Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 07:38

Tergovchi bosimi ostida ekspert soxta xulosa berdi. Tergovdagi yigit o‘z joniga qasd qildi


Abdurahmon Otamurodov kasalxonada
Abdurahmon Otamurodov kasalxonada

Qashqadaryo viloyat, Koson tuman, Beshqo‘ton mahallasida yashaydigan 35 yashar Abdurahmon Otamurodov 17 fevralda hasharotlarga qarshi sepiladigan zaharli dori ichib, o‘z joniga qasd qildi.

Kasalxonada uning oshqozoni yuvilib, joni saqlab qolindi.

Abdurahmon Otamurodovga ko‘ra, IIB xodimlari uni qilmagan jinoyatni bo‘yniga oldirish uchun qiynoqqa solgani, ekspertiza soxta xulosa bergani, "jabrlanuvchi" tomonning hadeb pul talab qilishi o‘z joniga qasd qilishiga sabab bo‘lgan.

Abdurahmon Otamurodov mahalladoshi Nasriddin Donayevni urib, ko‘zini ko‘r qilganlikda ayblanmoqda, uning ustidan jinoyat ishi ochilgan.

Ammo Abdurahmon va voqea guvohlari bu ayblovni keskin inkor etib unga nisbatan jabrlanuvchi va tergovchi tomonidan tuhmat uyushtirilganini aytmoqda.

Nasriddin Donayevni ekspertiza qilgan vrach tergovchi bosimi bilan soxta xulosa berganini tan oldi.

Koson tumani IIB tergovchisi mazkur voqea yuzasidan tergov olib borilayotganini aytdi.

O‘z joniga qasd

Koson tumanining Beshqo‘ton mahallasida yashaydigan Rashid Otamurodovning aytishicha, kombaynchi bo‘lib ishlaydigan 35 yashar o‘g‘li Abdurahmon Otamurodov unga nisbatan qilingan tuhmat va noqonuniy ochilgan jinoyat ishiga chiday olmay, 17 fevral kechasi o‘z joniga qasd qilgan:

- O‘g‘lim nohaqliklarga chiday olmay kanaga qarshi sepiladigan zaharli dori ichib qo‘ygan. Kechasi soat birlarda kelin dod-voy qilib qoldi. Yuragim tushib ketdi. Keyin duxturga olib bordik. Oshqozonini yuvib, tozalashdi. Bir o‘limdan qoldi.

Voqea nimadan boshlangan edi, guvoh nima deydi?

Abdurahmonning o‘z joniga qasd qilishiga sabab bo‘lgan voqea 2019 yilning 9 dekabrida sodir bo‘lgan.

Voqea guvohlaridan biri, Xolmurod Shodmonovning aytishicha, ular to‘rt o‘rtoq: Abdurahmon Otamurodov, Nasriddin Donayev va Mardon Murodov Kosondagi choyxonalardan birida tushlik qilib, aroq ichgan:

Lekin uni hech kim urmagan, soppa-sog‘ uyiga kirib ketgan edi.


- Soat uch yarimlarda mahallaga taksida qaytdik. Birinchi bo‘lib Nasriddinni uyining oldiga tushirdik, xayrlashib uyiga kirib ketdi. Keyin Abdurahmon va Mardonni tashladim. Kechqurun esa shunaqa gap bo‘ldi, go‘yoki AbdurahmonNasriddinni urgan emish. Lekin uni hech kim urmagan, soppa-sog‘ uyiga kirib ketgan edi. Keyin bir kun o‘zidan seni kim qaerda urdi deb so‘radim. Bir yo‘lda urdi deydi, bir choyxonada urdi deydi. Nima bo‘lsa ham biz tashlab ketgandan keyin uyida bo‘lgan. Biz birgaligimizda hech qanday janjal bo‘lmagan. Choyxonada janjal bo‘lganda edi odamlar ko‘rardi.

"Jabrlangan" tomon nima deydi?

Nasriddin Donayevning telefoni o‘chiqligi bois, u bilan gaplashib bo‘lmadi.

Nasriddinning akasi Nizom Donayevning iddao qilishicha, ukasi qattiq zarb yegani sababli bir ko‘zi ko‘rmay qolgan:

Ko‘zining tomiri uzilib ketibdi, endi uni olib tashlash kerak ekan.


- Ukam ham aniq bilmayman, deydi. Bular birgalikda ichgan, mojaro qilgan. O‘sha zarbdan keyin hech narsani eslolmaydi. Abdurahmon urgan bo‘lishi mumkin. Uch oydan buyon ko‘zini qaratamiz, Toshkentga ham borib keldi. Ko‘zining tomiri uzilib ketibdi, endi uni olib tashlash kerak ekan. Nogiron bo‘lib qoldi. Lekin, bir qishloqdanmiz, mahallachilik ularga da’vomiz yo‘q deb yozib berganmiz.

"Menga nisbatan quruq tuhmat qilindi"

Ozodlik 19 fevral kuni kasalxonada yotgan Abdurahmon Otamurodov bilan suhbatlashdi.

Abdurahmonning aytishicha, u o‘rtog‘i Nasriddinni urmagan va unga qilingan nohaq tuhmat sababli o‘z joniga qasd qilishga majbur bo‘lgan:

O‘sha kuni urishganimiz, janjallashganimiz ham yo‘q, birov birovga qo‘l ham tekkizgani yo‘q.


- Mening ham ikki bolam bor. Men ham yashashni istayman. Lekin Kosonda adolat yo‘q, nohaqlikka chiday olmadim. Nasriddinni urgansan deb qup-quruq tuhmat qilib, mendan pul undirishmoqchi bo‘lishyapti. O‘sha kuni urishganimiz, janjallashganimiz ham yo‘q, birov-birovga qo‘l ham tekkizgani yo‘q. Choyxonada o‘tirganimizda Nasriddinning qarindoshi Xolmurod ham bor edi. O‘zi mashinasida hammamizni uy-uyimizga olib kelib qo‘ydi. Lekin uchastkavoy Davlatov bilan ular pul undirish maqsadida birga ish qilishyapti.

Abdurahmonga ko‘ra, 18 dekabr kuni uni uchastka noziri Koson tumani IIBga olib borib, ikki sutkaga qamattirgan:

Tinmay tovonimga dubinka bilan savalab turishdi.


- Uchastkovoy Mirjamol Davlatov o‘zining xonasiga ham chaqirmay, to‘g‘ri IIBga olib borib qamab tashlayapti. Ikki sutka kechasi bilan Nasriddinni urganingni bo‘yningga ol deb meni to‘kib tashlashdi. Tinmay tovonimga dubinka bilan savalab turishdi. Dod dedim, voy dedim, lekin rahmlari kelmadi. Tergovchilar Nodir Murodov, Bobur To‘rayev, uchastkovoy Mirjamol va men ismlarini bilmagan boshqa organ xodimlari navbatma navbat urishdi. Lekin men qilmagan ishimni bo‘ynimga olmadim.

Abdurahmonning otasi "jabrlanuvchi" tomonga 15 million so‘m to‘laganidan so‘ng, u qamoqdan chiqarilgan. Lekin bu holat bo‘yicha unga (Abdurahmonga) nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 104-moddasi, birinchi qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi ochilgan.

Nega Abdurahmon o‘z joniga voqeadan ikki oy o‘tib qasd qildi?

Ozodlik bilan suhbatda Abdurahmon o‘z joniga qasd qilish sababini bunday izohladi:

To‘yib ketdim bu dunyodan. Boshim berk ko‘chaga kirib qoldi.


- Ikki oydan buyon azobdaman. Uyda hech narsa qolmadi hammasini sotib, qarindoshlardan qarz olib, otam 15 million so‘m qilib go‘yoki jabrlanuvchiga olib borib berdi. U o‘zi olganmi yoki milisalar bilan bo‘lishganmi, bilmayman. Mollarimni sotdim, yana besh million so‘m bir tanishimizda qarzim qolgan, har kuni so‘rab keladi. Bir yoqdan tergovchi baribir seni qamayman deb do‘q qiladi, bir yoqdan Nasriddinning akasi yana 15 million so‘m ber deb talab qilyapti. Bitta sog‘in sigirim qoldi, bolalarim sutini ichib turibdi, buni sotsam nima qilaman, deb shu ishga qo‘l urdim. To‘yib ketdim bu dunyodan. Boshim berk ko‘chaga kirib qoldi.

Kasallik tarixi

Nasriddin Donayev 9 dekabr kuni kechqurun Qarshi shahridagi ko‘z kasalliklari shifoxonasiga murojaat qilgan.

Davolovchi vrach Malohat Davronovaning Ozodlikka aytishicha, u vrachlarga ko‘zimni xontaxta qirrasiga urib oldim deb aytgan:

Ko‘zi, hamma narsasi joyida edi, operatsiyaga muhtoj ham emasdi, ko‘rish qobiliyati buzilmagan edi.


- 9 dekabr kuni men navbatchi edim. Soat chamasi o‘nlarda Donayev Nasriddin keldi. Ko‘zi bir qirraga urib olinganday, mayda qon tomirchalari yorilganday bir holat bor edi. Ko‘zga qattiq zarba berilmagan yoki qattiq jism bilan urilgan holatini ko‘rmadim. Biz ko‘ziga kerakli muolajani qilib kasalxonaga yotqizdik. Ko‘zi, hamma narsasi joyida edi, operatsiyaga muhtoj ham emasdi, ko‘rish qobiliyati buzilmagan edi. Davlat tomonidan berilgan dorilar bilan davolaganman, uning ko‘ziga ortiqcha xarajat ham qilinmagan.

Vrachning aytishicha, Donayev to‘rt kun yotganidan so‘ng unga javob berilganda, kasallik tarixini almashtirib berishni iltimos qilgan:

Menga ekspertiza xulosasini ko‘rsatishdi. Bu xulosa umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.


- Menga Nasriddin Donayev istoriyani almashtiraylik deb iltimos qildi. Men qonunga xilof ish qilolmayman, bor narsani yozib berganman, dedim. U esa menga ko‘zimga urishgan edi, dedi. Men unga seni ko‘zing bir oz qirilgan edi, o‘zing xontaxtaga urib oldim deb aytgan eding, agar kaltak yegan bo‘lsang ko‘zingni atroflarida qandaydir jarohat izlari bo‘lish kerak edi, bu yo‘q ediku, deb aytdim. Ko‘zi yaxshi edi, ko‘rish qobiliyati ham yaxshi edi, shuning uchun unga javob berdim. Menga ekspertiza xulosasini ko‘rsatishdi. Bu xulosa umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Soxta ekspertiza xulosasi

Voqeadan bir oy o‘tganidan so‘ng, 18 yanvar kuni Koson tumani IIB tergovchisi Bobur To‘rayevning yo‘llanmasi bilan Respublika sud-tibbiy ekspertiza markazining Qashqadaryo filiali ambulatoriya bo‘limida Nasriddin Donayev sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazildi.

Davlat sud-tibbiy eksperti Elmurod Barotov Nasriddin Donayevni tibbiy ekspertizadan o‘tkazib, juda og‘ir xulosaga kelgan. Xulosadan parchani aynan keltiramiz:

“Fuqaro N.Donayevning tanasi kasallik tarixi ma’lumotlariga asoslanib “chap ko‘z yuqori qovoq gematomasi, ko‘z olmasini og‘ir darajada chayqalishi, ko‘z olmasini yorilgan ichki qavatlarini tashqariga chiqqan” ko‘rinishidagi jarohatlari aniqlandi.

Mavjud tana jarohatlari og‘irlik darajasi umumiy mehnat qobiliyatining salmoqli qismini, ya’ni uchdan biridan ko‘prog‘ining (33 foizdan) turg‘un yo‘qotilishiga olib kelgan OG‘IR shikasti guruhiga kiritiladi”.

Nasriddin Donayevga berilgan ekspert xulosasi
Nasriddin Donayevga berilgan ekspert xulosasi

Ekspert xulosasida shifoxonada qo‘yilgan yakuniy tashxis ham qalbakilashtirilgan:

“Shifoxonada qo‘yilgan yakuniy tashxis: chap ko‘z yuqori qovoq gematomasi. Ko‘z olmasini og‘ir darajada chayqalishi. Ko‘z olmasi yorilgan, ichki qavatlarini tashqariga chiqqan jarohati”, deb yozilgan ekspertiza xulosasida.

Yuqorida esa kasalxona davolovchi vrachi Malohat Davronova Nasriddin Donaev shifoxonadan soppa-sog‘ chiqib ketganini aytgan edi.

Nasriddin Donayevga berilgan ekspert xulosasi
Nasriddin Donayevga berilgan ekspert xulosasi

“Tergovchi meni majbur qildi”

Respublika sud-tibbiy ekspertiza markazi Qashqadaryo filiali ambulatoriya bo‘limi vrachi Elmurod Barotov Ozodlik bilan suhbatda Koson tumani IIB tergovchisi Bobur To‘rayev bosimi bilan xato xulosa yozganini tan oldi:

Bobur To‘rayev majbur qildi, biz ham boshqarmamizdan so‘radik, majbur bo‘ldim qilib berdim shuni, ayb menda!


- Bu mening aybim, mening xatom. Odamzod adashadiku, yo qo‘rqoqlik deysizmi, yo... odamzodni bilasizku. Bobur To‘rayev degan bir tergovchimiz bor. Shu Donayevning istoriyasini olib keldi. Donayev Nasriddinning ko‘zini ham ko‘rdim, istoriyasini ham, hech tortmaydi. Keyin men yo‘q, bo‘lmaydi, bu oddiy holat deb aytdim. Bilasiz endi. Bizlarga ular qo‘pollashadi, hammamiz ham ichki ishlardan qo‘rqamiz. Bobur To‘rayev majbur qildi, biz ham boshqarmamizdan so‘radik, majbur bo‘ldim qilib berdim shuni, ayb menda! Boshqa hech narsa deya olmayman.

Rasmiy munosabat

Ozodlik bu voqeani o‘rganish uchun to‘rt kun surishtiruv o‘tkazdi.

19 fevral kuni Ozodlik bilan suhbatda Koson tumani IIB tergovchisi Bobur To‘rayev Ozodlik bilan suhbatda bunday degan edi.

- Donayev Nasriddin meni ko‘zimga Abdurahmon urdi deb ariza bergan. Abdurahmonning o‘z joniga nega qasd qilganligini tekshirib ko‘ramiz. Hozir tergov davom etyapti, tez kunda hal qilamiz.

Ekspert Elmurod Barotovning bayonotidan so‘ng, Ozodlik 21 fevral kuni yana Bobur To‘rayev bilan bog‘lanishga urindi. Tergovchi bu safar Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Koson tumani Beshqo‘tan MFY uchastka noziri Mirjamol Davlatov unga nisbatan bildirilgan iddaolarni inkor qildi:

- Jabrlanuvchi Donayev birga o‘tirib ikki shisha aroq ichdik, keyin ketishimizda Abdurahmon meni ko‘zimga bir musht urdi, deb ko‘rsatma bergan. Men materiallarni yig‘ib tergovga o‘tkazib berganman. Hech qanday tuhmat bo‘lmagan va boshqa holatlariga ham aralashganim yo‘q.

Nozirning aytishicha, Abdurahmon Otamurodov O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 104 – moddasi, birinchi qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan ayblanmoqda.

Bu moddaga ko‘ra, gumonlanuvchining aybi tasdiqlansa, u uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

XS
SM
MD
LG