Линклар

Шошилинч хабар
28 октябр 2020, Тошкент вақти: 21:51

Ramatovning viloyatlarga qilgan “shohona” safari pandemiya davridagi snoslarga start berdi (VIDEO)


Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov prezident Shavkat Mirziyoyevning eng sadoqatli mulozimlaridan biri ekani aytiladi.

Samarqand viloyat, Samarqand tuman, Qo‘shtamg‘ali mahallasida yashovchi Qodir Ahadov hovlisiga 22 aprel, tong soat 10 larda 50 ka yaqin odam Milliy gvardiya askarlari hamrohligida bostirib kirdi.

Hovliga yopirilib kirganlar uyning erkak egalarini karantin paytida maska taqmaganlikda ayblab¸ ma’muriy jazo qo‘llash uchun IIBga olib ketdi.

Uy egasi olib ketilishi bilan¸ ko‘chada turgan buldozerlar hashamatli hovliga cho‘michini soldi¸ hovlida qolgan ayollar hatto uy ichidagi mebel va boshqa narsalarini olishga ham ulgurmadi.

Bozor bahosi 200 ming AQSh dollariga yaqin bo‘lgan Ahadovlar hovlisi Samarqand-Siti qurilishi uchun qurbon qilinayotgan yuzlab uylardan biridir.

Hammaga uyida o‘tirish buyurilgan karantin davrida qonunda ko‘zda tutilgan talablarga zid ravishda Ahadovlar hovlisini buzib tashlash O‘zbekiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning 19-20 aprel kunlari Samarqandga qilgan safaridan so‘ng boshlandi.

Nafaqat Samarqand¸ balki Jizzax va Urganchga ham borgan Ramatov¸ Ozodlik gaplashgan mahalliy mulozimlarga ko‘ra¸ pandemiya davridagi buzilishlar va qimmatbaho sitilar qurilishiga start berib qaytgan.

Ahadovlar hovlisidagi “qiyomat”

Samarqand tumanidagi Qo‘shtamg‘ali va unga tutash mahallalarda joylashgan 150 dan oshiq hovli 2019 yili buzilishga tushgan.

Hokimliklar qarori bilan yangi quriladigan Samarqand Sitini Samarqand shahri markazi bilan bog‘lovchi katta yo‘l shu mahalladan o‘tadigan bo‘lgan.

Koronavirus pandemiyasi boshlangunga qadar¸ hokimlik bu uylarning aksariyatini buzishga muvaffaq bo‘lgan. Lekin Ahadovlar va yana olti hovli egasi¸ uyi uchun taklif etilgan tovon puliga ko‘nmaganidan ish sudga oshirilgan.

- 12 sotixlik hovlimning 8 sotixini yo‘l uchun oladigan bo‘lishdi. Hovlimning yashaydigan 550 kv. metrlik qismi snosga tushdi. Xolis baholovchiga 10 million to‘lab¸ uyni baholatdik. 1 milliard 400 million so‘mga baholadi. Lekin hokimlik avvaliga 775 million dedi¸ keyin¸ 600 million va 6 sotix yer beramiz¸ dedi. Biz ko‘nmadik¸ ish sudga oshdi. 4 aprel kuni bizni Milliy gvardiya kelib¸ Samarqand viloyat fuqarolik ishlari bo‘yicha sudiga olib ketdi.(20 martdan 10 aprelga qadar bunday ishlarni ko‘rish Oliy sud qarori bilan to‘xtatilgan – tahr) Hech kim yo‘q binoda sud uyni buzib¸ qurilish materiallarini ham hokimlikka berish haqida qaror chiqardi. Bizga norozi bo‘lsang¸ Oliy sudga bor¸ deyishdi. Lekin karantin¸ mostni tagidan nariga o‘tolmaymiz¸ Oliy sudga telefon qilib¸ tusholmadik. Nihoyat bittasi¸ arizangizni pochta bilan yuboring¸ dedi. Yubordik. Lekin Oliy sud ishni ko‘rmay turib¸ uyimni buzib tashlashdi. Na pul berishdi¸ na yer. Karantin paytida uysiz qoldirishdi¸ deydi Ahadov.

Самарқандда Сити учун карантин даврида уйлар бузилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:51 0:00

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgandan so‘ng urfga kirgan siti qurilishlari uchun uyi buzilganlar o‘t qo‘yish¸ ko‘cha namoyishlariga chiqish orqali¸ bu jarayondagi hokimiyat bedodligiga o‘z noroziligini bildirgani ortidan¸ 2019 yil 16 noyabrda Vazirlar Mahkamasi 911-sonli qaror qabul qilgan.

Unda:​

ko‘chmas mulk ob’yektini buzib tashlash to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishga olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’yekti mulkdoriga kelishuvda, nizo mavjud bo‘lgan hollarda esa sud qarorida, belgilangan kompensatsiya to‘liq taqdim etilgandan so‘ng yo‘l qo‘yiladi, deb yozilgan.

Bu qaror qabul qilinishidan uch oycha oldin¸ 2019 yilning 2 avgustida prezident Mirziyoyev¸ aholi snoslarga qarshi norozilikka chiqqan Xorazm va Qashqadaryo viloyat hokimlariga qattiq tanbeh berib¸ jumladan:

- Qo‘lingdan kelmas ekan, nima qilasan bir odamning tuppa-tuzuk turgan uyini buzib? Sen xulosa qil, uyingni birov kelib buzsa [nima qilasan]?

Noinsoflar, men sizlarning qay biringga buzgin, deb topshiriq berdim? Men sizlarga avvalo odamlarni rozi qilib, keyin janob Zokirov degan vazir bilan o‘tirib, loyiha qilib, bosh vazirga hisobot berib, keyin qilinglar, deb topshiriq berganman, degan edi.

Ish sudda yakunlanmay turib uylarni buzish Ramatov safaridan so‘ng boshlandi

Ozodlikka mahalliy mulozimlarning bildirishicha¸ O‘zbekiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov o‘tgan hafta qator viloyatlarga qilgan safari doirasida Samarqandga ham borgan.

Bu safarlar davomida muhokama qilingan asosiy mavzu¸ yangi ko‘p qavatli uylar qurilishini boshlash uchun buzilishlarni tezlatish¸ aholiga kompensatsiya to‘lovlari muammosini hal qilish bo‘lgan.

Samarqandning Qo‘shtamg‘ali mahallasi aholisi qolgan uylarni buzishning aynan Ramatov kelib-ketishi bilan boshlanganini tasdiqlaydi.

- Adashmasam¸ 19 aprel kuni IIB¸ Milliy gvardiyachilar hamrohligida uzun kortej uyimizning oldidan o‘tib ketdi. Bizga Ramatov viloyat hokimi bilan Samarqand Siti quriladigan joyga keldi¸ deyishdi. To‘xtab¸ bizdan hol-ahvol so‘rasa kerak¸ deb umid qilgandik. Lekin buning o‘rniga¸ u qurilishni tezlating¸ qolgan uylarni buzib tashlang deb ketgan. Ikki kun o‘tib¸ uyimizni buzishga kelishdi. Hozir Samarqand Sitini quradigan ishchilar o‘zlariga vagon uy qurishni boshladi¸ deydi hovlisi karantinda buzilgan samarqandlik suhbatdoshlardan biri.

Ozodlikka Bosh vazir birinchi o‘rinbosarining viloyatlarga safari haqida xabar yuborgan mahalliy mulozimlarga ko‘ra¸ safarini vodiydan boshlab¸ so‘ngra Jizzax¸ Samarqand va Urganchda tugatgan Ramatov¸ “snos elchisi” bo‘lib borgan.

Ramatov buzish va qurishlarni hech kimni ayab o‘tirmay boshlashni buyurdi. U ketishi bilan karantinda to‘xtatilgan snoslarga qayta start berildi. Jizzaxning Navoiy mahallasida ham buzishlar qattiq ketyapti. O‘rniga katta yo‘l va ko‘p qavatli uy quriladi”¸ dedi mahalliy mulozimlardan biri.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ 22 aprel tongda Urganchdan Toshkentga qaytgan Ochilboy Ramatov¸ aholi bandligini ta’minlash va daromadi keskin kamayishining oldini olish masalalari bo‘yicha prezident o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida qatnashgan.

20 aprel kungi yig‘ilishda ayni shu mavzuda gapirgan Mirziyoyev¸ qurilishlarni “aholi bandligi va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashdagi “drayver”lardan biri” deb atadi.

Shu bois, karantin davrida qurilish hajmi kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bu sohaga qo‘shimcha 3,6 trillion so‘m mablag‘ ajratildi”¸ dedi Mirziyoyev jumladan.

Bu bayonotdan¸ Ochilboy Ramatovning pandemiya davrida buzib-qurishlarni jonlantirish maqsadida viloyatlarga qilgan safarining prezident topshirig‘i ijrosi ekani tushuniladi.

Pandemiya davridagi snoslar uchun uyushtirilgan shohona safar

Ozodlikka O‘zbekiston Bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning aksar dunyo uyidan chiqmay o‘tirgan bir paytda¸ oddiy xalqning uyini buzishni tezlatish maqsadida qilgan safari haqida xabar bergan mulozimlar¸ bu safarning hashamatidan hayratga tushganlarini alohida ta’kidladi.

Oddiy bir bog‘bonga bir million oylik berishni uddalay olmayotgan rahbarlar Ramatovning kelishiga huvillab yotgan vokzal hududiga qimmat gullarni ektirishdi. Qizig‘i ularga qaraydigan bog‘bon yo‘q¸ ular erta-indin qurib qoladi. Ramatov huvillab yotgan vokzalu yoki stansiyani obodonlashtirilganini ko‘rgani kelmagandir. O‘ztemiryo‘lyulovchi rahbarlari laganbardorlik qilgisi kelgan bo‘lsa¸ qo‘liga bir dasta gul tutqazsin edi. Kim ularga ishchi xodimlari uylarida bir oydan buyon oyliksiz, pulsiz o‘tirgan bir paytda¸ ishlamayotgan vokzallarga millionlab pullarni sarf qilishib gul ektirish vakolatini bergan? Davlatning¸ xalqning bu pullarni ishchilariga avans tariqasida bersa bo‘lmasmidi?” deydi mahalliy temiryo‘lchilardan biri.

Ozodlikka Samarqand va Urganchdan yuborilgan xabarlarda ham¸ Ochilboy Ramatov kelishiga¸ asosan¸ vokzallar hududining bo‘yab-bejalgani¸ qimmabaho gazonlar va gullar ekilgani aytiladi.

Islom Karimov o‘ziga ep ko‘rmagan hashamat

O‘zbekiston Transport vazirligiga aloqador mulozim Ozodlik bilan suhbatda Ochilboy Ramatovning pandemiya davrida viloyatlarga qilgan safari o‘z hashamat va xarajati bilan prezident safaridan qolishmaganini aytadi.

Ochilboy Ramatov viloyatlarga samolyotda ketdi. Lekin uning uchun Toshkentdan Islom Karimov uchun maxsus yig‘ilgan vagon¸ yana 7 vagon taqilgan sostavda, 20-30 tacha xizmatchisini hisoblamasa¸ bo‘m-bo‘sh yo‘lga chiqdi. Ramatov mehmonxona emas¸ ana shu maxsus vagonda dam olish va uxlashni yoqtiradi”¸ degan mulozim hozirgacha jamoatchilikdan sir tutib kelinayotgan bu vagon tasvirini chizib berdi.

Bu vagon xuddi Alisher Usmonovning samolyotidek. Ko‘z oldingizga keltiring - yigirma metrlik muhtasham saroy¸ unaqa saroy Amir Olimxondayam bo‘lmagan. Alohida yotoqxona¸ alohida vanna-jakuzzi¸ biotualet. Katta zalda televizor¸ ugolok mebellar¸ vagon ustida antenna¸ yurgandayam-turgandayam to‘siqsiz to‘lqin qabul qiladigan. Spetsvagon yurganda temir yo‘lda butun harakat to‘xtaydi¸ yo‘l faqat shuniki. Bu transport tizimi uchun qanchaga tushishini tasavvur ham qilolmaysiz. Spetsvagon shu marshrutdagi har bir stansiyadan o‘tguncha oldindagi stansiyadagi hamma manyovr ishlari to‘xtatiladi, qo‘ylar va mollar ham haydaladi, territoriya tozalanadi, xuddi Prezident kelayotgandek, farqi shuki Prezident bo‘lsa¸ SB bo‘ladi, Ramatovda SB yo‘q, bitta shu bilan farq qiladi. Alisher Usmonovku¸ o‘zining puliga olgan samolyotini¸ buchi¸ xalqning¸ davlatimizning puliga maishat qilyapti. Hozir millionlab xalq nonga muhtoj bo‘lib turganda¸ bunaqa safarni pir vo vremya chumi¸ deyishdan boshqa so‘z topolmayman”.

Qattiq qo‘riqlanadigan bu maxsus vagonni suratga olish imkoni yo‘qligini ta’kidlagan Ozodlik manbalaridan biri - transport sohasida rahbarlik lavozimida ishlagan sobiq mulozim¸ uning tarixiga ham qisqa spravka berdi.

Vagon to‘q archa rangida¸ raqami 11111. Bu vagon doim “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchivagonta’mir” zavodi territoriyasida, ustini sploshnoy chexol bilan yopib qo‘yilgan holda shu kunlargacha turdi. Bu vagonning asosiy korpusini 10 yilcha oldin Karimov uchun maxsus «O‘ztemiryo‘lmashta’mir» zavodida yig‘ishdi. Keyin “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchivagontamir» zavodida qolgan qismini¸ arab shayxlarining g‘ildirak ustidagi qasridek yasatishdi. Vagonning tagi portlashga dosh beruvchi titandan¸ oynalari o‘q o‘tmas qora shishadan¸ eshik tutqichlari¸ vanna tualetlari oltinsuvi yugurtirilgan edi. Vagon tayyor bo‘lganidan keyin¸ Ramatov uni o‘sha paytdagi Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga ko‘rsatdi. Bosh vazir Mirziyoyev¸ bu vagonning qanchaga tushganini eshitib¸ hushi boshidan uchdi. O‘sha paytdagi pul bilan ham spetsvagon bir necha milliardga tushgan. Karimov bunaqa hashamatni yomon ko‘rardi. Davlatning milliardlari ketgan bu vagon uzoq yil depoda bekitib qo‘yildi¸ Mirziyoyev prezident bo‘lganidan keyin¸ unda hukumat ishchi guruhi Mo‘ynoqqacha bordi. Bu vagonda¸ masalan¸ Bosh vazir Abdulla Aripov yurolmaydi. Pandemiya davrida Ramatov uni o‘zining mobil mehmonxonasiga aylantirib oldi.

Karimovga qurilgan maxsus vagonning Toshkentdan Urganchga bo‘m-bo‘sh borib qaytganini tasdiqlagan “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasining shaxsi sir qolishini so‘ragan yuqori lavozimli mulozimi¸ Ramatov mobil mehmonxonasining soliq to‘lovchi uchun qanchaga tushganini hisoblab berdi.

Bu shohona eshelonda kamida 30 ga yaqin xizmatchi bordi. Bular maxsus tanlangan chiroyli bortprovodnitsalar¸ vrach va hamshiralar¸ massajchi¸ oshpaz va yordamchilari. Masalan¸ Urganchda Ramatov¸ shu vagonda yeb-ichib¸ shu yerda hokimlar bilan majlis o‘tkazdi¸ shu yerda uxladi. Urganchdagi uch kunlik maishat¸ Temir yo‘llariga 10 ming dollarga tushdi. Sakkizta vagon taqilgan bu eshelonning alohida elektrovoz bilan Urganchgacha borib qaytishi¸ Temir yo‘llariga minimum 15 ming dollarga tushdi. O‘zbekistonda qashshoqlik keskin kuchaygan hozirgi sharoitda Bosh vazir o‘rinbosarining buzilish va qurilishlarning yangi to‘lqiniga start berish uchun birgina Urganchga borib kelishi¸ eng kamtar hisobda davlatga 25 ming dollarga tushdi. Germaniya¸ Shvetsiya¸ Angliyadek boy mamlakat vazirlarining velosipedda isha borib kelishini hamma biladi. Nima uchun O‘zbekistondek yarim aholisi qashshoq mamlakatda Bosh vazirning bitta o‘rinbosari safariga buncha pul sovurilyapti. Maxsus xizmatlar ham¸ prezident ham buni biladi. Lekin Ramatovga hamma narsa¸ negadir¸ mumkin”.

Ozodlik “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyatidan Ochilboy Ramatovning viloyatlarga qilgan safari¸ xususan¸ bu safarning soliq to‘lovchiga qanchaga tushgani haqidagi savollarga javob ola olmadi. AJ saytida berilgan raqamlarga kun davomida hech kim javob bermadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG