Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:35

Namanganda Tez yordam markazi karantinga yopildi


Respublika Shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan shahar filiali 14 apreldan boshlab, filial xodimlaridan biri kasalga chalingani ehtimoli bois, karantinga yopildi.

Bu xabarni Ozodlikka tasdiqlagan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakiliga ko‘ra¸ bundan oldin ayni sabab bilan kamida ikki poliklinika yopib qo‘yilgan.

Shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan shahar filiali vrachi Ozodlik bilan suhbatda¸ shifoxona IIV xodimlari tarafidan yopib qo‘yilganligini aytdi:

-Tez tibbiy yordam markazi xalq orasida Go‘zal deb ataladi. Shu Go‘zal shifoxonasiga 13 aprel tungi soat 1 da IIB xodimlaridan tarkib topgan naryad kirib kelib kasalxonani karantin uchun yopib muhrlashdi. IIB zobiti shu kasalxonada ishlaydigan barcha vrach¸ hamshira va xizmatchilarni qidirib topib karantinga olishni buyurdi. Tibbiyot siri bo‘lgani uchun kasalga chalinganning ismini aytmayman. Ammo bizning kasalxona xodimlaridan birida koronavirus topilgan¸ - dedi suhbatdosh.

Namangan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasinig o‘zini tanishtirmagan xodimi “Shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan shahar filiali¸ karantin cheklovi doirasida yopilganligini” aytdi. Uning aytishicha¸ Namangan shahridagi 1- va 14- oilaviy poliklinikalar ham bir muddat karantinga yopib qo‘yilib, keyin ochilgan.

Namangan shahar Markaziy poliklinikasining Ozodlik suhbatlashgan vrachi ham shifoxonaning karantin uchun yopilganini aytdi.

Uning aytishicha¸ klinikada kasal yuqtirgani ehtimoli bo‘lgan xodimlar tibbiy nazorat ostiga olingan.

- Bu to‘g‘ri tadbir. Kasalga eng yaqin turgan xodimlar vrachlardir. Vrachlarni himoya qilish uchun karantin zarurligini bilamiz. 10 kun oldin (5 aprel kuni) Namangan markaziy tug‘ruqxonasining virus uchun test topshirgan hamshirasi uy karantinida bo‘lishiga qaramasdan yashirincha navbatchilikka keldi. Bundan habar topgan IIB xodimlari tug‘ruqxonaga kelib hamshirani olib ketishdi. Tug‘ruuqxonadagi barcha xodimlar¸ hamshira va doktorlar uyiga qo‘yib yuborilib, tug‘ruqxona 4 kun yopib qo‘yildi. Hamshiraning test natijasi negativ chiqqanidan keyin tug‘ruqxonadan karantin olib tashlandi.

Bundan oldin koronavirus yuqtirgan o‘zbekistonlik ilk bemor ishlagan Toshkentdagi Nikamed Medical Center shifoxonasi 15 martdan 4 aprelgacha yopib qo‘yilgan edi.

Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, 12 aprel kuni aholiga murojaat qilib, vaziyat jiddiy ekanligi, karantin kuchaytirilgani haqida gapirgan edi.

Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, 13 aprel soat 06:00 dan boshlab Namangan shahri va Uchqo‘rg‘on tumani hududida transport va fuqarolarning harakatlanishi butunlay to‘xtatildi.​

Kasal yuqtirgan shifokorlar

Koronavirus tarqalganidan beri dunyo bo‘ylab minglab shifokorlar bu xastalikni yuqtirdi.

Qozog‘iston davlat Bosh sanitar vrachi Ayjan Esmagambetovaning matbuotga aytishicha¸ 6 aprelgacha Qozog‘iston bo‘ylab 120 nafar tibbiy xodim kasalga chalingan.

O‘zbekistonga bu kasallikni olib kelgan ilk bemor ham va bu kaslliikni ilk bemordan yuqtirib nobud bo‘lgan ilk shaxsning ham tibbiyot xodimi ekani aytildi.

12 aprelda viloyat aholisiga murojaatida koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq vaziyat haqida gapirgan Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov Andijonda koronavirus yuqtirganlarning 90 nafarga yetgani va ulardan 78 nafari tibbiyot xodimi ekanini aytgan edi.

13 aprel kuni bu xabar tafsilotlariga oydinlik kiritishga uringan kun.uz nashri¸ 78 tibbiyotchidan 56 nafarining shifokor ekanini yozdi.

Koronavirusga chalinganlar saqlanayotgan Andijondagi yuqumli kasalliklar shifoxonasining shaxsi sir qolishini so‘ragan xodimi Ozodlikka bu raqamlarni “noto‘g‘ri” deb atagan bo‘lsa ham haligacha virus yuqtirgan tibbiyot xodimlari haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.

Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov O‘zbekistonda shu kungacha 40ta tashkilotda koronavirus yuqtirish holatlari aniqlanganini 10 aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilgan, ammo bu tashkilotlar ichida kasalxonalar bor-yo‘qligiga aniqlik kiritmagan edi.

XS
SM
MD
LG