Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:56

Koronavirus tufayli kichik va o‘rta biznes sinish tahdidi ostida. Banklar hozircha beparvo


O‘zbekiston banklaridan birida bank xodimi bilan gaplashish uchun navbat kutayotganlar.
O‘zbekiston banklaridan birida bank xodimi bilan gaplashish uchun navbat kutayotganlar.

Dunyo bo‘ylab koronavirus pandemiyasini to‘xtatish uchun hukumatlar o‘rnatayotgan keskin cheklovlar va karantin oqibatida bankrotlik tahdidi ostida qolgan tadbirkor va shirkatlar ro‘yxati uzayib bormoqda.

Bunday sharoitda hukumatlar¸ xususan¸ Toshkent hukumati qutqaruv chambaragini birinchi bo‘lib qaysi soha va kimga tashlashi kerak?

O‘zbekiston hukumati¸ xususan¸ Markaziy bankida bu savolga javob bormi?

Iqtisodiy rivojlanishning motori sanaladigan kichik va o‘rta biznes Toshkent hukumati himoyasiga olinadimi¸ xususan¸ joriy vaziyatda ularga kredit to‘lovlarini kechiktirish imkoni beriladimi?

Ozodlik yakka va kichik tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan bu savollarga javob topish uchun banklar¸ bank tizimi mulozimlari va mustaqil iqtisodchilar fikrlarini o‘rgandi.

Yakka tadbirkor himoya so‘ramoqda

Xorazmlik Ulug‘bek bankdan kredit olib¸ unga nooziq-ovqat tovarlari sotib olib¸ bozorda savdo qiladi. Butun dunyoda koronavirus pandemiyasi yoyilib¸ odamlarga zarurat bo‘lmasa uyidan chiqmaslik tavsiya etilayotganiga qaramay¸ har kun bozorga qatnamoqda.

Bankdan 90 million so‘m iste’mol krediti olib¸ shuning hisobidan biznes boshlaganman. Oylik to‘lovim 6¸5 million. Savdo bo‘lmasa¸ kreditni to‘lolmayman. Shunga har kun bozorga chiqyapman. Savdo deyarli yo‘q¸ odamlar oziq-ovqatdan boshqa narsaga qaramay qo‘ydi. Chunki hozirgi sharoitda bozor virus eng tez tarqaydigan joyga aylandi. Bizga ziyon bo‘lsa ham¸ hukumat yoppasiga karantin qilib¸ bozorlarning nooziq-ovqat qismini yopishi kerak¸ deb o‘ylayman. Har kun bola-chaqa oldiga virus olib kelmadimmi¸ deb qo‘rqib borishdan charchadim. Lekin bozorlarni yopishdan oldin¸ kreditlar to‘lov muddatini hech bo‘lmasa bir oyga kechiktirish kerak. Bo‘lmasa men va menga o‘xshagan minglab kichik va yakka tadbirkor bankrot bo‘lishi aniq”.

Toshkentlik Sayyora ham Ulug‘bekka o‘xshab¸ bankdan olgan kreditini to‘lay olmaslik tahdidi ostida qolgan yakka tadbirkorlardan biri.

18 mart kuni u o‘zi kredit olgan "Xalq banki"ga borib¸ kredit to‘lov muddatini kechiktirishni so‘ragan va bunga rad javobi olgan.

19 mart kuni Andijondagi ayni bankka o‘z krediti to‘lov muddati uzaytirilishini so‘rab murojaat qilgan kichik tadbirkorlardan yana biri¸ o‘ziga "kredit to‘lovlarining vaqtida to‘lanishi shart"ligi aytilganini bildirdi.

Banklar nima deydi?

Ozodlik koronavirus oqibatida ishi to‘xtab¸ bankrotlik darajasida qolgan yakka va kichik tadbirkorlarga kredit to‘lovlarini jarimasiz kechiktirib to‘lashga imkon berilish-berilmasligini so‘rab O‘zbekistondagi qator tijorat banklari mutaxassislari bilan bog‘landi.

Bu masala bo‘yicha choralar ko‘rilyapti. Markaziy bankning yagona tartib ishlab chiqishi kutilyapti. Biz ichki imkoniyatdan kelib chiqib, choralar ko‘ryapmiz”¸ dedi Ozodlik bog‘langan “Xalq banki” rasmiysi.

“Poytaxt bank” mutaxassisi ham ayni kunlarda kredit to‘lovlarini kechiktirish masalasi ko‘rib chiqilayotganini bildirdi.

Hozircha bizning "Poytaxt bank" turizm, transport xizmatlari, mehmonxona biznesi, nodavlat ta’lim muassasasi, xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyatlarini yuritayotgan mijozlarimizga shu mart oyi uchun ular olgan kreditlari bo‘yicha to‘lovlarni kechiktirishga va ularga penya, jarima va ustamalar to‘lamaslik uchun hozircha bir martalik aksiya berish haqida qaror tayyorlayapmiz. Bu masalada Markaziy bankning alohida ruxsati kerak emas bizga. Chunki banklar mustaqil hisoblanadi”¸ deb javob berdi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois ismi sir qolishini so‘ragan “Poytaxt bank” mulozimi.

Tijorat banklaridan yana biri mulozimi esa¸ bu masalada yoppasiga qaror chiqarish qiyinligi¸ har bir mijoz vaziyati alohida ko‘rib chiqilishini bildirdi.

Bizdan kredit olib¸ uni maqsadli emas¸ boshqa narsaga ishlatib yuborganlar ko‘p. Ular hozir koronavirusdan kasod bo‘ldim¸ to‘lov muddatini uzaytiring¸ deb kelishyapti. Biz qaysi tadbirkorning haqiqatan koronavirusdan ziyon ko‘rayotgani¸ qaysi birining aldamchilik qilayotganini bilamiz. Shuning uchun har bir holatni imkon qadar alohida ko‘rib chiqib¸ haqiqatda zarar ko‘rganlarga yordam berishga harakat qilyapmiz”.

Markaziy bank o‘zini qanday tutmoqda?

Koronavirusning iqtisodga ko‘rsatayotgan halokatli zararini to‘xtatish maqsadida rivojlangan davlatlar Markaziy banklari foiz stavkalarini keskin pasaytirish¸ moliya bozoridagi likvidlikni oshirishga qaratilgan favqulodda choralarga qo‘l urmoqda.

Ayni paytda¸ tijorat banklari mustaqil ravishda bu vaziyatdagi o‘z chora-tadbirlarini belgilamoqda.

Masalan¸ Chexiya hukumati kichik va o‘rta tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1 milliard kron mablag‘ ajratdi; yirik tijorat banklari¸ xususan¸ Ceska Sporitelna o‘z mijozlariga yoppasiga uch oylik kredit ta’tili e’lon qildi.

O‘zbekiston Markaziy banki 17 mart kuni “koronavirus infeksiyasi tarqalishi sababli tadbirkorlik sub’yektlarida kreditlarni qaytarish bilan bog‘liq salbiy oqibatlarni yumshatish maqsadida barcha tijorat banklariga” kreditning asosiy qarzini qaytarish bo‘yicha 2020 yil 1 oktabriga qadar imtiyozli davr berishni tavsiya qildi.

Ozodlik gaplashgan bank sohasi mutaxassislari tavsiya xarakteridagi bunday “chora”ning O‘zbekiston sharoitida yetarli emasligini ta’kidladi.

Hozir faqat O‘zbekiston emas¸ balki global miqyosda yangi iqtisodiy krizis boshlandi. Iqtisodiy tanglik paytida Markaziy bank barqarorlik kafilligi sifatida maydonga chiqishi kerak. Pul-kredit siyosatining faqatgina A ssenariysidan emas, balki B ssenariysini (agar ishlab chiqilgan bulsa!) foydalanishi shart. Bu ssenariylar pul-kredit siyosatining noan’anaviy instrumentlaridan foydalanishni taqozo etadi. Markaziy bankning 17 mart kungi tavsiyalari imitatsiyadan boshqa narsa emas. U hisob stavkasini, zaxira talablarini, depozit operatsiyalarini qayta ko‘rib chiqmayapti. MBning o‘zini chetga tortishga qaratilgan bu hatti-harakati krizisning milliy iqtisodiyotga ko‘rsatadigan salbiy oqibatlarini kuchaytiradi¸ xolos”¸ dedi shaxsi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan bank tizimi mulozimi.

Bu mutaxassis¸ Markaziy bank o‘zini bunday tutayotgan bir paytda¸ tijorat banklaridagi asosiy ulush egasi bo‘lgan davlat koronavirus oqibatida sinishi mumkin tadbirkorlarga kredit ta’tili e’lon qilishi lozim¸ degan fikrni qo‘shimcha qildi.

18 mart kuni koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha xalqqa murojaat qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev:

- Mening topshirig‘imga muvofiq, Maxsus ishchi guruh turizm, transport, farmatsevtika va yengil sanoat kabi sohalarga soliq ta’tillari berish, kreditlarni qaytarish muddatini kechiktirish, kechiktirilgan tashqi qarzdorlik uchun jarima qo‘llamaslik tartibini joriy qilish choralarini ko‘rmoqda¸ dedi jumladan.

“Hukumat qiyin ahvolga tushishi mumkin bo‘lgan soha va tarmoqlarni, yirik korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, amalga oshirishi zarur”¸ degan prezident kichik va o‘rta tadbirkorlarni tilga olmadi.

Iqtisodiy bo‘hron vaziyatida hukumat kimni qutqarishi kerak?

Koronavirusning o‘zidan ham uning iqtisodga yetkazayotgan halokatli ta’siri kun sayin o‘zini ko‘rsatayotgan bir kezda¸ nafaqat O‘zbekiston¸ balki aksar dunyo hukumatlari bu savolga yechim qidirmoqda.

Keyingi kunlarda o‘zbekistonlik mustaqil iqtisodchilar ham ijtimoiy tarmoqlar va matbuotda bu savolga oid o‘z kuzatishlarini yozmoqda.

Xususan¸ iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov o‘z Telegram kanalida prezidentning 18 mart kungi bayonotidan kelib chiqib¸ hukumat yana soliq to‘lovchi puli va uning manfaatiga zid ishlayotgan monopolistlarni qutqarishga kirishishi mumkinligidan xavotir bildirdi.

Koronavirus omili bahonasida soliq ta’tillari va kreditlar qaytarilishi bo‘yicha imtiyozlarni kim oladi, deb o‘ylaysiz?

Birinchi navbatda transport sohasi. O‘zbekiston havo yo‘llari, O‘zbekiston temir yo‘llari, Toshkentshahartransxizmat va umuman davlat qaramog‘ida qolayotgan barcha parazitlashgan transport korxonalari yangi ta’tillar va imtiyozlarga asosiy da’vogar bo‘ladi.

Chunki koronavirus ularning no‘noqligi, samarasizligi va faqat o‘zlashtirish metodichkasi ustiga qurilganini oqlash uchun zo‘r bahona bo‘ldi. Koronavirus bo‘lmaganida boshqa vaj va korsonlarni o‘ylab topishga to‘g‘ri kelardi. Ideal shtorm, ideal yong‘in qisqasi.

Koronavirus yaqin istiqbolimizda no‘noq boshqaruv, samarasizlik va barcha o‘zlashtirishlarni istalgancha "spisat" qiladigan ideal bahona bo‘ladi”¸ deb yozdi tahlilchi.

Gazeta.uz nashriga yozgan maqolasida iqtisodchi Behzod Hoshimov ham koronavirusning iqtisodiy zarbasini yumshatish va iste’mol bozorini rag‘batlantirish uchun hukumat “parazitlashgan davlat korxonalarini qo‘llab-quvvatlamasligi”, buning o‘rniga iqtisodning noformal xizmatlar sektorida ishlovchi muhtojlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bir martalik pulli yordam ko‘rsatishni tavsiya qildi.

Iqtisodchi Abdulla Abduqodirov koronavirus pandemiyasi oqibatida “qiyin ahvolga tushib qolgan korxonalarga inflyatsiya darajasidan kam foizlarda ssudalar ajratish, kreditlarni restrukturizatsiya qilish, Markaziy bank tomonidan tijorat banklariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri mablag‘ ajratish muhim"ligini ta’kidladi.

Umuman, xo‘jalik sub’yektlarini, ayniqsa, kichik va o‘rta biznesning to‘laqonli faoliyat yuritishi, aholi bandligini ta’minlash, ish haqlarini o‘z vaqtida to‘lash inqirozga qarshi kurashish bo‘yicha paketning prioritetida bo‘lishi kerak”¸ deb ëzdi mahalliy matbuotga bergan tahlilida Abduqodirov.

Telegramdagi davletov.uz kanali muallifini esa¸ prezidentning koronavirusdan ziyon ko‘rgan va hukumatdan yordamga muhtojlar safida “farmatsevtika tarmog‘ini tilga olgani” xavotirga soldi.

Butun dunyoda koronavirus payti farmatsevtika kompaniyalari o‘zlarini juda yaxshi his qilishmoqda. Umid qilamizki, erta-indin hukumat o‘z chora-tadbirlar paketini e’lon qiladi va kartina yaqqol ko‘zga tashlanadi”¸ deb yozdi bu mutaxassis.

Butun dunyo¸ xususan¸ O‘zbekistonda yoyiib borayotgan koronavirus pandemiyasi sizning biznes faoliyatingizga qanday ta’sir qilmoqda? Hozirgi sharoitda O‘zbekiston hukumatidan kichik va o‘rta biznesni bankrotlikdan saqlab qolish uchun qanday yordam kutyapsiz? Bu haqda Ozodlikning @ozodnews Telegram kanaliga yozib yuboring.

XS
SM
MD
LG