Линклар

Шошилинч хабар
27 сентябр 2020, Тошкент вақти: 06:14

"Davlatga xiyonatda" ayblangan sobiq podpolkovnik 12 yilga qamaldi


Vladimir Kaloshin 2019 yilning 2 iyulida hibsga olingan edi.

O‘zbekiston Harbiy sudi 4 mart kuni iste’fodagi podpolkovnik, O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga qarashli “Vatanparvar” gazetasi muxbiri Vladimir Kaloshin ustidan hukm chiqardi.

Kaloshinning Moskvada yashayotgan qizi Anastasiya Yepishevaning Ozodlikka bildirishicha, otasi «Davlatga xiyonat"da aybdor deb topilib¸ 12 yillik qamoqqa hukm qilingan.

Vladimir Kaloshin ustidan mahkama 7 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudida boshlangan edi. Yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan sudning 2 mart kungi majlisida so‘nggi so‘z berilgan Kaloshin¸ o‘ziga qo‘yilgan ayblovni tan olmagan.

"Otamni harbiy unvonidan ham mahrum qilishdi"

Anastasiya Yepishevaning Ozodlikka bildirishicha¸ O‘zbekiston Harbiy sudi hukmi bilan Kaloshin barcha harbiy rutba va unvonlaridan ham mahrum etilgan.

- Otam O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 157-moddasi 1-qismi bilan "davlatga xiyonat"da aybdor deb topildi. Unga 12 yil qamoq jazosi berishdi. Hukmda aytilishicha, u jazoni umumiy rejimdagi qamoqxonada o‘taydi. Shuningdek, sud uni podpolkovnik unvonidan mahrum qildi.

Sobiq podpolkovnikning Moskvada yashayotgan qiziga ko‘ra¸ otasi sudda o‘ziga qo‘yilgan ayblarni tan olmagan.

- Endi advokatlar bilan kelishib, apellyatsiya arizasi kiritmoqchimiz. Otam aybsiz qamaldi. Uni oqlash uchun xalqaro sudgacha murojaat qilamiz, -dedi Anastasiya Yepisheva.

Sud hukmiga oid xabarni otasi advokatlaridan olganini aytgan Yepisheva¸ yopiq o‘tgan bu jarayonga oid boshqa tafsilotlardan bexabarligini bildirdi.

Advokatlar Kaloshin ruhiy qiynoqqa solinganini bildirmoqda

Kaloshin advokatlari Harbiy sud majlisining yopiq o‘tayotgani va mazkur jarayon haqidagi ma’lumotlarni sir saqlash to‘g‘risidagi tilxatga qo‘l qo‘yganlari bois¸ Ozodlikka ma’lumot bera olmasligini aytishdi.

Ayni paytda¸ Kaloshin advokatlari Ozodlikka uning tergov davomida o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan ruhiy bosim va qiynoqlar ustidan 2019 yilning 28 fevralida Bosh prokuraturaga ariza kiritganini bildirgan edi.

Mazkur shikoyat arizasi yuzasidan Bosh prokuratura hozircha rasman munosabat bildirmadi.

Anastasiya Yepishevaga ko‘ra, Kaloshin o‘z arizasida tergovchilar xotini, farzandlari, nabiralari hayotiga tahdid qilish bilan psixologik qiynoq qo‘llaganlari to‘g‘risida yozgan.

Kaloshindan tashqari yana o‘ndan ortiq odam davlatga xiyonatda ayblanmoqda

10 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod sudi binosida O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar va xalqaro munosabatlar instituti sobiq direktori¸ 61 yashar siyosatshunos Rafik Sayfulin ustidan yopiq sud majlisi boshlangani xabar qilingan edi.

Yopiq sudning ikkinchi majlisi Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod sudi binosida o‘tkazilmoqda.

Sayfullin bilan birgalikda 2019 yilning 15 iyulida O‘zbekiston qurolli kuchlari shtabi boshqarma boshlig‘i Akbar Yarbabayev va xotini Yelena 2019 yil 15 iyul kuni hibsga olingan.

O‘shanda Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan gaplashgan O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish tizimining yuqori lavozimli mulozimi: “Kaloshin¸ Sayfulin va Yarbabayev” ayni ish doirasida Rossiya manfaati uchun josuslik qilganlik va davlat sirlarini oshkor qilganlik kabi mushtarak jinoyatlarda ayblanmoqda”, deb aytgan edi.

Anastasiya Yepishevaning Ozodlikka aytishicha¸ bir guruh sifatida hibsga olingani aytilgan bu shaxslar ishiga otasining aloqasi yo‘qligini bildirdi.

“Kaloshin ishining Sayfullin va Yarbabayev ishiga hech qanday aloqasi yo‘q. Sud jarayonlari ham boshqa-boshqa joylarda o‘tmoqda. Otam hatto ular bilan tanish ham bo‘lmagan”.

Vladimir Kaloshin kim?

68 yashar Vladimir Kaloshin 2019 yilning 2 iyulida DXX xodimlari tomonidan o‘z uyida hibsga olingan edi. Unga avvaliga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 162- moddasi (“Davlat sirlarini oshkor qilish”) da ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlik aybi qo‘yilgan.

Harbiy oilada tavallud topgan podpolkovnik Vladimir Kaloshin 1974 yilda Toshkent Oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtini tamomlagan. Dastlab Termiz garnizoni, so‘ngra motoo‘qchi, minalardan tozalash, tanklarga qarshi, raketa va tank qo‘shinlarida xizmat qilgan.

1992 yilda O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga qarashli “Vatanparvar” gazetasi ta’sis etilganidan so‘ng u ushbu nashrning “Harbiy xizmat va tarbiyaviy ishlar” bo‘limiga rahbar etib tayinlangan.

2012 yilda iste’foga chiqqan podpolkovnik ayni gazetada muxbir sifatida ishlab kelayotgan edi.

O‘zbekiston mustaqilligining 9 yilligi munosabati bilan Vladimir Kaloshin "yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ko‘rsatgan xizmatlari" uchun “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

XS
SM
MD
LG