Линклар

Шошилинч хабар
09 июл 2020, Тошкент вақти: 06:27

Nursulton Nazarboyev iqtisodiy inqiroz paytida millatdoshlarini xayriya qilishga chaqirdi


Qozog‘iston yana katta muammo girdobiga sho‘ng‘imoqda.

Koronavirus yetmaganday, neft narxlarining ham keskin tushib ketishi bilan bog‘liq iqtisodiy inqiroz ham yopirildi.

Mamlakatning Birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev bunday vaziyatda o‘z millatdoshlarini saxovatpesha bo‘lish va ko‘proq xayriya qilishga chaqirdi.

20 martda Qozog‘istonda aholiga qarata chetda turmay, prezident bilan hukumatga yig‘ilib qolgan muammolarni hal etish uchun yordam berish da’vati yangradi. Sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning matbuot kotibi Oydo‘s Ukibay elboshi “mamlakatga yordam berishni istayotgan va berishi mumkin bo‘lgan” barchaga mamlakatni shunday og‘ir paytda qo‘llab-quvvatlash uchun tashqil etilgan maxsus fondga pul ko‘chirishni so‘rab murojaat qilganini bildirdi.

Ushbu da’vat hokimiyat Qozog‘istonga ikki tomonlama zarba: neft eksportidan olinayotgan daromadlarning keskin tushib ketishi va koronavirus pandemiyasi oqibatlaridan qanchalik cho‘chiyotganini ko‘rsatadi.

27 martda oshkor qilingan ma’lumotga ko‘ra, mamlakatda 120 ta koronavirus yuqtirganlik va bitta o‘lim holati qayd etilgan.

Ukibayga ko‘ra, Nazarboyev “xavfli infeksiyaga qarshi kurashning oldingi saflarida bo‘lgan shifokorlar, ko‘ngillilar, harbiy xizmatchilar va politsiya xodimlarini qo‘llab-quvvatlash” muhim ahamiyatga egaligini aytgan.

Qozog‘istonda 2014 yilda boshlangan keng miqyosli iqtisodiy tanazzul vaqtida hokimiyat moliyaviy qiyinchiliklarni Milliy fond hisobidan hal qilgan edi.

Nazarboyev 21 yil oldin ham vatandoshlariga shunday murojaat qilgan edi. O‘sha holat hisobga olinsa, ushbu jamoat fondiga birinchi navbatda kim pul tikishi kerak degan savol tug‘iladi.

1998 yilda bir bochka neft narxi 12 dollargacha tushib ketgan, faqat 1999 yilga kelib, u 16,5 dollarga ko‘tarilgan edi. Bu ham yetmaganday, o‘sha yili g‘alla hosili so‘nggi 40 yilda eng past bo‘lib, bor-yo‘g‘i, 7,3 million tonna yig‘ib olingan edi. Mamlakatda elektr quvvati yetishmas, maosh to‘lanmagan ishchilar ish tashlayotgan edi.

O‘sha yil oktabri boshida so‘nggi 7 yilda birinchi marta saylov o‘tkazilishi e’lon qilingan va 1999 yil 10 yanvarida bo‘lib o‘tgan saylovga asosiy muxolif nomzod qo‘yilmagani janjalga sabab bo‘lgan edi.

1999 yil fevralida bosh vazir Nurildan Balgimbayev savdo balansida 1,7 milliard dollar miqdorida defitsit borligini ma’lum qildi. O‘sha yilning dastlabki oylarida hukumat dasturlarni keskin qisqartirdi, aprel – may oylarida bir dollar 88 tengedan 131 tengaga ko‘tarildi.

Iyun oyiga borib, hukumat qozog‘istonliklarga qo‘lidagi oltin va taqinchoqlarni Janubiy Koreya tajribasiga asoslanib, davlatga topshirish da’vati bilan murojaat qildi, lekin aholi davlatga qancha oltin topshirgani va va’da qilingan tovon puli to‘langan-to‘lanmagani jamoatchilikka aytilmadi.

Oradan bir yil o‘tib, 2000 yilda Qozog‘istonning iqtisodiy ahvoli yaxshilandi, neftning narxi o‘sha yili 27 dollarga, 2005 yilga kelib esa 50 dollarga chiqdi. Qozog‘istonning iqtisodiy ahvoli o‘nglanib ketdi va aholidan oltin ko‘rinishida xayriya so‘rashga hojat qolmadi

Ammo 2020 yil aprelida qiziq bir voqea yuz berdi. Bosh vazir Imangali Tasmagambetov Shveysariya bankida allaqanday “maxfiy fond” borligini parlamentga ma’lum qildi. Aytishicha, hukumat 1996 yili Tengiz neft konidagi ulushining chorak qismini Mobil kompaniyasiga 1 milliard dollarga sotgani va Nazarboyev ushbu mablag‘ni Shveysariyadagi bankka joylashtirgan.

Tasmagambetovga ko‘ra, ushbu mablag‘ 1997 yilda pensiyalardan qarzni uzish, 1998 yilda esa Rossiyadagi moliyaviy inqirozning Qozog‘istonga ta’sirini kamaytirishga ishlatilgan. Biroq 1999 yilda shu pul qanday ishlatilgani haqida hech narsa demagan.

Ikki muxolifatchi deputat Serikbo‘lsin Abdildin va Boris Sorokin 13 martda “Kazaxgeyt” haqida ma’lumot olish uchun so‘rov bergandan so‘ng ushbu bank hisob raqami haqida bayonot berilgan edi. Amerikalik biznesmen Jeyms Giffen G‘arb kompaniyalari Tengiz neft konida qazish ishlari olib berishi uchun Nazarboyev bilan Tasmagambetovga pora berganlikda ayblangandan so‘ng ushbu mojaro avj olib ketdi. Deputatlar Nazarboyev, do‘stlari va oila a’zorlarining hisob raqamlariga joylashtirilgan davlat resurslari haqida ma’lumot talab qila boshladi.

2020 yilga qaytiladigan bo‘lsa, hozirgi inqiroz vaqtida mamlakatga undan chiqib olishida Nazarboyev, uning oila a’zolari va do‘stlari yordam berishi mumkin. So‘nggi paytlarda ularning boyliklari haqida G‘arb matbuotida tez-tez xabarlar chiqib turibdi. Sobiq birinchi oila a’zolari ixtiyorida nechta “maxfiy xisob raqamlari” borligini faqat taxmin qilish mumkin.

Joriy oy Buyuk Britaniya Yuqori sudi Londonda "manbasi aniqlashtirilmaganligi" asosida hibsga olingan 100 millionlik ko‘chmas mulk egasi Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi Darig‘a va uning o‘g‘liga tegishli ekanini e’lon qildi.

Nazarboyevlar oilasi ixtiyoridagi boylik ko‘lamini¸ birgina shu ma’lumotdan kelib chiqib chamalash mumkin.

XS
SM
MD
LG