Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:00

OzodDayjest: Ekspert: O‘zbekiston 25 yilda dunyodagi 40 ta eng kambag‘al davlatlar qatoriga tushib qoldi


Bloger X. Xudoyberdiyev qonun hokimlar bilan oddiy fuqarolarga nisbatan bir xil ishlamayotganini tanqid qildi. Taniqli iqtisodchi O‘zbekiston hukumatiga o‘yin qoidalarini o‘zgartirishni tavsiya qildi. Namanganlik yigit fohishaxona manzilini aytmagan keksa ayolni urib o‘ldirdi.

_____________________________________________________________

Mushtumzo‘r va so‘kong‘ich hokimlarni ayovsiz jazolash talab qilindi


O‘zbekistonda 200 nafardan ziyod hokim bo‘lsa, ularning barchasi so‘kmaydigan yoki urmaydigan bo‘lishi uchun kamida 200 yil kerak, deb yozadi huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyev (www.xabar.uz, 3 mart).

Muallif qonunchilikdagi adolatsiz nuqtaga e’tibor qaratgan.

“Bir narsa meni doim hayron qoldiradi. Qiziq-da, masalan, hokim fuqarolarni so‘ksa, qonun bo‘yicha ma’muriy jazo beriladi (maksimum 40 minimal jarima). Agar teskarisi, ya’ni oddiy fuqaro hokimni so‘ksa, unda bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoyat bo‘ladi va hatto 1 yilgacha qamalishi ham mumkin... Yoki hokim haqorat qilgani uchun ham jinoiy javobgarlik belgilansin (axir u katta amaldor, uning harakati davlat imijiga putur yetkazadi), yoki aksincha oddiy fuqarolar hokimni haqorat qilgani uchun darhol jinoyatchi sifatida qaralmasin”, deb yozadi u.

Bloger davlatning birdan-bir manbai bo‘lgan xalq hokimto‘ralardan quyi o‘rinda turishi mumkin emasligini ta’kidlab, mushtumzo‘r va so‘kong‘ich hokimlarni ham ayovsiz jazolashni talab qilgan.

“Hokim kim? Xalqning pulidan oylik olib, aslida xalqqa xizmat qilishi kerak bo‘lgan xizmatchimi yoki faqat Prezidentga xizmat qilishga bel bog‘lab, xalqni pisand qilmaydigan va o‘z hududida mutloq vakolatga ega bo‘lvolib (qonunan emas, og‘zaki), o‘zi xon, ko‘lankasi maydon bo‘lgan shahanshohmi?” deya savol qo‘yadi X.Xudoyberdiyev.

Iqtisodchi Yuliy Yusupov O‘zbekistonda islohotlar yo‘lidagi eng katta muammoni ochiqladi


O‘zbekiston so‘nggi 20-25 yilda dunyodagi 40 ta eng kambag‘al davlatlar qatoriga tushib qoldi, dedi Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi direktori Yuliy Yusupov Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro anjumandagi ma’ruzasida (www.kun.uz, 3 mart). Iqtisodchiga ko‘ra, O‘zbekiston rivojlangan iqtisodiyotni qurishni istasa, o‘yin qoidalarini o‘zgartirishi lozim. Qayd etilishicha, mamlakatni qashshoqlikka domiga tortgan o‘yin qoidalarining asosiy qismi 1996 yildan keyin, iqtisodiyot qonunlari unutilib, iqtisodiy rivojlanishning shaxsiy modeli qurila boshlaganda paydo bo‘ldi.

“Biz ko‘proq jahon bozorlariga yopiq bo‘lgan, asosiy rolni davlat amaldorlari o‘ynaydigan, (resurslarni ular taqsimlaydi, narxlarga va almashinuv kursiga ta’sir ko‘rsatadi), raqobat muhiti kuchsiz bo‘lgan iqtisodiyotni qurdik”, deydi Yu.Yusupov.

Iqtisodchi mamlakat rahbariyatiga mulk huquqini himoya qilish, qishloq xo‘jaligini isloh qilish, sun’iy monopoliyalarga barham berish, sud tizimi va eskirgan davlat boshqaruvini yangilash kabi choralarni taklif etgan.

Namanganda 74 yoshli ayolni urib o‘ldirgan qotil 20 yilga qamaldi


Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati sudi mast holda 74 yoshli Nadejda Kutyanani shafqatsizlarcha urib o‘ldirgan Sharif Otaboyevga hukm o‘qidi (www.daryo.uz, 4 mart). Yarim tunda mast holatda qaytayotgan yigit keksa ayoldan dam olish uchun qaerdan fohisha topish mumkinligini so‘ragan. Ayol unga qo‘pol javob qilib, “borib onang bilan dam ol”, deb aytgan. Bundan g‘azablangan yigit ayolni ayovsiz kaltaklab o‘ldirgan.

Tergov jarayonida Sharif Otaboyevning 2018 yilda talonchilik jinoyatini sodir etib sudlangani va unga nisbatan besh yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangani oydinlashgan.

Mahkama Sh.Otaboyevni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismida (qasddan odam o‘ldirish) ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topgan va unga 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

XS
SM
MD
LG