Линклар

Шошилинч хабар
04 апрел 2020, Тошкент вақти: 19:48

Magnitogorskdagi portlashlar ortidan ushlanib 13 oy hibsda saqlangan o‘zbek ozodlikka chiqdi


Husniddin Zaynobiddinovga qo‘yilgan ayblovlar o‘z isbotini topmadi

Rossiyaning Magnitogorsk shahrida terakt uyushtirganlikda gumon qilinib, 2019 yilning yanvarida hibsga olingan qirg‘izistonlik o‘zbek yigit qariyb 13 oy deganda o‘tgan haftada ozodlikka chiqdi.

30 yashar Husniddin Zaynobiddinov​ 7 oyni FSB tergov izolyatorida, 6 oyni esa mahalliy deportatsiya lagerida ekstraditsiya tekshiruvi ostida o‘tkazdi.

Jinoyatga aloqadorligi isbotlanganmagani uchun qo‘yib yuborilgan muhojir FSB xodimlari uni qiynoqlarga solgani, burni va qovurg‘asini sindirib, elektr toki ostida aybga iqror bo‘lishga majburlagani ustidan shikoyat qilayotganini Ozodlikka gapirib berdi.

10 fevralda Magnitogorskdagi Xorij grajdanlarini saqlash markazidan ozod etilgan Husniddin Zaynobiddinov Moskvaga yetib kelgach, toptalgan huquqlari tiklanishi uchun harakat qilmoqchiligini Ozodlikka bildirdi.

- Men axir nohaq shuncha azoblarga solindim, butun badanimni sindirib tashlashdi. Ahvolimni ko‘rsangiz qo‘rqib ketardingiz. Rossiya degan davlatda qanaqadir qonunlar bordir?! Men adolat izlab keldim Moskvaga. Meni qiynagan xodimlarni javobgarlikka tortmoqchiman! Kerak bo‘lsa, Yevropa sudigacha boraman.

"Meni 6 soatcha qiynashdi"

2018 yilning 31 dekabrida Magnitogorsk shahrining ikki joyida kuchli portlash ro‘y bergandi.

Buning ortidan politsiya va maxfiy kuchlar shaharda yashovchi markaziy osiyoliklarni ommaviy ravishda ushlab¸ ularning hujjatlarini tekshira boshladi.

Xususan, “Komsomolskaya pravda” nashri Magnitogorskda rossiyalik bo‘lmagan barcha marshrutka haydovchilari, “Grand”, “Zelyoniy rinok” bozorlari, qurilish ob’ektlarida mehnat qilayotgan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston grajdanlari tekshiruvdan o‘tkazilganini xabar qilgan edi.

2019 yilning 16 yanvarida yangi tug‘ilgan chaqalog‘i va xotini bilan Chelyabinskdan Magnitogorskka qaynsinglisini ko‘rgani kelgan qirg‘izistonlik Husniddin Zaynobiddinov do‘konga chiqqanida maskalilar tomonidan qo‘lga olinganlardan biridir.

- Bu shaharga qaynsinglimnikiga chaqalog‘imning chillasini chiqarishga olib keluvdik. Magazinga chiqqanimda ikkita formasiz kelib hujjat so‘radi. Hammasi joyida, deb qo‘yvordi. Birozdan keyin magazin oldiga katta mashina kelib, boshimga paket solib, olib ketdi. Qo‘limni orqaga qilib, qanaqadir binoga olib kirishdi, allakimlarning suratlarini ko‘rsatishdi. “Tanimayman”, desam, podvalga olib tushishdi va 6 soatcha kaltaklashdi. Ko‘kragimga akkumulyatorga o‘xshagan apparatni ulab tok urishdi, keyin barmoqlarimga tok urishdi. Xotinim ikki kundan keyin ko‘rganida butun badanim ko‘karib shishib ketgandi. Qovurg‘alarimni, burnimni, qo‘limni sindirishdi, - deydi Husniddin.

Uning aytishicha, so‘roq davomidagi gaplardan uni mahalliy FSB bo‘limi xodimlari kaltaklaganini tushungan. Husniddin fsbchilar uni Magnitogorskdagi portlashga aloqasi borligiga iqror bo‘lishga majburlagani, ammo u hech qanday hujjatlarga imzo qo‘ymaganini bildirdi.

Bundan bir yil oldin Ozodlik qirg‘izistonlik 30 yashar Husniddin Zaynobiddinovning maskadagi shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgani va bir sutka o‘tib politsiya hibsxonasida qo‘l-qovurg‘alari singan, ko‘zi va butun tanasi ko‘kargan holda advokatlar tomonidan topilgani to‘g‘risida xabar qilgandi.

Husniddinning aytishicha, portlashlarga aloqasi borligini isbotlay olmagan fsbchilar uni “Qirg‘izistondagi 2010 yildagi qonli voqealarga aloqadorlikda” ayblab, ekstraditsiya qilishga uringan.

Husniddinning aytishicha, u 2019 yilning 16-18 yanvar kunlari "qonunga xilof ravishda shahar tashqarisidagi bir xususiy binoning podvalida suvsiz-ovqatsiz ushlab turilgan":

- Meni 7 oy avval izolyatorda, keyin yana yarim yil shu yerdagi deportatsiya lagerida ushlashdi. Boshida prokuraturaga olib kelishdi, u yerdan yana FSBga olib borib 3 soat urishdi. Shu ahvolda meni shahar izolyatoriga olib borishganda, boshlig‘i “Men uni qabul qilmayman – o‘lib qolsa kim javob beradi!?”, dedi. Shunda ikki kun qaerdadir podvalda saqlab, biroz shishlar qaytganidan keyin, boshqa izolyatorga olib borib tiqishdi. Bo‘ynimga teraktni ila olmaganlaridan keyin ular “Sen 2010 yilda Qirg‘izistondagi voqealarda ishtirok etgansan – Qirg‘iziston seni roziskka beribdi!”, deya deportatsiya lageriga tashlashdi.

Husniddin Zaynobiddinov 7 oy FSB maxsus izolyatorida ushlab turilganidan keyin, 16 iyul kuni ozod etilgan. Biroq, u sud zalidan chiqishi bilan politsiya xodimlari tomonidan hibsga olingan va "Qirg‘izistonda qidiruvda ekani" vaji bilan deportatsiya lageriga 6 oyga tashlangan.

"Lagerda ham bosimlar davom etaverdi", dedi Husniddin.

Uning aytishicha, qo‘yilgan ayblarga iqror bo‘lmaganidan keyin 2020 yilning 10 fevralida u xorijliklarni saqlash markazidan hujjatsiz va pulsiz chiqarib yuborilgan.

Bir farzandning otasi bo‘lgan Husniddin bu tuhmat ortidan biznesi singani, yiqqan oz-moz mablag‘larini o‘z nomini tiklashga sarflayotganini aytadi.

- Kartalarimda pullarim bor edi – berishgani yo‘q qaytarib. Pasportimni ham qaytarishmasdan chiqarishdi – men endi “vid na jitelstvo” olishim kerak edi. Chelyabinskda bug‘doy olib sotardim – u biznesim ham yo‘q bo‘lib ketdi. Yiqqan oz-moz pulimning hammasini advokatlarga sarfladim, ammo ular meni jinoyatchiga chiqara olmadi, qo‘yvordi.

"Portlash ortidan Magnitogorskda yuzlab muhojir qiynoqlarga solindi!"

Husniddin ishi bilan Moskvadagi “Yordam” Inson haqlari himoyasi tashkiloti shug‘ullanib kelmoqda.

Tashkilot rahbari Bahrom Hamroyevga ko‘ra, Magnitogorskda portlash bo‘lgani ortidan o‘nlab o‘zbek, tojik, qirg‘iz mehnat muhojirlari qo‘lga olingani va so‘roqqa tutilgani to‘g‘risida guvohlar ko‘rsatmalari bor.

- O‘sha kunlari yo‘qolib qolgan migrantlar juda ko‘p bo‘lgan: politsiya va FSB bozor-ko‘chalarda oblavalar o‘tkazib, butun shaharning ag‘dar-to‘ntarini chiqargan. Yuzlab muhojirlar o‘sha kunlari kaltaklangani, o‘g‘irlab ketilgani borasida menga tasdiqlangan xabarlar kelib tushgandi. Asosan markaziy osiyolik musulmonlarning bo‘yniga ilishga harakat qildi ular. Ayrim o‘g‘irlangan muhojirlar haligacha topilmagan!

Chelyabinsk viloyat prokuraturasi va Rossiya Ichki ishlar vazirligi etnik o‘zbek muhojiri Husniddin Zaynobiddinovga qiynoqlar qo‘llanilganiga oid Ozodlik xabariga rasmiy javob qaytargan edi.

Politsiya Qirg‘iziston grajdani bo‘lgan bu yigit Magnitogorskdagi portlashlarga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olinmaganini ta’kidlasa, mahalliy prokuratura Zaynobiddinov va uning xotini kaltaklangani to‘g‘risidagi o‘z bayonotlaridan voz kechganini aytgandi.

Ozodlik bilan suhbatda Halima Zaynobiddinova o‘z so‘zlaridan qaytmagani, biroq unga bosimlar bo‘layotganini gapirdi.

Halima erini 17 yanvar kuni betlari ko‘kargan, ko‘zi qizarib ketgan, qo‘llari shishib ketgan va burni bir tomonga qiyshayib qolgan holatda ko‘rganini aytgandi.

Ozodlikka taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, 2010 yilning 17 iyunida Jalolobod shahar sudi Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida ko‘zda turilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanayotgan Husniddin Zaynobiddinovni qamoqqa olish to‘g‘risida sirtdan qaror chiqargan.

XS
SM
MD
LG