Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:37

OzodDayjest: O‘zbekiston hukumatiga karantin payti qiynalgan aholiga pul tarqatish tavsiya etildi


Tadbirkor bosh vazir o‘rinbosarini bosim o‘tkazishda aybladi. Iqtisodchi B. Hoshimov inqiroz vaziyatida qiynalib qolgan aholiga davlat tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moddiy yordam berish eng maqbul chora ekanini aytdi. Qonun loyihasi faqat rus tilida muhokamaga qo‘yilgani e’tirozga sabab bo‘ldi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

______________________________________________________________

Qashqadaryolik tadbirkor prezidentga bosh vazir o‘rinbosari ustidan arz qildi


Sulton Tex Group xususiy korxonasi rahbari Nurbek Ergashev prezidentga murojaat qilib, bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev noqonuniy talablari bajarilmagani bois uning kompaniyasini paxta-to‘qimachilik klasterlari ro‘yxatidan chiqarib yuborganini ma’lum qildi (www.gazeta.uz, 15 aprel). Tadbirkorga ko‘ra, mahalliy hokimiyat 2020 yil paxta hosili uchun ajratilayotgan kredit mablag‘i hisobidan g‘allani oziqlantirish uchun 5,8 mlrd so‘m pul ajratish bo‘yicha topshiriq bergan. Ushbu noqonuniy talab bajarilmagach, korxonaga tazyiq o‘tkazila boshladi.

Sulton Tex Group xususiy korxonasida paxta xomashyosini yetishtirishdan boshlab uni qayta ishlash orqali tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab olgan 100 mln dollarlik 15 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil dekabr oyida Qashqadaryoga tashrifi davomida ushbu korxona faoliyati bilan ham tanishgan.

Bloger Otabek Bakirov Sulton Tex Group xususiy korxonasiga nisbatan munosabatni 2003 yilda Rossiyada YuKOSning tortib olinishiga muqoyasa etgan.

Iqtisodchi: Hozirgi inqiroz davrida kompaniyalarga emas, aholiga pul tarqatish kerak


AQShning Viskonsin universiteti doktoranti, iqtisodchi Behzod Hoshimov “MFactor” loyihasida koronavirus pandemiyasi va karantin choralarining iqtisodiyotga ta’siri haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. B. Hoshimovga ko‘ra, dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan iqtisodiy inqiroz qancha muddat davom etishi hukumatlarning xatti-harakatiga bog‘liqdir. “Men ular qanday harakat qilishlarini bilmayman. Bu xuddi qarta o‘yiniga o‘xshaydi”, degan u.

Ta’kidlanishicha, inqiroz vaziyatida qiynalib qolgan aholiga davlat tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moddiy yordam berish, ya’ni naqd pul tarqatish eng maqbul choradir. Chunki davlat aholiga pul tarqatgach, odamlar, tabiiyki, pulni mahsulot va xizmatlar uchun sarflaydi. Natijada jamiyatdagi iqtisodiy zanjir qaytadan jonlanadi.

Iqtisodchi B. Hoshimov inqiroz davrida hukumat tomonidan kompaniyalarga pul berilishini xato, deb atagan. Bu, avvalo, korrupsiyaga olib keladi, qolaversa, iqtisodiy jihatdan ham samara bermaydi.

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsud Qurbonboyev ham hukumatga tang ahvolda qolgan oilalarga foizsiz ssudalar va mikroqarzlar ajratish bo‘yicha taklif bilan murojaat qilgan.

IIV qonun loyihasini faqat rus tilida muhokamaga qo‘ygani e’tiroz uyg‘otdi


Ichki ishlar vazirligi rus tilidagi “Jamoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Platforma.uz Telegram kanaliga ko‘ra, rus tilini yaxshi bilmaydigan va fikrini mazkur tilda ifodalay olmaydigan vatandoshlar muhokamada qatnasha olmayotir.

“Prezident davlat tilini rivojlantirish haqida gapiryapti, hukumatda davlat tilini rivojlantirish bo‘yicha departament tuzilgan, yaqinda O‘zbek tili bayrami kuni belgilandi... Bu yoqda esa hammasi eski hammom, eski tos! Nega shunday? Buni Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti izohlab bera olarmikan?” deya mutasaddi idorani savolga tutadi Platforma.uz kanali.

Qayd etilishicha, ko‘plab qonun hujjatlari avval rus tilida tayyorlanib, so‘ng davlat tiliga chala-chulpa tarjima qilingani bois ular tushunarsiz hamdir.

“Aksariyat qonunlarimizning ahvol-ruhiyasi shunday. Ularning oldida dunyoda juda kam odam anglay oladigan postmodern matnlar ham ip esholmay qoladi”, deb yozadi Platforma.uz kanali.

XS
SM
MD
LG