgan olimpiya rezervlari maktab-internatining sambo bo‘yicha murabbiysi o‘quvchilarni urgani uchun 2019 yil 14 noyabrda ishdan bo‘shatilgan.

O‘tgan yilning may oyida esa Ozodlik o‘qituvchi ayol dars payti o‘quvchilarni doska oldida qatorasiga terib, yuziga tarsaki tushirayotgani aks etgan videoni e’lon qilgan edi.​

2019 yil fevralida O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi maktablarda zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan loyiha amalga tatbiq qilish boshlanganini bildirgan edi.

Vazirlik rasmiy saytida aytilishicha, “Maktablarda zo‘ravonlikning oldini olish va ijobiy psixologiyani o‘qitish metodikasi”, deb nomlangan loyihada asosiy e’tibor o‘quv dargohida ijobiy psixologik muhitni shakllantirish, xususan, o‘quvchilar o‘rtasida bullingning oldini olishga qaratilishi, shu bilan birga, loyihaning "o‘qituvchilarga ham stress va ishdan “sovish” holatlarining oldini olishda yordam berishi" aytilgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG