Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:35

Mijozning qovog‘ini noto‘g‘ri operatsiya qilgan jag‘ doktori litsenziyasi yo‘qligini tan oldi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Chirchiqda Andijon Tibbiyot institutining stomatologiya jarrohligi kafedrasi o‘qituvchisi Xudoyberdi Eshbadalov litsenziyaga ega bo‘lmagan holda plastik operatsiya o‘tkazgani oqibatida 61 yoshli Shirin Shomurotovaning ko‘zlari jiddiy shikastlandi.

Mazkur operatsiya plastik jarrohlik litsenziyasiga ega bo‘lmagan va bunday operatsiyalarni o‘tkazishga ixtisoslashmagan "Dental klinik stom" xususiy stomatologik klinikasida amalga oshirilgan.

Xudoyberdi Eshbadalov Ozodlik bilan suhbatda blefaroplastika (qovoqlarni plastik operatsiya qilish) bo‘yicha litsenziyaga ega emasligini tan oldi.

Klinika rahbari Shoyista Imomberdiyeva esa o‘z shifoxonasida plastik operatsiya o‘tkazishga ruxsat berib, katta xato qilganini aytdi. Mazkur voqea yuzasidan Chirchiq shahar prokuraturasida tergov-surishtiruv olib borilmoqda.

"Qosh qo‘yaman deb ko‘z" chiqarishdi

Shirin Shomurotovaning Ozodlikka aytishicha, u 2019 yilning 9 noyabrida Chirchiqdagi "Dental klinik stom" xususiy stomatologik klinikasida qovog‘ini plastik operatsiya qildirgan.

61 yoshli ayol qovoqlari osilib, ko‘zlariga azob berayotgani ortidan shunday qadamga borishga majbur bo‘lganini aytadi.

Shomurotovaga ko‘ra¸ tanishlari orqali o‘zini plastik jarroh sifatida tanishtirgan andijonlik Xudoyberdi Eshbadalov bilan qovog‘ini operatsiya qilishga kelishgan.

Meni operatsiya qilayotganida u vrachning bir qo‘lida perchatka ham yo‘q edi.

- 40 minut bo‘ladi¸ degan operatsiyasi besh soatga cho‘zildi. Soat 14:30 da operatsiyaga kirgan bo‘lsam, 19:45 da chiqdim. Operatsiyadan keyin ko‘zlarimni bog‘lab tashladi. Hamshiralarga "perevyazka qil, dori ber" deb ham aytmadi, bir qog‘oz ham yozib bermadi. Meni operatsiya qilayotganida u vrachning bir qo‘lida perchatka ham yo‘q edi. O‘sha kuni ertalabgacha ko‘zim og‘rib, azoblanib chiqdim. Ertalab o‘sha vrachga telefon qildik, biroq u telefonini ko‘tarmadi, - dedi Shirin Shomurotova.

Shundan so‘ng Shirin Shomurotova "Dental klinik stom" xususiy stomatologik klinikasiga murojaat qilgan. Shomurotovaning aytishicha, bu yerda uni klinika rahbari Shoyista Imomberdiyeva “qovoqlariga spirt bilan ishlov berish orqali davolagan”.

“Oxir-oqibat ko‘zlarim ko‘rmay qolib, og‘riq kuchayib, 14 noyabrda Toshkentdagi Respublika shifoxonasiga bordim. Bu yerdagi davolanishdan so‘ng ko‘zlarim xira ko‘ra boshladi. Lekin bir ko‘zim mutlaqo yopilmaydigan bo‘lib qolgan. Davolanishni davom ettirishim kerak. Uch oy oldin Chirchiq prokuraturasiga ariza yozganman. Uch oydan beri tergov-surishtiruv ishlari olib borilayapti, shu kungacha bu ish bo‘yicha ikkita tergovchi o‘zgardi. Ammo natija yo‘q”, dedi Shirin Shomurotova.

Bu ish yuzasidan Chirchiq prokuraturasi bilan bog‘lanish imkoniyatlari bo‘lmadi.

"Litsenziyam yo‘q, ammo bunday operatsiyalarni avval ham ko‘p qilganman!"

Andijon Tibbiyot institutining stomatologiya jarrohligi kafedrasi o‘qituvchisi, tibbiyot fanlari nomzodi Xudoyberdi Eshbadalov Ozodlik bilan suhbatda blefaroplastika (qovoqlarni plastik operatsiya qilish) bo‘yicha litsenziyaga ega emasligini tan oldi.

- Qovoqlarni plastik operatsiya qilishni blefarolastika deyishadi. Buning uchun menda litsenziya yo‘q. Ammo bu kabi operatsiyalarni ko‘p qilganman, tajribam bor. O‘zim yuz-jag‘ jarrohligi bo‘yicha mutaxasisman, 25 yildan beri dars beraman, -degan Xudoyberdi Eshbadalov bu operatsiyani Shirin Shomurotova yaqinlarining iltimosi bilan amalga oshirganini aytdi.

Eshbadalovga ko‘ra, Shomurotova singlisining eriga do‘st bo‘ladi:

- O‘sha do‘stimning ko‘p marotaba qilgan iltimosiga yo‘q deya olmadim. Operatsiya qilgan paytimda kun sovuq edi. Sovuqda ko‘z yallig‘lanib, shunaqa bo‘lib qolgan. Ammo men aybdor emasman, o‘zlari iltimos qilishdi. Keyin Toshkentda davolanganida Shomurotovaga men barcha dorilarini olib berdim, hatto taksi puligacha to‘ladim. Ammo o‘zim qilgan operatsiyam uchun, tanish-bilish bo‘lgani uchun haq olganim yo‘q.

Ayni paytda Xudoyberdi Eshbadalov voqea yuzasidan Chirchiq shahar prokuraturasida tergov borayotgani va o‘zining so‘roqqa chaqirtirilganini ham tasdiqladi. Prokuratura tergovchisi jinoiy javobgarlikdan qutulib qolish uchun Shomurotovaning bundan keyingi operatsiyalari haqini to‘lab berishi shartligini aytgan.

Eshbadalovning aytishicha, hali tergov jarayoni yakunlangan emas.

Klinika rahbari: "Domlamga qarshilik qilolmaganim¸ katta gunohim bo‘ldi"

Chirchiqdagi "Dental klinik stom" xususiy stomatologik klinikasi rahbari Shoyista Imomberdiyeva Shirin Shomurotova o‘z klinikasida plastik operatsiya qilinganini tasdiqladi.

Operatsiyaga to‘sqinlik qilmaganim mening katta gunohim bo‘lib qoldi.

- Mening yuz-jag‘ xirurgiyasi bo‘yicha domlam bor, qo‘li gul domla. 25 yildan beri shu domlada malaka oshirib kelaman. 9 noyabrda o‘sha domlam assistenti va Shomurotova bilan klinikamga kelishib, to‘g‘ri kabinetga kirishib, operatsiya qila boshlashdi. Domlamga qo‘pollik qila olmay, operatsiyaga to‘sqinlik qilmaganim mening katta gunohim bo‘lib qoldi. Klinikamizda bu kabi jarrohlik operatsiyalari o‘tkazishga haqqim yo‘qligi to‘g‘ri. Ustozimga hurmatim yuzasidan¸ men gunohkor bo‘lib qolayapman, - dedi Shoyista Imomberdiyeva.

Klinika rahbari Ozodlik bilan suhbat davomida “domlam” deganda Xudoyberdi Eshbadalovni nazarda tutganini tasdiqladi.

Shoyista Imomberdiyevaning aytishicha, Xudoyberdi Eshbadalov 25 yillik yuz-jag‘ jarrohligi tajribasiga ega, ayni paytda Andijon Tibbiyot institutida dars beradi. Tajribali jarroh sifatida boshqa shahar va viloyatlarga ham chaqirilib, operatsiyalarni o‘tkazib turadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi nima deydi?

Sog‘liqni saqlash vazirligining 12 fevral kuni Ozodlik gaplashgan rasmiylaridan biri xususiy klinikalardagi jarrohlik operatsiyalarini amalga oshirayotgan vrachlarning litsenziyasi bor-yo‘qligini tekshirishga vakolati yo‘qligini bildirdi.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi xususiy klinikalarga mutlaqo aloqador emas. Bizning xususiy klinikalar faoliyatiga aralashishga hech qanday haqqimiz yo‘q. Ularga juda katta imtiyozlar va huquqlar berilgan. Ularni nazorat qiladigan bo‘lsak, yoki faoliyatiga aralashsak noqonuniy bo‘ladi va o‘z boshimizga balo orttirib olamiz”, dedi.

Vazirlik rasmiysi: “Xususiy kliniklardagi xizmat sifatini, dori-darmonlarning yaroqliligini, tibbiyot texnikasining talablarga javob berishini va shifokorlar malakasini nazorat qilish vazirlik vakolatiga kirmaydimi?” degan savolga javob olish uchun vazirlikning litsenziyalash boshqarmasiga murojaat qilishimiz kerakligini bildirdi.

Vazirlikning litsenziyalash bo‘limi rasmiysi bu savollarga:

Biz xususiy klinikaga asosan litsenziya berish bilan cheklanamiz. Klinika litsenziya doirasida qanday xizmat ko‘rsatayotgani, uning sifati bilan qiziqamiz. Boshqa har qanday holatlarda xususiy klinikalarda yuzaga kelayotgan mojarolar prokuratura va sud orqali hal etiladi. Bunga biz aloqador emasmiz”, deb javob berdi.

Xususiy klinikalarda plastik operatsiyalar paytida o‘lganlar ham bor

Bundan avval ham O‘zbekistondagi xususiy klinikalarda xizmat ko‘rsatish sifati pastligi va oddiy plastik operatsiyalar jarayoni mijozlar o‘limi bilan tugagani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

2019 yilning avgustida Toshkentning Mont Blanc xususiy plastik xirurgiya klinikasida o‘n kun ichida ikki mijoz vafot etgan.

Masalan, 2019 yilning avgustida Toshkentning Mont Blanc xususiy plastik xirurgiya klinikasida o‘n kun ichida ikki mijoz vafot etdi.

2019 yilning 24 avgustida Mont Blanc klinikasida jarrohlik amaliyotidan o‘tayotgan 20 yashar samarqandlik Gulshan Sharifova vafot etgan edi. 19 avgust kuni, xuddi shunaqa operatsiya paytida klinikada 42 yashar qozog‘istonlik Liliya Apostolova ham vafot etgan.

Mazkur ikki hodisa yuzasidan 2019 yilning 12 noyabrida JKning 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4-qismi «a,b» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida 18 noyabrda Bosh prokuratura ma’lum qilgan.

2018 yilda esa Samarqandda xususiy shifoxonada o‘nlab chaqaloqlar qasddan o‘ldirilgani haqida Ozodlik “Huquq” gazetasiga tayanib xabar bergan edi.

Viloyat prokuraturasi vakili Asomiddin Sayfiddinovga ko‘ra, Nigora Solixonova rahbarligidagi xususiy klinika asosan homila tushirish bilan shug‘ullanib kelgan.

Sun’iy abort yo‘li bilan dunyoga keltirilgan chaqaloqlar esa soxta hujjatlar bilan farzandtalablarga bir necha ming dollarga pullangan.

Xaridor topilmay qolgan kezlarda esa ojiz va himoyasiz chaqaloqlar qasddan qarovsiz qoldirilib, nobud qilingan. Norasidalarning jonsiz tanasi tibbiy chiqindilar yoqishga mo‘ljallangan mufel pechida yoqib yuborilgan.

Xususiy klinika rahbari N.Solixonova 13 yilu 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Jinoiy guruhning boshqa a’zolariga ham tegishli jazolar tayinlangani xabar berilgan.

XS
SM
MD
LG