Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:30

Pul o‘rniga sochiq. Namangandagi UzTex fabrikasi ishchilariga maoshning bir qismini mahsulot bilan to‘ladi


“UzTex Group” qo‘shma korxonasining Chortoq filiali (Namangan viloyati) o‘z ishchilariga 5 kilodan tayyor mahsulot – qiymati 250 ming so‘mlik sochiq yoki boshqa trikotaj mahsulotlarini aprel oyi ish haqi hisobidan majburlab berdi.

Ishchilardan olingan bu ma’lumotni korxona vakili tasdiqladi.

Ishchi-xizmatchilarga ish haqini ular ishlab chiqargan mahsulot bilan to‘lash amaliyoti 90-yillar boshida, mamlakat iqtisodiyoti giperinflyatsiya tufayli falaj holatga tushib qolgan davrda kuzatilgan edi.

5 kilosi ish haqi, 1 kilosi bonus

“UzTex-Chortoq”da 700 ming so‘m maoshga tikuvchi bo‘lib ishlaydigan ayol 27 aprelda Ozodlikka:

“Kuni kecha fabrika rahbariyati har bir ishchi 5 kilodan mahsulot olishi kerakligini, evaziga oyligimizdan 250 ming so‘mdan ushlab qolinishi aytishdi”¸ deb xabar qildi.

Bu va korxonaning boshqa ishchilari ishdan haydalishidan qo‘rqib, ismi aytilmasligini so‘radi.

Ishchilar ish haqining bir qismi mahsulot bilan to‘lanayotgani haqida “yuqoriga arz qilishga” ham ulgurishgan. Lekin vaziyat o‘zgarmagan, biroq shikoyatdan naf ham bo‘lgan: avvalgi 5 kilo yoniga yana 1 kilolik “bonus” qo‘shilgan.

Fabrikaning yana bir ishchisining aytishicha, ishchilarga ular o‘zlari ishlab chiqargan sochiq yoki boshqa trikotaj mahsulotlari 25 aprelda tarqatilgan.

Tikuvchilar ish haqi sifatida berilgan mahsulotni olib ketmoqda.
Tikuvchilar ish haqi sifatida berilgan mahsulotni olib ketmoqda.

Ozodlik ixtiyorida ishchilardan biridan kelgan video ham bor. Videoning old planida turgan yosh ayollar (tikuvchilar ekanligi tushuniladi) ort plandagi yigitlar qora suvqog‘oz xaltalarga solingan narsalarni bir necha qatorga terayotgani aks etgan.

Video oxirrog‘ida tikuvchi ayollardan biri ikkinchisiga: “Qayerda sotasiz? Uyingizda sotasizmi?” deganini ilg‘ash mumkin.

Намангандаги UzTex фабрикаси ишчиларига маошнинг бир қисмини маҳсулот билан тўлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:15 0:00

Videoda aks etgan suvqog‘oz xaltalardan biri va uning ichidagilar suratini Ozodlik UzTex-Chortoq tikuvchilaridan so‘rab oldi.

“Ish haqi” bozor narxida berildi Yoki oddiy arifmetika

“UzTex-Chortoq” tikuvchisidan olingan suratda videodagi suvqog‘oz xaltalardan biri aks etgan.

Tikuvchilardan biriga berilgan "ish haqi".
Tikuvchilardan biriga berilgan "ish haqi".

Surat egasining aytishicha, xaltada 10 ta hammom paxmoq sochiq (70 sm X140 sm) va 16 ta paxmoq sochiqcha (30 sm X30 sm) bor.

Tikuvchilardan biriga eni 70, bo‘yi 140 santimetrli hammom sochig‘idan 10 ta berildi.
Tikuvchilardan biriga eni 70, bo‘yi 140 santimetrli hammom sochig‘idan 10 ta berildi.

Tikuvchining aytishicha, u yakshanba kuni Chortoq bozorida sochiqlarning bahosini o‘rgangan. “Mendagi katta sochiqlar 18 ming, salfetka sochiqlar 5 mingdan ekan”, dedi ayol.

Demak, agar ayol sochiqlarini bozor narxida sota olsa, 10 ta katta sochig‘ini 180 ming so‘m, 16 ta kichigini 80 ming so‘mga, jami 260 ming so‘mga yaratadi. Bir qarashda ishxona ishchilariga qayishganday: 260 ming so‘mlik tovarni 250 mingga o‘tkazyapti.

“Lekin, - dedi tikuvchi ayol, - men bozorchimasman, o‘zim bozor narxida kimga sota olaman? Bozorda o‘tirgan savdogarlarga yarim narxida o‘tkazib berishga majbur bo‘laman. O‘shandayam olishsa…”.

Korxona vakili: Eksport to‘xtab qoldi

UzTex-Chortoq rahbariyati telefonini ko‘targan, lekin o‘zini tanishtirmagan xodim ishchilar ish haqining bir qismi mahsulot bilan to‘langanini tan olar ekan, bu amalni “karantin sabablari tufayli eksport to‘xtab qolgani” bilan izohladi.

Ozodlikdagi suratlardan katta sochiq ham, kichigi ham joriy yil fevralida ishlab chiqarilganini, ya’ni bu mahsulotlar kamida ikki oydan beri omborda yotganini tushunish mumkin.

Ish haqi sifatida berilgan sochiqning yorlig‘ida u 2020 yilning feralida ishlab chiqarilgani ko‘rsatilgan.
Ish haqi sifatida berilgan sochiqning yorlig‘ida u 2020 yilning feralida ishlab chiqarilgani ko‘rsatilgan.

“UzTex-Chortoq” vakilining aytishicha, korxona rahbariyati ishchilarga muruvvat qilgan:

“Chet elda bu tovarlarning kilosi 70-80 ming so‘mdanga to‘g‘ri keladi. Biz esa, 50 mingdan tarqatdik”.

Korxona to‘xtab turibdi, lekin bunga virusning aloqasi yo‘q

“UzTex-Chortoq” vakili so‘zlariga qaraganda, koronavirus karantini cheklovlari bu korxona ishiga ta’sir qilmagan. Korxona ishi bir hafta oldin 4 maygacha to‘xtagan, lekin bu uzilish virus bilan bog‘liq emas:

“Chirchiqdagi bosh ishxonamiz bizga material yetkazib berolmayapti, shuning uchun to‘xtadik”.

Korxona ishchilaridan birining aytishicha, 4 maygacha davom etadigan ishdagi uzilish kunlari uchun ularga haq to‘lanmasligi aytilgan.

“UzTex Group” qo‘shma korxonasining Chortoq filiali foydalanishga joriy yil yanvarda topshirilgani xabar qilingan edi. Korxona vakilining Ozodlikka aytishicha, “UzTex-Chortoq” aslida 2019 ning sentabridan buyon ishlayapti, lekin ochilish marosimi yanvarda o‘tkazilgan.

Ochilish marosimi haqidagi xabarda loyiha qiymati 50 milliard so‘m bo‘lgan yirik tekstil korxonasi to‘liq quvvat bilan ishlay boshlasa, yiliga 6 million dollarlik mahsulotni eksport qilish imkoni paydo bo‘lajagi aytilgan.

Shuningdek, korxonada 800 nafar mahalliy ishchi doimiy ish bilan ta’minlanishi, ularning 650 nafari ishni endigina boshlagan yigit-qizlar ekanligi xabar qilingan.

90-yillarga qaytilyapti?

O‘tgan asrning 80-yillari oxirida SSSRda ishlab chiqarish tanazzulga yuz tutgan, 90- yillar boshida Sovet Ittifoqi tarqab ketgach, boshqa postsovet mamlakatlari qatori O‘zbekistonda ham ishlab chiqarish mutlaq falaj holatga tushib qolgan, oyoqda turib qolgan ba’zi korxonalar o‘z ishchilariga ish haqini ular o‘zlari ishlab chiqargan mahsulot bilan to‘lashga o‘tgan edi.

Koronavirusning tez sur’atlarda tarqalishining oldini olishga qaratilgan karantin choralari dunyo mamlakatlari, shu jumladan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kuchli zarba bermoqda.

Mana shunday sharoitda iqtisodiyot yana 90- yillar boshidagi ahvolga qaytib qolmaydi? OzodNazar eshittirishining bu savoliga iqtisodchi olim, O‘zbekiston hukumatining sobiq mulozimi, Ostonadagi Yevroosiyo universiteti dotsenti Saparboy Jubayev 16 aprelda bunday javob bergan edi:

- Yo‘q. Qaytmaymiz. Koronavirus tufayli O‘zbekiston iqtisodiyotida bu yil o‘sish bo‘lmaydi. Aksincha 1-2 % ortga ketadi. Lekin bu qo‘rqinchli emas. To‘g‘ri, avvalgiday 5 %lik o‘sish yo‘q. Biroq karantindan chiqib olsak, yana olg‘a ketib qolamiz.

“UzTex-Chortoq” korxonasida yuzaga kelgan vaziyat iqtisodiyotchi olim bundan 10 kun muqaddam biroz optimistlik qilmaganmi, degan shubhani paydo qildi.

XS
SM
MD
LG