Линклар

Шошилинч хабар
04 апрел 2020, Тошкент вақти: 21:28

Prezident suratini qalqon qilgan sariosiyolik ayol uyini bolta bilan himoya qildi (VIDEO)


10 fevralda Sariosiyo tuman, Gulobod mahalla fuqarolar yig‘iniga tuman hokimligidan komissiya keldi. Vaziyatni o‘rgandi, hujjatlarni ko‘rdi. 10-15 kun ichida xulosa chiqariladi.

Bu ma’lumotni tilga olingan MFY raisi Abduqosim Ne’matullayev ijtimoiy tarmoqlarda 10 fevralda tarqalgan video yuzasidan Ozodlik savollariga javob berayotib bildirdi.

Gulobod mahallasidagi voqea aks etgan videoda ko‘ksiga prezident Mirziyoyev portretini osib olgan yosh ayol, qo‘lida bolta bilan, uyini buzishga kelganlarga tahdid qiladi.

Surxondaryo viloyat hokimligi ayolning huquqlari buzilmagani to‘g‘risida bayonot berdi.

"Bolta ko‘targan ayol" (video mazmuni)

Ko‘ksida prezident portreti, o‘ng qo‘lida telefon, so‘l qo‘lida bolta ko‘tarib olgan yosh ayol “ikkita bolasi bilan ko‘chada qolib ketganini” aytar ekan, “men joyimni hech kimga bermayman” deydi.

Ayol ro‘parasida turganlarni "boltalash" bilan, o‘z ustiga "benzin quyish" bilan tahdid qiladi.

Ayolning ovozi eshitilar ekan, uning ro‘parasida turgan kamida 10 odam ko‘rinadi. Ular orasida IIB formasidagi to‘rt kishi ham bor. Ayol uyini auksiondan sotib olganini, bir qadam jilmasligini aytadi.

Birozdan so‘ng bu mojaroni uzoqdan tomosha qilib turgan yana 20 chog‘li odam ko‘rinadi.

Ayol ro‘parasida turganlarga “prezident Mirziyoyevdan qaror olib kelsalaring, chiqib ketaman, bo‘lmasa yo‘q”, deydi va video uziladi.

Videoga ilova gap

“Bolta ko‘targan ayol” videosini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan bloger videoga ilova qilgan matnda mana bu gap bor (tahrirsiz keltiramiz):

“Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani "Gulobod" mahallasida qirq xo‘jalik yashaydigan uylarni viloyat hokimi To‘ra Bobolov va Sariosiyo tuman hokimi O‘ktam To‘rayev buyruqlari bilan buzishmoqda.

Ikki bolasi bor ayol bu adolatsizlikka chidolmay, qo‘liga bolta olvolib "Uyimni buzganni boltaliman" dedi”.

Mahalla raisining gapi

Gulobod mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abduqosim Ne’matullayevning 10 fevralda Ozodlikka aytishicha, videoda aks etgan voqea “kecha bo‘lgan”, voqea davomida hech qaysi tomon kuch ishlatmagan:

“Melisalar ham hech narsa qilmagan, ayol ham bolta ko‘tarib, o‘zicha vahima qildi, xolos”.

Rais “qirq xo‘jalik yashaydigan uylar” buzilayotganini inkor etdi:

“Dehqon xo‘jaliklari atrofi beton bilan o‘ralmasligi kerak, ochiq turishi kerak, o‘shani tozalayman, deb kelishgan. Birontayam uy buzilgani yo‘q, ikkita dehqon xo‘jaligi atrofidagi betonni olib tashlashdi, tamom”.

Mahalla raisi bolta ko‘targan ayolning noroziligi sababini tushuntirishni istamadi. Uning aytishicha, ayolning hujjatlari tuman prokuraturasiga taqdim etilgan.

Raisning aytishicha, bolta ko‘targan ayol blok g‘ishtdan bir xonali uy qurib ko‘chib kelgan, ikkita bolasi bor, ismi Lola Donoyeva.

Lola Donoyevaning o‘zi bilan ham, Sariosiyo tuman hokimligi bilan ham bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Videoda IIBning kamida to‘rt xodimi ham ko‘ringani uchun Ozodlik tuman ichki ishlar bo‘limi bilan bog‘landi. IIB navbatchisi Gulobod mahallasida kecha yuz bergan voqeadan xabarsizligini bildirish bilan cheklandi.

Viloyat hokimligi bayonoti

Voqeani o‘rganish jarayonida Surxondaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati 9 fevralda Donoyeva ishiga oid bayonot e’lon qilgani Ozodlikka ma’lum bo‘ldi.

Gulobodlik ayol Donayeva Xolbibi ekanligi, unga “tegishli turar joy binosi buzilmagani” bildirilgan hokimlik bayonoti ayol “8 fevral kuni e’lon qilgan “Surxondaryo viloyatida yana snos ishlari davom etmoqda” sarlavhali video murojaat”ga javobdir.

Aftidan, hokimlik aytayotgan videomurojaat 10 fevralda paydo bo‘lgan “Bolta ko‘targan ayol” videosidan ayridir.

Hokimlik “Rasmiy munosabat”ining qisqa mazmuni budir:

Sariosiyo tuman hokimining 2019 yil, 10 apreldagi qarori bilan . Donayeva Xolbibiga tumanning “Gulobod” mahallasi, Chorbog‘ qishlog‘ida uy-joy qurish uchun 1000 kv.m yer maydoni ajratilgan.

Hokimlik prokuratura protestiga javoban o‘z qarorini 2019 yilning 6 noyabrida bekor qilgan va Donayeva Xolbibiga qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydoni taklif etilgan.

“O‘rganish davomida, Donayeva Xolbibiga tegishli turar joy binosi va piyoz ekin maydoni buzilmaganligi, biroq, hozirda qonunga zid ravishda ajratilgan yer maydonida qurilgan ushbu turar-joy masalasida sudga da’vo arizasi tayyorlanayotganligi, sud qarori asosida bu masalaga oydinlik kiritilishi aniqlandi” deyilgan bayonotda.

Hokimlik o‘z bayonotida Donayeva Xolbibining Sharg‘un shahridagi uyi buzilganini, buzilgan uy evaziga shu shaharning o‘zidan 4 so‘tixli yer va kompensatsiya puli berilganini eslatib o‘tgan.

Viloyat hokimligi rasmiy munosabatining 3- bandini aynan keltiramiz:

"Fuqaro X.Donayevaning onasi Donayeva Tursunoyning uy-joyi mavjudligi masalasida:

Sharg‘un shahar hokimining 29.06.1993 yildagi 78/51-sonli qarori bilan Sharg‘un shahar, Shaxtyor ko‘chasidagi 45-uy, 9-xonadon (2 xonadan iborat, umumiy maydoni 66,5 kv.m) fuqaro Donayeva Tursunoyning shaxsiy mulki ekanligi tasdiqlangan. Mazkur manzilda hech kim yashamayotganligi ma’lum bo‘ldi".

Mahalliy jurnalistning taajjubi

Hokimlik bayonotning aynan keltirganimiz so‘nggi bandi yuzasidan mahalliy jurnalist Shuhrat Shokirjonov bunday deb yozdi:

“Mazkur manzilda ayni paytda hech kim yashamayotganligini ma’lum qilayotgan tuman hokimligi bu uyning fuqaro X.Donayevaga qanday aloqasi borligiga oydinlik kiritmagan.

Aytaylik, bu kvartira X.Donayevaga meros qilib qoldirish huquqi bilan o‘tganmi? Yo onasi tomonidan hadya qilinganmi? Unda bu kvartiraning mazkur masalaga qanday daxli bor? Uni tilga olib o‘tishdan murod ne? «Yashayman desa shuncha uyi bor, bu ayol o‘zi to‘ymaydi», (ta’kid Shokirjonovniki) degan xulosa hosil qilishmi?

O‘rinli savol tug‘iladi: nega suvli yerdan yer uchastkasining belgilangan qonunchilik normalariga zid tarzda ajratib, qarorni imzolagan tuman hokimi va hujjatni tayyorlagan mas’ullarga hech qachon chora ko‘rilmaydi? Qachongacha mas’ullarning mas’uliyatsizligidan oddiy fuqaro jabr chekishi kerak?

Aslida, hammaga mana shu savollarning javobi qiziq edi. X.Donayevaning onasining nomida qanaqa turar joy borligi emas…

Алоқадор

XS
SM
MD
LG