Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 10:55

Rossiya Qirg‘izistonning havo hujumidan mudofaa tizimini yangilamoqchi. Dushman kim o‘zi?


Qirg‘izistonga S-300PS zenit-raketa tizimini joylashtirish mamlakatning havo hujumidan mudofaa tizimini butunlay yangilaydi (arxiv surati).
Qirg‘izistonga S-300PS zenit-raketa tizimini joylashtirish mamlakatning havo hujumidan mudofaa tizimini butunlay yangilaydi (arxiv surati).

Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Nikolay Pankov 11 fevralda yangi havo hujumidan mudofaa tizimi Rossiyaning Qirg‘iziston shimolida joylashgan harbiy bazasiga yuborilishini ma’lum qildi.

Moskva bilan Bishkek bir necha yildan beri ushbu tizimni mamlakat poytaxtidan 40 kilometrcha olisda bo‘lgan Kant harbiy bazasiga joylashtirish masalasini muhokama qilib kelmoqda.

Garchi ayrim kishilar ayni qadam qo‘yilishi sabablariga shubha bilan qarayotgan bo‘lsa-da, bu Mustaqil davlatlar hamdo‘stligining (MDH) yagona havo hujumidan himoya qilish tizimini yaratish yo‘lidagi mantiqiy qadamdir. Ehtimol, bu ish boshqa mintaqaviy xafsizlik tashkiloti uchun qilinayotgandir.

Qirg‘iziston MDH bilan birga Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining (KXShT) ham a’zosidir. Qozog‘iston bilan Tojikiston ham unga a’zo.

2015 yilda Qozog‘iston S-300PS havo hujumidan mudofaa tizimini olgan bo‘lsa, 2019 yilda Rossiyaning Tojikistonda joylashgan 201-diviziyasi ham xuddi shunday tizimga ega bo‘ldi.

Albatta, Qirg‘iziston Qozog‘iston bilan Tojikiston o‘rtasida joylashganiga qaramay, bu masalada ortda qolayotgan edi.

Shu paytgacha Qirg‘izistonda ancha eskirib qolgan SA-2 va SA-3 tizimlari mavjud. SA-2 (yana S-75 Dvina ham deb ataladi) havo hujumidan himoya qilish raketasini ushbu mamlakatga 50-yillar oxirida Sovet Ittifoqi joylashtirgan edi. SA-3 tizimlaridan (yana S-125 Neva-Pechora ham deb ataladi) 60-yillarda foydalanilgan.

80-yillardan ishlab chiqarila boshlagan S-300PS tizimi Qirg‘izistonning havodan hujumidan mudofaa tizimini jiddiy tarzda yaxshilaydi. Biroq Rossiya haligacha Qirg‘izistonga qanaqa tizim berilishini ochiqlamadi.

Dushman kim?

Lekin Markaziy Osiyoning ushbu qismida joylashtirilayotgan yangi tizim kimga qarshi qaratilgan, degan savol tug‘iladi.

S-300PS tizimi uchoqlar va qanotli raketalardan himoya qilishga mo‘ljallangan.

Markaziy Osiyoga xavf, asosan, na uchog‘i va na qanotli raketalari bo‘lgan vatansiz jangarilaridandir. Ammo qayd etish lozimki, Rossiya yana Kant aviabazasidagi uchish-qo‘nish yo‘lagini ta’mirlamoqchi va aytishlaricha, o‘sha yerga yangilangan Su-25SM3 hujumchi uchoqlarini va dronlarni joylashtirmoqchi.

Ushbu qurollar jangarilarga qarshi kampaniyalar o‘tkazishda asqotishi turgan gap.

Eron, Pokiston, Hindiston va Xitoy singari Markaziy Osiyoga qo‘shni mamlakatlarning ilg‘or harbiy uchoqlari bor. Biroq so‘nggi uchta mamlakat Shanxay hamkorlik tashkilotining (ShHT) ham a’zosidir. Tashkilotga yana Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya va O‘zbekiston ham kiradi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston Xitoy bilan chegaradosh.

ShHTga dastlab 1996 yilda Xitoyga tutash mamlakatlar chegara muammolarini hal etish va sobiq SSSR-Xitoy chegarasidan qo‘shinlarni va qurol-aslahalarni chetga olish uchun asos solingan, muammolar oson echim topgach, uning kun tartibi kengaytirilgan edi.

Shunga qaramay, Markaziy Osiyoning Xitoy bilan chegaradosh uchala mamlakati ham havo hujumidagn mudofaa tizimlarini yangilamoqda. Bu ShHT doirasida o‘sha vaqtda erishilgan bitimga hali ham ishonch yo‘qligini anglatadi.

Qizig‘i shundaki, Markaziy Osiyoning KXShTga a’zo bo‘lmagan Turkmaniston va O‘zbekiston singari mamlakatlari ham havo hujumidan mudofaa tizimini Xitoyning HQ-9 “yuza-havo” raketalarini sotib olib yangiladi. Ular S-300 ning Xitoyda ishlab chiqarilgan versiyasidir.

XS
SM
MD
LG