Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 07:12

Matbuot kotibi: Maoshsiz ish¸ hokimlarni oqlash va xalqni aldashdan charchadik!


Sarlavhaga chiqarilgan gap O‘zbekiston tumanlaridan biri hokimligida yaqinda matbuot kotibi sifatida ish boshlagan yosh mulozimdan kelgan maktubdan olindi.

Bu maktub¸ muallifning aytishicha¸ Ozodlikda yaqinda chop etilgan maqolaga munosabat sifatida tug‘ilgan.

Davlat idoralarida yaqinda ochilgan yangi shtat bo‘yicha ishga olingan yuzlab matbuot kotiblarining ayni vaziyatda ekanini ta’kidlagan muallif¸ o‘z maktubini jamoatchilikka taqdim etishni istadi.

E’tiboringizga havola qilinayotgan quyidagi matn tahrirsiz, muallif imlo va stilistikasini saqlagan holda berilmoqda.

------------------------------------------------------------------------

Davlat rahbari Sh.Mirziyoyevning “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi" 4366- sonli qarori chiqqach, barcha tashkilotlarga yoppasiga matbuot kotiblari ishga olina boshladi.

Jurnalist va blogerlarga berilayotgan erkinlik, o‘zgarishlar ko‘pchilik qatori meni ham ancha xursand qildi. Qaror mazmuni bilan tanishgach va shaxsan har bir tashkilot-u idoralarning rahbari o‘zi bosh bo‘lib, zir yugurib matbuot kotibi izlashi, bo‘lajak nomzodlar bilan suhbatlashganda berilgan va’dalarning ohanrabosi meni ham ancha shoshirib qo‘ydi.

Matbuot kotibi tashkilot rahbarining muovini darajasiga ko‘tarilishi, uning oylik maoshi muovinlarga tenglashtirilishi , eng so‘nggi rusumdagi texnika bilan jixozlanishi , xodimlar shtati ajratilishi, bularning hammasi mazza qilib ishlash va yangidan-yangi g‘oyalarni yuzaga chiqarish, qolaversa o‘sha tashkilot imijini ko‘tarish uchun eng zo‘r imkoniyat¸ desam adashmagan bo‘laman.

Xullas-kalom, men ham yaxshigina bir tashkilotning matbuot xizmatiga o‘tdim. Afsuski¸ chuchvarani xom sanaganim bir pasda ayon bo‘ldi qo‘ydi. Ortimizda qalqondek turgan prezident qarori hammaga ham emas¸ balki vazirlik va qo‘mitalardagi matbuot xizmatlari ( yoki tanish-bilishi bor o‘z so‘zini o‘tkaza oladigan tashkilotlar¸ masalan DXA, soliq va ichki ishlar tizimidagi ) uchungina ekanligini¸ va’da qilingan rahbar muovinligi u yerda tursin oylik maoshi 1 mln 200 dan oshmasligini eng qizig‘i matbuot kotiblari faqat jadval to‘ldirish-u , hisobot jo‘natishdan boshqasini qoyillatmasliklarni bilib qoldim.

Gohida ulgurolmay ham qolamiz - AOKA ga hisobot jo‘nataylikmi yoki ular jo‘natgan (bo‘lar-bo‘lmas) narsalarni Telegram kanalida e’lon qilaylikmi , vazirlikning topshirig‘ini bajaraylikmi?...Maosh va boshqa narsalar haqida hech kim aniq javob bergisi kelmaydi. Izoh so‘rasangiz “ko‘rilayapti biz ham shundan umidvormiz , bo‘ladi , nasib bo‘lsa “ kabi bir tiyinga qimmat javoblarni olasiz. Modomiki¸ oylik maoshdan darak yo‘q ekan , yoki davlat rahbarining aynan matbuot kotiblariga kelganda chiqarilgan qarori bajarilmas ekan , “urro –ur”qilish va “podadan oldin chang chiqarishning” nima keragi bor edi?

Rostini aytsam¸ men ham Saidaxonimdan umidvor edim. Shu kungacha ana bo‘ladi, mana bo‘ladi degan so‘zlar bilan ko‘nglimga suv purkab yurgan edim. Afsuski¸ Saida Mirziyoyevaning AOKAdan ketishi mening ham shashtimni so‘ndirdi.

Endi nima bo‘ladi ? Ba’zi matbuot kotiblariga o‘xshab¸ yo‘q shtatda oylik maosh olib yurgan hamkasblarimizning ahvoli nima kechadi?( ma’lum bo‘lishicha ularga oylik berayotgan tashkilot rahbarlari shtat kelsa oylik maoshining farqini qaytarishni bo‘yniga qo‘yishgan, agar shunday bo‘lsa shtat kelmay qolsa nima bo‘ladi bechora matbuot kotibi sudlashib yuradimi ? ) Xullas...Matbuot kotiblari kimga quloq solishni ham bilmaydi. “Mening ikki onam bor¸ ikkisi ham mehribon “ shu shior ostida yurishibdi bechora matbuot kotiblari.

Hokimlarning xato ishlari ijtimoiy tarmoqlarga chiqib ketganda yoki oshkor bo‘lib qolganda ularni oqlab, yo‘q xislatlar bilan maqtab turli xo‘ja ko‘rsinga rasmlar qo‘yilgan maqolalar bilan xalqni aldash jonimizga tegdi.

Eslatma​: OzodMaktub rukni ostida chop etiladigan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari ifodasidir. Bu ruknda berilgan materiallar mualliflari qarashlari Ozodlik qarashlariga mos kelmasligi mumkin.​

XS
SM
MD
LG