Линклар

Шошилинч хабар
27 сентябр 2020, Тошкент вақти: 08:08

"Davlat sirlarini oshkor qilish”da ayblanayotgan iste’fodagi podpolkovnik sudda ayblovni tan olmadi


Vladimir Kaloshin 2019 yilning 2 iyulida hibsga olingan edi.

“Davlat sirlarini oshkor qilish”da ayblanayotgan iste’fodagi podpolkovnik, O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga qarashli “Vatanparvar” gazetasi muxbiri Vladimir Kaloshinga nisbatan sud jarayonining 2 mart kungi majlisida sudlanuvchi so‘nggi so‘zini aytdi.

Jarayon 7 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudida boshlangan edi. Sud yopiq eshiklar ortida o‘tkazildi. Kaloshinning qizi Anastasiya Yepishevaning aytishicha, ayni paytda sud hukmi e’lon qilinishi kutilayapti. Lekin sud hukmni qachon o‘qishi hozircha noma’lum.

"Oddiy muxbirning davlat sirlariga qanday aloqasi bor?"

Vladimir Kaloshinning Toshkentda o‘tayotgan sud jarayonidan xabardor, Moskvada istiqomat qilayotgan qizi Anastasiya Yepisheva sudning 2 martdagi yig‘ilishida otasi o‘ziga bildirilgan ayblovni tan olmaganini aytdi:

- Otam harbiydan iste’foga chiqqaniga 15 yil bo‘ldi. U harbiy nafaqada bo‘lgan. “Vatanparvar” gazetasida oddiy muxbir bo‘lib ishlagan. Sudda otam mana shularni aytib: “Oddiy muxbirning davlat sirlariga qanday aloqasi bor?” deb savol qo‘ygan. U o‘ziga bildirilgan ayblovni qat’iyan rad qilmoqda, aybsiz ekanini aytayapti.

Anastasiya Yepisheva sud Vladimir Kaloshinning o‘ziga nisbatan tergov paytida psixologik qiynoqlar qo‘llanilgani to‘g‘risidagi arizasini e’tiborsiz qoldirganini aytdi. Sud advokatlarning Vladimir Kaloshinni ehtiyot chorasi sifatida hibsda saqlash muddati 2019 yilning 1 dekabrida yakunlangani munosabati bilan uni uy qamog‘iga chiqarish iltimosini ham qanoatlantirmagan.

"Otamga psixologik qiynoqlar qo‘llanilgan"

Kaloshin va uning advokatlari 2019 yilning 28 fevralida Bosh prokuraturaga tergov davomidagi ruhiy bosimlar va psixologik qiynoqlar haqida ariza kiritgan. Mazkur ariza yuzasidan Bosh prokuratura hozircha rasman munosabat bildirmadi.

Anastasiya Yepishevaga ko‘ra, Kaloshin o‘z arizasida tergovchilar unga xotini, farzandlari, nabiralari hayotiga tahdid qilish bilan psixologik qiynoq qo‘llaganlari to‘g‘risida yozgan.

- Sud ham protsessual qonunchilik qoidalari buzilgan tarzda o‘tkazilmoqda. 7 fevraldan boshlab shanba-yakshanbani hisobga olmaganda har kuni sud majlisi o‘tkazilayapti. Sudya mazkur ish yuzasidan tomonlarning fikrlarini, ularning har kuni sudga kela olishi yoki kela olmasligini ham hisobga olmayapti. Buning ortidan advokatlar otamga sifatli yuridik yordam ko‘rsatish imkoniyatidan mahrum bo‘lib qolayapti. Otamni hibsda saqlash muddati o‘tgan yilning 1 dekabrida tugagan. Lekin sud shunga qaramay, uni hibsdan chiqarmayapti, - dedi Anastasiya Yepisheva.

"Kaloshin ishining davlatga xiyonatda ayblanayotgan Sayfullin ishiga aloqasi yo‘q"

Kaloshinning advokatlari harbiy sud majlisining yopiq o‘tayotgani va mazkur jarayon haqidagi ma’lumotlarni sir saqlash to‘g‘risida tilxat berganlari bois Ozodlikka ma’lumot bera olmasligini aytishdi.

10 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod sudi binosida O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar va xalqaro munosabatlar instituti sobiq direktori¸ 61 yashar siyosatshunos Rafik Sayfulin ustidan yo sud majlisi boshlangani xabar qilingan edi.

Sayfullin bilan birgalikda 2019 yilning 15 iyulida O‘zbekiston qurolli kuchlari shtabi boshqarma boshlig‘i Akbar Yarbabayev va xotini Yelena 2019 yil 15 iyul kuni hibsga olingan.

O‘shanda Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan gaplashgan O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish tizimining yuqori lavozimli mulozimi: “Kaloshin¸ Sayfulin va Yarbabayev” ayni ish doirasida Rossiya manfaati uchun josuslik qilganlik va davlat sirlarini oshkor qilganlik kabi mushtarak jinoyatlarda ayblanmoqda”, deb aytgan edi.

Ammo Anastasiya Yepisheva: “Kaloshin ishining Sayfullin va Yarbabayev ishiga hech qanday aloqasi yo‘q. Sud jarayonlari ham boshqa-boshqa joylarda o‘tmoqda. Otam xatto ular bilan tanish ham bo‘lmagan”, deb bildirdi.

Vladimir Kaloshin kim?

68 yashar Vladimir Kaloshin 2019 yilning 2 iyulida DXX xodimlari tomonidan o‘z uyida hibsga olingan edi. Unga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 162- moddasida (“Davlat sirlarini oshkor qilish”) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlik ayblovi bildirilgan.

Harbiy oilada tavallud topgan podpolkovnik Vladimir Kaloshin 1974 yilda Toshkent Oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtini tamomlagan. Dastlab Termiz garnizonida, so‘ngra motoo‘qchi, minalardan tozalash, tanklarga qarshi, raketa va tank qo‘shinlarida xizmat qilgan.

1992 yilda O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga qarashli “Vatanparvar” gazetasi ta’sis etilar ekan, u ushbu nashrning “Harbiy xizmat va tarbiyaviy ishlar” bo‘limiga rahbar etib tayinlangan.

2012 yilda iste’foga chiqqan podpolkovnik ayni gazetada muxbir sifatida ishlab kelayotgan edi.

O‘zbekiston mustaqilligining 9 yilligi munosabati bilan Vladimir Kaloshin "yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ko‘rsatgan xizmatlari" uchun “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Davlatga xiyonat bilan bog‘liq avvalgi ishlar

Vladimir Kaloshin oxirgi paytlarda davlat sirlariga aloqador jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib hibsga olingan ilk o‘zbekistonlik emas.

10 fevral kuni O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar va xalqaro munosabatlar instituti sobiq direktori¸ 61 yashar siyosatshunos Rafik Sayfulin ustidan yopiq sud majlisi boshlandi.

Sayfulin ishini O‘zbekiston harbiy sudi hakamlari ko‘rib chiqmoqda. Sayfulin O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 157-moddasi - davlatga xoinlik qilishda ayblanmoqda.

Sayfulin bilan birgalikda o‘nga yaqin sobiq harbiy ham Rossiya foydasiga josuslik qilish¸ davlat sirlarini fosh qilish va boshqa jinoyatlarda ayblanib¸ sudga tortilgani aytilgan.

Qamoqqa olinib ishi sudga oshirilganlar orasida O‘zbekiston qurolli kuchlari birlashgan shtabi boshqarma boshlig‘i Akbar Yarbabayev ham bor. Yarbabayev ham O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 157-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyat - davlatga xoinlik qilishda ayblanmoqda.

Ozodlik radiosi o‘tgan yilning 12 mart kuni diplomat Qodirjon Yusupovning ​DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olinganini xabar qilgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 157-moddasida (Davlatga xoinlik qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan sobiq diplomat 9 yanvar kuni sud hukmi bilan 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Davlatga xiyonatda ayblangan sharqshunos olim Andrey Kubatin 2017 yil 1 dekabrida sud hukmi bilan 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. 2019 yilning 26 sentabrida sud Andrey Kubatinni oqladi va u sud zalidan ozod qilindi.

XS
SM
MD
LG