Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:37

Odamlarni uyda o‘tirishga majburlayotgan davlat ularga tovon puli to‘lashni ham zimmasiga olishi kerak emasmi?


O‘zbekistonda o‘rnatilgan karantin rejimi ustidan nazorat harbiylarga berilgan.
O‘zbekistonda o‘rnatilgan karantin rejimi ustidan nazorat harbiylarga berilgan.

Modomiki, davlat aholini o‘zini o‘zi izolyatsiya qilishga jo‘natayotgan ekan, ushbu qaror odamlar hayoti uchun qanday oqibatlarga olib kelishi bilan bog‘liq mas’uliyatni ham zimmasiga olishi kerak.

Bunday vaziyatda davlat aholini nafaqat ushbu davrda jismonan omon qolish imkonini beradigan sharoit bilan ta’minlashi, qolaversa, asosiy ehtiyojlarini qondirishi shart. Bu – huquq va ijtimoiy axloq talabi.

Shu o‘rinda masalaning huquqiy jihati xususida bir-ikki og‘iz so‘z aytish joiz. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24-moddasiga asosan, yashash har bir insonning daxlsiz huquqidir. Unga daxl qilish eng og‘ir jinoyat sanaladi. Agar hukumat vatandoshlarning tirikchilik uchun pul ishlab topishini taqiqlasa-yu, tegishli davrda omon qolishi uchun tovon puli bilan ta’minlamasa, bu inson hayotiga daxl qilish deb qaralishi va qonun bilan jazolanishi kerak.

Zikr etilgan modda Konstitutsiyaning boshqa, ya’ni 14-moddasi bilan ham mustahkamlangan: “Davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi”.

Agar majburiy va tovon pulisiz “o‘zini izolyatsiya qilish” rejimida o‘tirishi oqibatida insonlar farovonligiga putur yetsa, buning uchun hukumat jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan mas’uliyatni zimmasiga olishi shart.

Yana ushbu ikki moddani hokimiyat idoralarining karantin davrida eng zarur ehtiyojlari, deylik, dorixonaga yoki eng zarur tovarlarni sotib olishga borib kelish uchun shaxsiy va jamoat transportidan foydalanishini taqiqlashiga nisbatan ham qo‘llasa bo‘ladi. Chunki O‘zbekistonning barcha tumanlarda ham Xitoyning Uhan shahrida bo‘lgani kabi¸ asosiy oziq-ovqat mahsulotlari sotiladigan do‘konlar aholi yashaydigan joylarga yaqin emas. Hatto uyidan piyoda borish mumkin bo‘lgan joyda oziq-ovqat do‘koni bo‘lsa ham, ulardagi narx ko‘pincha uzoqda joylashgan supermarketlardagidan qimmat bo‘ladi.

Agar hukumat jamoat joylarda virus yuqishi ehtimolini kamaytirish haqida qayg‘urganda edi, Fransiya bilan Italiyadagiday ish tutishi mumkin edi. Bu hukumatlar shaxsiy avtomobillardan foydalanishni taqiqlamagan holda¸ uydan shaharga chiqish sabablari ko‘rsatilgan sertifikat berishni joriy qildi. Boshqa mamlakatlarda bunday sertifikat ham talab etilmaydi, faqat politsiyaga ko‘chaga nima uchun chiqqaningni yoki shaxsiy avtomobilingni minib ketayotganingni tushuntirib berishing kerak ¸ xolos. Politsiyaga yolg‘on ma’lumot berilgan taqdirda¸ buning uchun jinoiy javobgarlik joriy etilgan.

Shu nuqtai nazardan¸ O‘zbekistonda ko‘pchilik muassasalar xodimlarining pul to‘lanmaydigan yoki o‘z hisobidan olinadigan ta’tilga chiqarilgani mutlaqo nomaqbul holatdir. Karantin davrida biznes yurita olmaslik munosabati bilan vatandoshlarni ishdan bo‘shatib yuborish amaliyotiga ham yo‘l qo‘yish mumkin emas. Hukumat odamlarni ishdan bo‘shatishga moratoriy e’lon qilishi, ammo shu bilan birga, biznesni chorasiz ahvolga tushirib qo‘ymaslik uchun, bir tarafdan, xodimlarga nafaqa to‘lashni o‘z zimmasiga olishi, boshqa tarafdan esa, kichik va o‘rta biznes sub’ektlariga subsidiyalar ajratishi kerak.

Zikr etilgan Konstitutsiya me’yorlaridan tashqari, O‘zbekiston ham “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”, shuningdek, fuqarolik va siyosiy huquq hamda ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy huquq to‘g‘risidagi xalqaro paktlarni imzolagan. Ushbu xalqaro huquq hujjatlari milliy qonunlarga nisbatan ustuvor ahamiyatga ega.

“Fuqarolik va siyosiy huquq to‘g‘risida”gi xalqaro paktning 4-moddasiga ko‘ra, “davlatda joriy etilgan favqulodda holat vaqtida..., ushbu Paktda ishtirok etayotgan davlatlar Pakt bo‘yicha olgan majburiyatlaridan vaziyat o‘tkirligi taqozo qilgan darajadagina chekinishi mumkin, faqat bunday choralar xalqaro huquq bo‘yicha olingan boshqa majburiyatlarga zid bo‘lmasligi kerak...”

Shu bilan birga, “ushbu qoida (favqulodda holat haqida – muallif) , 7-, 8- (1- va 2-bandlar), 11-, 15-, 16- va 18-moddalardan qandaydir chekinish uchun asos bo‘la olmaydi. 6-moddaga qaraymiz: “Yashash huquqi har bir kishining daxlsiz huquqidir. Ushbu huquq qonun bilan himoya qilinadi...”

“Ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy huquq haqida”gi xalqaro paktning 11-moddasida shunday deyiladi: “ushbu Paktda ishtirok etuvchi mamlakatlar (jumladan, O‘zbekiston ham – muallif) har bir insonning yetarli oziq-ovqat, kiyim-kechak va uy-joy hamda hayot sharoitini to‘xtovsiz yaxshilab borishni ichiga oluvchi o‘zi va oilasi uchun yetarli hayot darajasiga ega bo‘lish huquqini tan oladi. Ishtirok etuvchi davlatlar ushbu huquq amalga oshirilishini ta’minlash uchun tegishli choralar ko‘radi...” Bundan tashqari, davlatlar ushbu huquqni ta’minlash uchun “har bir kishining ochlikdan erkinlik huquqini tan olib, zarur choralar ko‘rishi shart”.

Shunday qilib, vatandoshlar omon qolishi uchun sharoit ta’minlanmagan karantin odamlar hayotiga tahdid soladi, davlat yuqorida eslatib o‘tilgan yashash huquqini buzayotganini anglatadi, binobarin vatandoshlar o‘z hukumatidan Konstitutsiya va xalqaro huquq bo‘yicha olgan tegishli majburiyatlariga amal qilishini talab etishga haqli.

Yana ijtimoiy axloq va ijtimoiy adolat nuqtai nazaridan kelib chiqib, davlat aholini karantin davri uchun nafaqa bilan ta’minlashi shart. Dunyo mamlakatlarining mas’ul hukumatlari qog‘ozda emas, amalda shunday yo‘l tutmoqda. Vatandoshlari oldida hisobdor bo‘lgan hukumatlar shunday yo‘l tutmoqda.

Masalan, Buyuk Britaniya hukumati karantin davrida ishlovchi vatandoshlarga amaldagi daromadining 80 foizi miqdorida maosh to‘lash majburiyatini oldi¸ hamda buni ish beruvchilar gardaniga ortmasdan, davlat byudjeti hisobidan qoplamoqda. Hatto individual mehnat bilan mashg‘ul kishilarga ham bunday tovon pulini to‘lash kafolatlanadi. Yana Gretsiya tajribasi ham e’tiborga molik. Hukumat ulkan tashqi qarz zimmasida ekaniga qaramay, daromad manbalaridan ayrilgan vatandoshlariga tovon puli bermoqda. Nega unda O‘zbekistonda hokimiyat o‘z vatandoshlari oldidagi majburiyatidan qochyapti?

Vatandoshlarga tovon puli berish uchun resurslar mavjudligi ham muhim masalalardan biridir. Bunday tovon pulining manbasi davlat byudjeti, shuningdek, mamlakatning oltin-valyuta zahiralari bo‘lishi kerak. Ushbu zahiralar hajmi¸ rasman¸ 27 milliard AQSh dollariga yetgan. Mabodo davlat byudjeti mablag‘lari cheklangan bo‘lsa, mavjud oltin-valyuta zahiralari mamlakat va aholi uchun koronavirus epidemiyasi sabab vujudga kelgan og‘ir vaziyatdan chiqib ketishga yetishi lozim.

Davlat byudjeti vatandoshlar to‘lagan soliqlardan ham tarkib topganini hisobga olib, hukumat ularga hisob berishi kerak. Oltin-valyuta zahiralariga kelsak, uning bir qismi vatandoshlarning majburiy mehnati hisobiga terib olingan paxta eksportidan tushgan puldan hosil bo‘lgan. Ushbu masalada adolatni qaror toptirish uchun hukumat paxtadan tushgan pulning bir qismini (yiliga 1 milliard dollarga qadar) vatandoshlar uchun sarflashi kerak.

Haqiqatni aytadigan bo‘lsak, hukumat hech qachon jamiyat oldida oltin-valyuta zahiralarini nimaga sarflayotgani yoki hukumat bilan mamlakat banklari oltin-valyuta zaxiralari kafolati evaziga olgan 24 milliard dollarlik mablag‘ni nimaga sarflagani haqida hisob bergan emas. Hukumat Osiyo taraqqiyot bankidan so‘ragan 1 milliard dollarlik qarzni nimaga sarflagani haqida jamiyat oldida hisobot beradimi? Ushbu milliard nimaga ishlatiladi? U boshqa ustuvor narsalar qatori vatandoshlarga nafaqa qilib berishga sarflanadimi?

Ustuvor vazifalarni O‘zbekiston hukumati qanday tushunadi? Ma’lumki, hukumat Tashkent City xalqaro biznes-markazi qurilishiga o‘zi nazorat qiladigan banklarning imtiyozli kreditlarini ajratgan, “investorlar”ni soliq va bojxona majburiyatlaridan ozod qilgan edi. Vaholanki, siti qurilishini strategik jihatdan ustuvor ob’ektlar qatoriga qo‘shib bo‘lmaydi – u yerda, bor-yo‘g‘i, sara turarjoy qurilyapti, xolos. Davlatning moliyaviy mablag‘lari yana boshqa shaffof bo‘lmagan va shubhali sxemalarga ham sarflanmoqda, oqibatda ularning bir qismi offshor zonalarga olib chiqilib, Shveysariya, Fransiya va Buyuk Britaniyadagi hashamatli villalar xaridi uchun sarflanmoqda. Bu pul aslo O‘zbekiston iqtisodiyotini rag‘batlantirishga xizmat qilmaydi.

Agar hukumat karantin davrida vatandoshlarga nafaqa to‘lay boshlasa, bu pul mamlakat iqtisodiyotiga borib qo‘shilgan, xizmatlar va ishlab chiqarish zanjiri bo‘yicha talab hosil qilgan bo‘lar edi.

Zotan¸ aholiga majburiy izolyatsiya paytida moliyaviy kompensatsiya to‘lash ham huquq, ham ijtimoiy axloq talabidir. Qolaversa¸ shunday qilish mamlakat iqtisodiyoti manfaatlariga ham xizmat qiladi.

Alisher Ilhomov, Londondagi Sharq va Afrika tadqiqotlari instituti tahlilchisi.

***

OzodTahlilchi - Ozodlikning yangi rukni. Unda turli soha mutaxassislari, ekspertlar, publitsist, jurnalist va blogerlarning Ozodlik o‘quvchilari uchun yozgan tahliliy maqolalari e’lon qilib boriladi.

OzodTahlilchida, shuningdek, Ozodlik formatida bo‘lmagan luqmalar, sharhlar, chizgilarga, bir so‘z bilan aytganda, mualliflarning kundalik voqea-hodisalarga munosabatlari aks etgan matnlarga o‘rin beriladi.

OzodTahlilchida e’lon qilinadigan material muallifi qarashlari Ozodlik qarashlari ifodasi sifatida qabul qilinmasligi kerak.

XS
SM
MD
LG