Линклар

Шошилинч хабар
05 июл 2020, Тошкент вақти: 15:43

Xorijda qolgan o‘zbeklar uchun parvozlar "butunlay" to‘xtatildi. Xitoylik ishchilar charter reyslarda olib kelinmoqda (VIDEO)


Koronavirus pandemiyasi bois Xitoy hanuzgacha xorijiylarning o‘z hududiga kirishiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilgani yo‘q.

Ma’lum bo‘lishicha, 5 aprel kuni Xitoydan O‘zbekistonga 161 tibbiy mutaxassis tushgan samolyot keldi. Ayni paytda Pekindan koronavirusga qarshi kurashga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan xitoyliklar ham olib kelinmoqda.

Ozodlikka taqdim etilgan hujjatdan 30 martdan 6 aprelga qadar Pekindan Toshkentga kamida to‘rtta charter reys bilan jami 268 nafar xitoylik muhandis va mutaxassisning mamlakatga olib kelingani anglashiladi.

30 mart¸ 1¸ 3 va 5 aprel kunlari charter reyslarda olib kelingan xitoyliklar O‘zbekistonda Xitoy sarmoyasi bilan tashkil etilgan korxonalar mutaxassislaridir.

Xitoydagi O‘zbekiston elchixonasining Ozodlik bog‘langan mulozimi¸ shunday reyslar bo‘layotganini tasdiqladi. Lekin Toshkent hukumati chet elda qolayotgan o‘z fuqarolarini vatanga qaytarishni to‘xtatib qo‘ygan ayni kunlarda¸ xitoyliklarning O‘zbekistonga olib kelinishini taqozo qilgan favqulodda sabablar haqida izoh bermadi.

Ayni paytda (6 aprel) Belarus va Dubayda qolib ketgan 300 nafardan oshiq o‘zbekistonlik prezidentga o‘zlarini qaytarish uchun charter reys tashkil etishni so‘rab murojaat qildi.​

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hukumatning xalqaro parvozlarni BUTUNLAY yopgani bahonasi bilan xorijda qolib ketgan o‘z fuqarolarini vatanga qaytarish to‘xtatilganini ta’kidlab kelmoqda.

Yopilgan osmon

28 mart kuni e’lon qilingan koronavirus tarqalishi oldini olishga qaratilgan keskin cheklov choralari doirasida hukumat qarori bilan 30 mart soat 00:01 dan 20 aprel soat 00:01 ga qadar O‘zbekistondagi mavjud barcha aeroportlar yopilib¸ aviaqatnovlar butunlay to‘xtatilgan.

Hujjat

Ichki foydalanish uchun hozirlangan hujjatni Ozodlikka O‘zbekiston tomonidan tashkil etilgan charter reyslar jadvaliga bevosita aloqador tadbirkor shaxsi sir qolish sharti bilan taqdim etdi.

O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurishini tasdiqlagan xorijiy investorlar va mutaxassislar to‘g‘risida ma’lumot”¸ deb nomlangan bu hujjatda 30 martdan 5 aprelga qadar O‘zbekistonga kelgan xitoyliklar ism-sharifi¸ qaysi shirkatda¸ qaysi lavozimda ishlashi¸ O‘zbekistonga qaysi kuni jo‘natilishiga oid ma’lumotlar berilgan.

Bu hujjatda 268 nafar Xitoy fuqarosi shaxsiga oid ma’lumotlar mavjudligi bois¸ Ozodlik uni to‘liq e’lon qilmayotir.

Hujjat nusxasidan bir parcha.
Hujjat nusxasidan bir parcha.

Hujjatga ko‘ra¸ 30 mart kuni Andijonda sement zavodi qurayotgan “RASH-MILK” MChJning 78 muhandis va boshqaruvchilari O‘zbekistonga maxsus reys bilan olib kelingan.

Joriy yil yanvarida rasmiy nashrlar xitoyliklar Xo‘jaobod tumanida yillik quvvati 3 million tonnaga teng bo‘lgan sement ishlab chiqarish zavodi qurishni boshlagani¸ dekabr oyida birinchi qismi ishga tushishi rejalangan zavodga 110 million AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritilganini yozgan edi.

31 martda O‘zbekistonga olib kelingan bu zavod mutaxassislari korxonaning Xo‘jaobod tumani, Tosh ota MFYda joylashgan yotoqxonasi binosida 14 kunlik karantinga olingan.

O‘zbekiston hukumati o‘z aeroportlari va havo hududi 31 mart soat 00:01 dan 20 aprelga qadar har qanday xalqaro reys uchun BUTUNLAY yopilganini e’lon qilganidan keyin 1¸ 3 va 5 aprel kunlari Pekindan O‘zbekiston aeroportlariga yana kamida uchta charter reys amalga oshirilgan.

1 aprel kungi charter reysda Andijon viloyatidagi "ANDIJON GUANGTONG" MChJ XK¸ SINO INTERNATIONAL INVEST qo‘shma korxonasi¸"Malika Laboratories" MChJ¸ Namangan viloyatidagi "China National Technical Import and Export Corporation (CNTIC)¸ Sirdaryo viloyatidagi "PENG SHENG" qo‘shma MChJ¸ Toshkent viloyatidagi "TEX INNO" MChJ¸ Toshkent shahridagi "Dentafill Plyus" MChJ da ishlovchi xitoylik injenerlar olib kelingan.

3 aprel kuni esa¸ asosan¸ "MIRZAChUL TEKS" MChJ¸ "Shengze Eco Recovery"MChJ XK kabi Jizzaxda faoliyat yurg‘izayotgan korxonalarda ishlovchi xitoylik mutaxassislar olib kelinib¸ Sharof Rashidov nomidagi sanatoriyda 14 kunlik karantinga olingan.

5 aprel kuni Pekindan Toshkentga qo‘ngan samolyotda esa¸ asosan “Yunusobod biznes siti hududi” dagi "TSC-HK-Investment" MChJ QK¸ Farg‘onadagi "Kvars" AJ¸ «Farg‘ona Yasin Qurilish Mollari» QK da ishlovchi xitoylik mutaxassislar O‘zbekistonga qaytgan.

O‘zbekiston hukumati parvozlar butunlay to‘xtatilganini e’lon qilgan bir paytda asosan Toshkentga qo‘ngan xitoyliklar¸ poytaxtning viloyatlar bilan bordi-keldisi yopilganiga qaramay¸ viloyatlarda ajratilgan karantin hududiga olib ketilgan.

Qatnovlar taqiqlangan¸ lekin BUTUNLAY emas!

Koronavirus tarqalishi oldini olish maqsadida jahonning aksar hukumatlari yaqin va uzoq davlatlar bilan havo¸ quruqlik va suv orqali bo‘layotgan bordi-keldini taqiqladi. Hatto Yevropadagi chegaralarsiz makon bo‘lgan Shengen hududiga kiruvchi davlatlar ham bir-birlari bilan o‘tib qaytishni taqiqladi¸ eski chegaralariga harbiylarni qo‘yishga majbur bo‘ldi.

Bunday vaziyatda aksar hukumatlar taqiqning birgina holatda – chet o‘lkalarda qolib ketgan o‘z fuqarolarini uyiga qaytarish maqsadida mustasno qilinishiga ruxsat bergan.

Toshkent hukumatining 28 mart kuni e’lon qilingan qarorida¸ 30 mart tunidan 20 aprelga qadar “O‘zbekistondagi mavjud barcha aeroportlar yopiladi va aviaqatnovlar butunlay to‘xtatiladi”¸ deyilgan. Bu muhlat ichida qandaydir mustasnolar bo‘lish-bo‘lmasligiga alohida izoh berilmagan.

Joriy vaziyatga izoh bergan O‘zbekiston aviatsiyasiga yaqin mulozim¸ aeroportlarning yopilmagani¸ aviaqatnovlarning esa¸ BUTUNLAY to‘xtatilmaganini bildirdi.

Hukumat qarorida BUTUNLAY degan so‘z noto‘g‘ri qo‘llanilgan. Deylik¸ O‘zbekiston havo hududidan uchib o‘tayotgan samolyot favqulodda qo‘nishga ruxsat so‘rab qolgudek bo‘lsa¸ xalqaro standartlarga ko‘ra¸ qabul qilishga majburmiz. Shuning uchun aeroportlar hech qachon yopilmaydi. Chet davlatlar bilan muntazam reyslar taqiqlandi¸ lekin charter reyslar Transport vazirligining maxsus ruxsatnomasi bilan davom etyapti. Masalan¸ 5 aprel kuni Xitoydan 161 tibbiy mutaxassis o‘tirgan samolyot keldi. Siz aytgan to‘rtta reysda medpersonalmas¸ O‘zbekistondagi Xitoy korxonalarining boshliq va injenerlari keldi”.

Bu mulozim iddaosicha¸ 30 martdan 5 aprelgacha Pekindan kelgan charter reyslarni “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi amalga oshirgan.

Charter reyslar xarajatini Xitoy shirkatlari mahalliy hokimliklar bilan birga to‘lagan bo‘lishi kerak. Hozir parvozlar taqiqlanib¸ yonilg‘i narxi keskin tushib ketgani sabab¸ charter reyslar arzon bo‘p qoldi. Masalan¸ 187 o‘rinli Boeing 757 samolyotini Pekin-Toshkent-Pekin yo‘nalishida charter reysga olishning bazaviy bahosi 85 000 dollar¸ 156 o‘rindiqli A-320neo 60 000 dollar bo‘lib qoldi. “Havo yo‘llari” qancha narx qo‘yganini aniq aytolmayman¸ bular joriy vaziyatdagi bazaviy narxlar”.

Hozircha charter reyslarni aynan qaysi aviashirkat amalga oshirgani haqida Ozodlikda rasmiy ma’lumot yo‘q. O‘zbekiston Transport vazirligi¸ “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviashirkatiga kun davomida qilingan qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi.

Xitoylik mutaxassislarga qo‘yilgan charter reyslar nega xorijda qolib ketgan o‘zbekistonliklarga qo‘yilmayotir?

Ozodlikka Rossiya¸ Turkiya¸ BAA¸ Buyuk Britaniya¸ 5 aprel kuni esa¸ Belarusdan murojaat qilgan o‘zbekistonliklar hukumatga murojaat qilib¸ o‘zlarini vatanga qaytarish uchun charter reyslar tashkil etishni so‘rashni davom ettirmoqda.

Belarus davlatidagi 220 nafardan ko‘p uzbekistonliklarning iltimosini Sizga yetkazyapman. Ularning ahvoli kundan kunga ayanchli bo‘lib bormoqda. Telegramda yuzdan ortiq Belarusdagi vatandoshlarimiz gruppa tuzib¸ o‘zaro bir birimiz bilan gaplashib turibmiz. Gruppadagi vatandoshlarning ko‘pchilik qismining mablag‘i qolmaganligi uchun¸ gruppaga kirib o‘zi haqida ma’lumot berish imkoniyatlari ham yo‘qolib bormoqda. Natijada ularning taqdiri nima bo‘ladi¸ degan xavotirdamiz. Elchixona har doimgidek jimjit. Vatandoshlarning ahvoli va taqdiri bilan umuman qiziqayotganlari yo‘q. Mablag‘imiz qolmayapti¸ elchixona yordam fondi yo‘q¸ deyapti. Eshiklarini yopib olgan¸ 20 apreldan keyin xabar olinglar¸ deydi telefonda. Qolib ketganlarning talabi bitta charter reys qo‘yilishi, chunki uzoq qolib ketsak¸ yeb-ichishgayam pulimiz qolmaydi. Bepulga so‘ramayapmiz¸ charter reys qo‘yilsa¸ uyimizdagilar amallab pulini to‘lab beradi”.

Minskdagi O‘zbekiston elchixonasi darvozasiga osilgan yozuv.
Minskdagi O‘zbekiston elchixonasi darvozasiga osilgan yozuv.

Ozodlik Belarusda qolgani aytilayotgan 200 dan oshiq o‘zbekistonlik uchun maxsus charter reys tashkil qilish imkoni bor-yo‘qligini aniqlashtirish maqsadida¸ Minskdagi O‘zbekiston elchixonasi bilan bog‘landi.

Ayni masalada murojaat qilish uchun berilgan telefon raqamiga javob qilgan mulozim¸ bir soatdan so‘ng batafsil ma’lumot berilishini bildirdi. Ammo bir soatdan so‘ng¸ umuman kun davomida qilingan boshqa qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi.

Ayni shunday so‘rov bilan Birlashgan arab amirliklariga borib¸ qayta olmay qolgan bir guruh o‘zbekistonliklar ham 6 aprel kuni Ozodlikka murojaat qildi.

O‘zbekiston prezidentiga atalgan videomurojaatni yuborganlar Ozodlikka 10 martdan beri qayta olmayotganlari¸ O‘zbekiston elchixonasi charter reyslar bilan Dubayda ishlayotgan tadbirkorlar va o‘z "tanish-bilishlari"ni yuborganini bildirdi.

Дубайда қолган ўзбек сайëҳларининг президентга мурожаати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:29 0:00

"Biz bu yerga turist bo‘lib kelganmiz. Hamma pulimizni mehmonxona¸ yeb-ichish va dori-darmonga qariyb xarjlab bo‘ldik. Bu yerda ham karantin¸ vaziyat og‘ir. Iltimos¸ bu yerdagi 100 dan oshiq o‘zbekistonlikni olib ketishga bitta charter reys qo‘yishsin"¸ dedi videomurojaatni yuborganlardan biri.

O‘zbekiston hukumatiga yaqin mulozim¸ xitoylik mutaxassislar uchun charter reyslar qo‘yilayotgan ayni kunlarda¸ hukumat xorijda og‘ir ahvolda qolgan o‘zbekistonliklarni qaytarishni nega to‘xtatib qo‘yganiga shunday izoh berdi.

"Xitoylik mutaxassislar soni yuzlarda. Keyin ularning xarajatini kompaniyalarning o‘zi qoplaydi. Xorijda qolgan o‘zbekistonliklar soni minglarda. Gap faqat ularni olib kelishdamas¸ kelgandan keyin ikki haftalik karantinda ushlash kerak. Joy¸ mablag‘ kerak. O‘zi shundoq ham hukumat mardlik qilib¸ kelganlarning hammasini o‘z hisobidan karantinda boqyapti. Lekin buning ham chegarasi bor. Davlat qaysi biriga pul topsin. Shunga hozircha tanaffus".

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o‘z rasmiy Telegram kanali orqali xorijda qolgan o‘zbekistonliklarga¸ charter reyslarning 20 aprelga qadar butunlay to‘xtatilganini e’lon qilib kelmoqda.

O‘zbekistonga qaytish maqsadida Rossiyaning ayrim aeroportlariga kelib¸ bu yerda qolib ketgan o‘zbekistonliklar¸ vazirlik bayonotiga ko‘ra¸ reyslar tiklangunga qadar¸ davlat hisobidan hostellarga joylashtirilgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG