Линклар

Шошилинч хабар
08 июл 2020, Тошкент вақти: 04:25

Turkmanistonda oziq-ovqat taqchilligi va qimmatchilik ortidan qaroqchilik ko‘paydi


Kechqurun Ashxobod ko‘chalariga chiqish xavfli bo‘lib qoldi.

Turkmanistonda oziq-ovqat taqchilligi va qimmatchilik ortidan ko‘chalarda jinoyatchilik ko‘paydi.

Ozodlik radiosi turkman xizmatining xabar berishicha, Turkmaniston politsiyasi ko‘chalarda talonchilik va qaroqchilik avj olayotganidan tashvish bildirgan.

Ayni paytda Turkmaniston rasmiylari jinoyatchilik ko‘rsatkichi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jamoatchilikdan sir saqlab kelmoqda.

Xabarda aytilishicha, so‘nggi yillarda poytaxt Ashxobodda kechqurun ko‘chalarda yurish xavfsiz bo‘lib qolgan edi. Ammo bir haftadan beri odamlar tunda ko‘chaga chiqishga cho‘chib qolgan.

“Poytaxt ko‘chalarida asosan yolg‘iz yurgan ayollar talonchilik va qaroqchilikka duch kelmoqda. Yolg‘iz yurgan erkaklarga ham hujumlar qilingani to‘g‘risida ma’lumotlar bor”, deb xabar berdi Ozodlikning Ashxoboddagi muxbiri.

Uning aytishicha, talonchilar o‘z o‘ljalarini kafe va restoranlar oldida poylamoqda. Ayollarning tilla taqinchoqlari, sumkalarini olib qochishmoqda.

“Ayrim holatlarda erkaklarga ham hujum qilishmoqda. Kafe yoki restorandan kechqurun chiqqan shirakayf erkak asosiy o‘lja bo‘lyapti. Ularni urib yiqitishib, pullari va telefonlarini olib qochishmoqda”, dedi muxbir.

Ozodlik radiosi turkman xizmatiga ismi sir qolish sharti bilan ma’lumot bergan amaldorlardan birining aytishicha, hukumat yuzaga kelgan vaziyatdan yaxshi xabardor.Talonchilar va qaroqchilar tomonidan jarohatlanganlar politsiyaga murojaat qilmoqda. Ammo ba’zi odamlar politsiyaga murojaat qilmayapti. Bunga odamlar orasida politsiyaga bo‘lgan ishonchning yo‘qligi va politsiya ularning o‘zini ayblashidan cho‘chish sabab bo‘lmoqda.

Odatda, Turkmanistonda amnistiya e’lon qilingan paytda jinoyatchilik holatlari ko‘paygani qayd etiladi. Qamoqdan ozod etilganlarning ayrimlari ishga o‘rnasha olmay, yana jinoyatga qo‘l uradi.

Ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka ma’lumot bergan amaldorning aytishicha, so‘nggi bir necha hafta ichida jinoyatchilikning ko‘payganiga amnistiya omil bo‘lmagan. So‘nggi marta amnistiya 2019 yilning dekabrida e’lon qilingan va 528 mahkum ozod qilingan edi. Ko‘cha jinoyatchiligi esa keyingi bir hafta ichida keskin ko‘paydi.

Kuzatuvchilar jinoyatlarning keskin ko‘payishi oziq-ovqat taqchilligi va qimmatchilik hukm surayotgan bir paytga to‘g‘ri kelganiga e’tibor qaratmoqdalar.

Ozodlik radiosi so‘nggi marta 20 aprel kuni Tukrmanistonda non qimmatlagani va oziq-ovqat mahsulotlari taqchillashgani ortidan odamlar yarim kechadan boshlab magazinlar oldida navbatga turayotgani haqida yozgan edi. Ammo politsiyaning qat’iy nazorati ostida sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari navbatda turganlarning barchasiga yetmay qolmoqda.

Un yetishmovchiligi oqibatida, davlat do‘konlarida avval 2 manatdan sotilgan non ikki yarim barobarga qimmatladi va 5 manatdan sotilmoqda (1 dollar 3,5 manat). Mahalliy unning narxi esa 7 manatdan 9 manatga qimmatladi.

XS
SM
MD
LG