Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 06:27

“Kasalxonalar to‘lib ketdi”: COVID-19 Rossiya tibbiyot tizimini og‘ir ahvolga solib qo‘ydi


Moskvada koronavirus alomatlari bilan Tez yordamga murojaat qilganlar kasalxonaga kirish uchun soatlab navbat kutmoqda.
Moskvada koronavirus alomatlari bilan Tez yordamga murojaat qilganlar kasalxonaga kirish uchun soatlab navbat kutmoqda.

13 aprelda tez yordam mashinasi haydovchisi Dmitriy Belyakov 40 yoshlar atrofidagi ayolni koronavirus alomatlari bilan shifoxonaga olib ketish uchun Moskva yaqinidagi Jeleznodorojniy shahriga bordi.

Markaziy navbatchilik xizmati uni shahardan 90 kilometr uzoq Voskresenskdagi COVID-19 virusiga chalinganlarni davolovchi shifoxonaga yo‘naltirdi. Dmitriy aytilgan kasalxonaga borishiga¸ birvarakayiga 6 ta tez yordam mashinasi bemor olib kelib qoldi. Bu yerda ham bo‘sh joy yo‘q ekan.

− O‘sha yerda qaysi shifoxona bemorimizni qabul qilishini telefon orqali surishtirib, bir soatdan ortiq kutib qoldik, − dedi Belyakov telefon orqali bergan intervyusida. – Oxirida ular menga, o‘zing top, deb aytdi.

Nihoyat, uning bevosita boshlig‘i qo‘ng‘iroq qilib, Jeleznodorojniydagi shifoxonada joy bo‘shashini aytdi. Belyakov yana shaharga qaytdi va yarim tunda uyiga yetib bordi.

18 yildan tez yordam xizmatida ishlaydigan Belyakovning omadi bor ekan. Uning hamkasblari orasida uchta shaharga borib yoki 190 km yo‘l bosib, bemor uchun zo‘rg‘a bo‘sh joy topganlari ham bor.

Dastlab Rossiyada bir necha hafta koronavirus yuqtirganlar soni Yevropa yoki AQSh bilan solishtirganda juda kam bo‘ldi. Biroq aprel boshidan boshlab, har kuni rasman tasdiqlanayotgan ko‘rsatkichlar oshib bormoqda. Oqibatda dastlabki ko‘rsatkichlar real vaziyatni aks ettirganiga shubha paydo bo‘ldi.

Koronavirus yuqtirganlar soni 42 mingdan oshgan, o‘lim holatlari esa 361 taga yetgan hozirga kelib¸ butun mamlakatdagi tibbiyot xodimlari vaziyatni qo‘lga olishga intilmoqda. Kasallik yuqtirganlarning yarmidan ko‘pi Moskva shahrida ekani poytaxt tibbiyot tizimini maksimum imkoniyat darajasida ishlashga majbur qilmoqda.

Bir oy oldin Putin o‘z hukumati kasallikning Rossiyaga kirib kelishi oldini ola bilganini aytgan edi. Biroq oradan bir kuni o‘tib, u gap ohangini o‘zgartirib¸ (Belyakov bemorni joylashtirish uchun shifoxona qidirib yurgan kunda) Rossiyaning virusga qarshi kurashi og‘ir bo‘lishini tan olgan edi.

Putinning aytishicha, o‘sha kuni Rossiyada 2558 nafar yangi bemor qayd etilgan. 17 aprelga kelib, bir kunlik ro‘yxatga olinganlar soni 4000 kishidan oshib ketdi.

Moskva shahar tibbiyot boshqarmasi 14 aprelda kamida 20 dan ortiq shifoxona koronavirusni davolash markaziga aylantirilganini aytib¸ ikki yoki uch haftada bu makrkazlarda ham bo‘sh joy qolmasligidan ogohlantirdi.

14 aprelda Moskva shahri meri Sergey Sobyanin og‘ir kunlar hali oldinda ekani, Rossiya poytaxti epidemiya avj olishi arafasida turganini bildirgan edi.

Moskva – Rossiyaning eng boy shahri. Mamlakatning boshqa mintaqalari tibbiyot muassasalaridagi vaziyat nihoyatda og‘ir, ular ko‘p bemorni qabul qila olmaydi. Negaki, tibbiyot tizimidagi ziddiyatli islohotlar oqibatida so‘nggi yillarda Rossiyadagi kasalxonalar soni kamayib ketgan.

2017 yilda Iqtisodiy va siyosiy islohotlar markazi o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Putin prezidentlikka kirishgan 2000 yildan 2015 yilga qadar mamlakatdagi kasalxonalar soni ikki baravarga qisqargan. Oqibatda Rossiyaning aholi qashshoq yashaydigan viloyatlarida shifoxonalarning “maqbullashtirish” bahonasida yopib yuborilgani hozirgiga o‘xshash epidemiyalar vaqtida juda qimmatga tushishi mumkin.

Masalan, Boshqirdiston poytaxti Ufa shahridagi bir kasalxonaga bemorlar kelishi ko‘payib ketgach, shifokorlarga shaxsiy himoya vositalari etishmay qolgan, shifoxona rahbariyati esa ushbu muammoga befarq qaragan.

Shu paytgacha koronavirusga chalinganlar soni aynan Moskvada ko‘p bo‘lgani uchun butun tibbiyot xodimlarining e’tibori o‘sha yerga qaratilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda bemorlarni ortgan tez yordam mashinalari shifoxonalar hududidan tashqarida uzundan-uzoq navbat kutib qolayotgani suratlari tarqalib ketdi.

XS
SM
MD
LG