Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:12

Rossiyadan tibbiy yordam “muhabbat bilan” kelyaptimi yoki maqsad boshqami?


Rossiya 1 aprel kuni harbiy uchqichda AQShga gumanitar yordam yubordi.
Rossiya 1 aprel kuni harbiy uchqichda AQShga gumanitar yordam yubordi.

O‘tgan hafta Rossiyaning 15 ta harbiy uchog‘i koronavirusga qarshi kurashda yordam berish maqsadida Italiyaga “Rossiyadan muhabbat bilan” shiori ostida o‘ta zarur tibbiy jihozlarni yetkazib berdi.

Italiyaning javobi ham shunga yarasha¸ “muhabbatli” bo‘ldi.

Italiya Mudofaa vaziri Lorenzo Guerini rossiyalik hamkasbi Sergey Shoyguga rasman minnatdorlik bildirdi. Italiyalik qo‘shiqchi Pupo mashhur sovet qo‘shig‘ini kuylab, video ostida “Rossiyani sevaman. Tashakkur”, deya post qoldirdi.

Rossiya axborot agentliklari yana bir italyan qo‘shiqchisi Al Banodan “Italiya Rossiyaning yordamini hech qachon unutmaydi” degan gaplarni takror va takror iqtibos keltirdi.

Italiyaning sokin bir mavzesida Rossiya madhiyasi yangrayotganini rus telekanallari “italiyaliklar bizga minnatdorlik bildiryapti, buni AQSh bilan Yevropa ko‘rib qo‘ysin”, degan talqin bilan ko‘rsatdi.

Ko‘p o‘tmay Rossiya gimnini baralla aytgan “minnatdor italiyaliklar”ning aslida Italiyada yashayotgan ruslar ekani haqida xabar paydo bo‘ldi. Tabiiyki¸ bu haqda Rossiya telekanallari lom-mim demadi – davlat propaganda mashinasi faqat o‘z obro‘sini ko‘tarishga mo‘ljallangan xabarlarni tarqatish bilan mashg‘ul.

Rossiya koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha birinchilikka chiqqan AQShga 1 aprel kuni harbiy uchqichda tibbiy jihozlar jo‘natgandan so‘ng bu propagandachilar ovozi yanada balandroq yangray boshladi.

Koronavirus pandemiyasi paytida boshqa davlatlarga bunday yordam yuborayotgan faqat Rossiya emas. AQSh, Germaniya va Fransiya ham o‘zlari koronavirus tarqalishiga qarshi kurashayotganiga qaramay, boshqalarga ko‘mak yo‘llamoqda. Koronavirusga chalinganlar soni kun sayin oshib borayotgan O‘zbekiston ham Afg‘oniston va Qirg‘iziston kabi qo‘shnilariga yordam yubordi.

Koronavirus o‘chog‘i bo‘lgan Xitoy ham boshqa mamlakatlarga tibbiyot mutaxassislari va jihozlar yetkazib berayotganini aytmoqda. Ayni paytda¸ yuborilayotgan tibbiy jihozlarning nosozligi va koronavirusga oid asl ma’lumot va raqamlarni sir tutib¸ soxta xabarlar tarqatayotgani uchun Pekin keskin tanqidga uchramoqda.

Hozircha Rossiyaning “muhabbat bilan” yuborayotgan yordam missiyalari Kremlning qolgan dunyodagi imijini ko‘p ham yaxshilayotgani yo‘q.

2014 yilda Qrimni anneksiya qilgani ortidan xalqaro sanksiyalar nishoniga aylangan Rossiya hukumatining koronavirus pandemiyasi paytida o‘zini “ezgulik timsoli” sifatida taqdim etish urinishlariga hozircha jiddiy “xaridor” topilganicha yo‘q.

2014 yilda Ukraina sharqiga Kreml jo‘natgan kiyim-kechak va dori-darmon ortilgani aytilgan harbiy mashinalar kolonnasi davlat televideniesi orqali qayta-qayta namoyish etilgan edi. Kuzatuvchilar¸ gumanitar yordamning Kiyev qo‘shinlariga qarshi kurashayotgan ayirmachilarga qurol-yarog‘ yetkazib berish uchun bahona bo‘lganini aytib keladi.

Rus askarlarining suriyalik bolalarga oziq-ovqat solingan xaltachalarni tarqatayotgani ko‘rsatilayotgan paytda tanqidchilar Rossiyani begunoh aholi va hukumat muxoliflari ustiga bomba yog‘dirishda ayblab chiqdi.

So‘nggi paytlarda Rossiya bilan Xitoy koronavirusga qarshi kurashga yordam bahonasida boshqa mamlakatlarga tibbiy jihozlar jo‘natish bilan obro‘ orttirish uchun targ‘ibot mashinasini ishga solmoqda.

Bunday yordamlarning kattagina qismi esa¸ hech narsaga yaroqsiz bo‘lib chiqmoqda.

Masalan, “La Stampa” gazetasi 25 martda Rimdagi ismini oshkor qilmagan hukumat vakiliga iqtibosan Rossiya yuborgan yordam paketining 80 foizi “mutlaqo yaroqsiz” bo‘lib chiqqanini yozdi.

Chex nashrlari ayni shunday¸ Xitoydan olingan tezkor test tizimlari 80 foizining yaroqsizligini xabar qildi.

Moskva bunday keng tarqalgan e’tirozlarga qanday javob berishini bilmay, Italiyadagi elchisi Sergey Razov tili bilan yordamning “bepul va beg‘araz” ekanini aytib¸ qutuldi.

Rossiyadagi “Dojd” telekanalining feyk xabarlarni fosh qilish bilan shug‘ullanayotgan muxbiri Ilya Shepelin¸ Rossiya telekanallariga Kremlni maqtab gapirgan italiyaliklarning oddiy aholi vakillari emas¸ balki aynan Rossiyada biznes qilayotgan italyanlar bo‘lib chiqqanini aytadi.

Biz bu yerda borib turgan soxtakorlik emas, balki ustamon manipulyatsiyaga duch kelyapmiz. Duragay (gibrid) yolg‘on yoki duragay haqiqat.

XS
SM
MD
LG