Линклар

Шошилинч хабар
20 октябр 2020, Тошкент вақти: 19:10

Qibray sanatoriysida 17 kundan buyon karantinda saqlanayotganlar janjal ko‘tardi (VIDEO)


Qibraydagi "Energetik sihatgohi"da karantinda ushlab turilganlar 1 aprel kuni janjal ko‘tardi.

Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi "Energetik sihatgohi"da saqlanayotgan o‘nlab o‘zbekistonlik karantin muddatining izohsiz uzaytirilgani va sharoitning yomonligiga norozilik bildirib janjal ko‘tardi.

Ozodlikka sihatgohdan jo‘natilgan videolarda bu sanatoriyda saqlanayotganlar 14 kun deb aytilgan karantin muddati tugagan bo‘lsada¸ uylariga qo‘yib yuborilmayotganiga izoh talab qiladi.

"Energetik sihatgohi"da 17 mart kuni Dubaydan uchib kelgan aksari tujjorlar bo‘lgan 254 o‘zbekistonlik karantinda ushlab turilibdi.

Sihatgoh rahbariyati ham¸ O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi rasmiylari ham "Energetik sihatgohi"da 14 kunlik karantinga olinganlarning aytilgan muhlat tugaganiga qaramay¸ nega hanuzgacha ushlab turilganiga izoh bermadi.

1 aprel kuni olingan videoda karantinda ushlab turilganlardan biri "si...lib ketdikku" deya nazoratchilarga do‘q qiladi.

"Turkiyadan kelganlar, Rossiyadan kelganlar 14 kunda uylariga qo‘yib yuborilyapti. Bizda koronavirus bo‘lsa¸ ochiq aytinglar", deydi karantin nazoratchilari bilan janjallashayotgan erkak.

Кибрайдаги сиҳатгоҳда карантинда ушлаб турилганлар: "Қийналиб кетдик!"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:05 0:00

Ozodlik 2 aprel kuni "Energetik sihatgohi"da karantinda ushlab turilganlardan ayrimlari bilan suhbatlashdi.

"17 kun bo‘ldi¸ bizni qo‘yib yuborishmayapti"

Shaxsi ochiqlanmasligini istagan ayol Ozodlik bilan suhbatda karantinga qarshi emasligi, lekin 14 kunlik karantin tugagan bo‘lsa ham o‘zi va yana Dubaydan uchib kelgan 253 nafar o‘zbekistonlikning uylariga ketishga ruxsat berilmayotganidan norozi ekanini aytadi.

"Koronavirus bo‘lsa¸ ochiq aytinglar" desak, "yo‘q natijalar yaxshi", deb javob qilishadi, lekin uyga qo‘yib yuborishmayapti.

- Biz karantinga qarshi bo‘lmaganmiz. 14 kun deyishgandi. Bugun 17 kun bo‘lyapti. Uyga ketishga ruxsat berishmayapti. "Koronavirus bo‘lsa¸ ochiq aytinglar", desak, "yo‘q natijalar yaxshi", deb javob qilishadi, lekin uyga qo‘yib yuborishmayapti. Mening uchta yosh bolam uyda qolgan. Biz bilan olti oylik homilador ayol ham bor. Qariyalar bor, - deydi karantinda ushlab turilgan ayol.

Кибрайдаги сиҳатгоҳда карантинда ушлаб турилганлар жанжал кўтарди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:24 0:00

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan boshqa karatindagilarning so‘zlariga ko‘ra, ular ikki marta tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgan va shifokorlar koronavirus testlari natijasi negativ chiqqanini aytgan.

Agar oramizda koronavirus borlar bo‘lsa¸ ochiq aytishsin, biz ham shunga yarasha harakat qilaylik.

- Ikki marta analiz topshirdik, ikkisida ham koronavirus chiqmadi¸ deyishdi. Koronavirus bo‘lmasa¸ nega bizni bu yerda ushlab turishibdi? Bu savolga hech kim javob bermaydi. Hozir hammaning asabi buzilgan. Agar oramizda koronavirus borlar bo‘lsa¸ ochiq aytishsin, biz ham shunga yarasha harakat qilaylik, - deydi Qibraydagi "Energetik sihatgohi"da karantinda ushlab turilganlardan yana biri.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lganlar o‘zlari va "Energetik sihatgohi"da karantinda ushlab turilgan boshqa o‘zbekistonliklarda koronavirus belgilarini kuzatmaganliklarini aytishadi.

- Koronavirus belgilarini hech kimda ko‘rmadik. Lekin, ovqatga janjal qilishmasin deb, uxlatadigan dori qo‘shib berishyaptimi bilmayman, shuni yegandan keyin hammamiz holsizlanib uxlab qolyapmiz. Bunaqa ahvolda yotaversak¸ bu yerdan boshqa kasallik orttirib chiqib ketishimiz tayin, - deydi xavfsizligi yuzasidan ismi ochiqlanmasligini istagan ayol.

"Bizni qo‘ydek saqlashyapti"

2 aprel kuni Ozodlik bilan gaplashgan ayollardan yana biri karantindagilarning antisanitariya holatida saqlanayotganini iddao qildi.

- Boshida kelganimizda yaxshi siylashdi. Keyin bir mahal ovqat berib boshlashdi. Hozir faqat buxanka non va suv, grechka, makaron, sho‘rva. Bizni bu yerda qo‘ydek saqlashyapti. Lekin bizni tashvishga solayotgan narsa bu yerdagi antisanitariya holati. Idish-tovoqlar dezinfeksiyalash u yoqda tursin¸ hatto yaxshi yuvilmagan, xonalar iflos.

Кибрайдаги сиҳатгоҳда карантинда ушлаб турилган аёл: "Шароит ёмон!"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:13 0:00

"Diskotekalar qilib beryapmiz..."

Toshkent viloyati Qibray shahridagi "Energetik sihatgohi" mutasaddilaridan biri yomon sharoitlar haqidagi iddaolarni rad qildi.

To‘g‘ri¸ uylariga borgisi kelyapti, bola-chaqasi bordir, lekin bu bizning qo‘limizda emas. Hamma karantin tartibiga bo‘ysunishi kerak!

- Uch mahal ovqat har kuni. Alohida dush, tualet. Bizning sanatoriyda dam olganlar qanaqa sharoitligini bilishadi. Zerikishmasin¸ deb kechalari diskotekalar qilib beryapmiz. Navro‘z bayramini ko‘tarinki qilib o‘tkazib berdik. To‘g‘ri¸ uylariga borgisi kelyapti, bola-chaqasi bordir, lekin bu bizning qo‘limizda emas, vaziyat juda jiddiy, o‘zingiz bilasiz. Hamma karantin tartibiga bo‘ysunishi kerak, - deydi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanishini istamagan sihatgoh mutasaddisi.

Кибрайдаги "Энергетик сиҳатгоҳи"да Наврўз байрами
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:25 0:00

O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi​ saytida koronavirus tarqalgan mamlakatlardan kelgan o‘zbekistonliklar 14 kunlik majburiy karantinga olinishi aytilgan.

"14 kun ichida chet davlatlardan qaytgan fuqarolarda koronavirus bor yoki yo‘qligi aniqlanadi. Bu esa kasallikning ommaviy tarqalib ketmasligi uchun juda muhim", - deyiladi agentlik saytida.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi​ning 2 aprel kuni Ozodlik bog‘langan rasmiysi "Energetik sihatgohi"da 17 kundan buyon karantinda ushlab turilayotganlarning nega uylariga yuborilmayotgani haqidagi savolni javobsiz qoldirdi.

- Biz bu haqda ma’lumot berolmaymiz, - dedi agentlik mutasaddisi.

O‘z navbatida agentlik mutasaddisi, koronavirus inkubatsion davri uch hafta va undan ko‘proq bo‘lishini istisno qilmadi.

Bundan oldin Ozodlik karantinga olingan ba’zi shaxslar 14 kunlik muddat tugamasidan sihatgohlardan qochishga uringani haqida xabar bergan edi.

Xususan¸ rasmiylarga ko‘ra¸ 16 mart kuni Janubiy Koreya va Rossiyadan Samarqandga uchib kelgan shaxs karantinga olinganidan 4 kun o‘tib qochishga uringan ikki shaxsga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, karantin qoidalarini buzganlar 22 million so‘mdan jarimaga tortilishi yoki besh yilgacha bo‘lgan muddatga qamalishi mumkin.

Agar siz majburiy karantinda saqlanayotgan bo‘lsangiz¸ yoki koronavirusga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatuvchilar safida bo‘lsangiz¸ hozirgi ish faoliyatingiz va sharoitingiz haqida jamoatchilikka hikoya qilishingiz mumkin.

Bu haqda Ozodlikning Telegramdagi @ozodnews kanaliga yozib yuboring¸ surat va video jo‘nating!

XS
SM
MD
LG